1

KEFALOGEMATOMA?! VAHIMA QILMANG!

SUG'DIYONA 23.10.2017, 17:20
Teglar: Sog` bo`ling
KEFALOGEMATOMA?! VAHIMA QILMANG!

«Uch oy avval farzanli bo`ldim. Homiladorlik davri qiyinchiliklarsiz o`tgan bo`lsa-da, tug`ruq jarayoni og`ir kechdi. O`g`lim o`qiga o`ralib qolgan ekan. Yaqinda tekshiruvdan o`tgandik, kichkintoymning boshida o`sma borligi aniqlandi. Avvaliga shifokorlar kista deyishdi, keyin gematoma ekanligi ma`lum bo`ldi. Bunday tashxislarni eshitib qo`rqib ketdik. Axir go`dakda qanday qilib gematoma bo`lishi mumkin? Bu bolamning hayotiga xavf solmaydimi? Iltimos shu xastalik haqida to`liqroq ma`lumot bersangiz.

Matluba, Qashqadaryo viloyati.

Mutaxassis — tibbiyot fanlari doktori, professor Yoqutxon MAJIDOVA.

Bu qanday xastalik?

Gematoma — tananing ma`lum qismida ichki qon ketishi natijasida qon to`planib qolishidir. Inson bosh suyagi yumshoq biriktiruvchi to`qima bilan qoplangan, u tibbiyotda suyak pardasi deyiladi. Suyak pardasi qon bilan yaxshi ta`minlanadi. Tug`ruqning juda tez yoki sekin kechishi go`dakning boshidagi mayda qon tomirlarning yorilishiga va bosh suyagining ustki qismida qon to`planib qolishiga olib kelishi mumkin. Bu tibbiyotda kefalogematoma deb nomlanadi.

Kefalogematoma — bosh suyagi pardasi va boshning yassi suyagi orasida qon to`planib qolishidir. Xastalikning 3 bosqichi mavjud bo`lib, davo choralari aynan shu bosqichlarga ko`ra belgilanadi.

1-bosqichda shishning diametri 4 sm. dan kichik bo`ladi;

2-bosqichda 4–8 sm. atrofida;

3-bosqichda esa 8 sm. dan katta bo`ladi.

Belgilari-chi?

Kefalogematoma asosan bola bosh suyagining tepa qismida yuzaga keladi. Kamdan kam hollarda esa ensa yoki peshanaga yaqin joylashishi mumkin. Odatda kefalogematoma go`dak hayotining dastlabki 2-3-kunlarida aniqlanadi. Avvaliga terining rangi, ko`rinishi o`zgarmasligi mumkin, biroq juda mayda qontalashlar namoyon bo`la boshlaydi.

Sababi nimada?

  • Homilaning haddan tashqari kattaligi yoki ona tos suyaklarining kichikligi. Ya`ni tug`ruq jarayonida bolaning boshi onaning tos suyaklari orasida siqilib qolganligi tufayli tomirlar yorilib, asta sekinlik bilan qon to`plana boshlaydi;
  • Tug`ruq jarayonida vakuum yoki akusherlik shprislaridan foydalanilgani;
  • Gipoksiya. Bola o`z o`qiga o`ralib qolsa yoki tug`ruq jarayonida og`iz bo`shlig`iga suyuqlik to`planib qolsa;
  • Homilaning noto`g`ri kelishi ham kefalogematomaga sabab bo`lishi mumkin.

Aniqlash usullari

Odatda gematomani anilash qiyinchilik tug`dirmaydi. Shifokor onadan tug`ruqning qanday kechganligini surishtiradi, bolaning bosh suyagi ko`zdan kechiriladi. Kefalogematomaning joylashishi va bola bosh suyagida nuqson yo`qligini aniqlash uchun ultratovush tekshiruvi tayinlanadi. Ba`zi hollarda magnit rezonans tomografiya tekshiruvi ham buyurilishi mumkin.

Qanday parvarishlanadi?

Kefalogematomaga chalingan kichkintoyni olti oygacha chayqatish, tebratish, silkitish mumkin emas. Kichkintoy uchun imkon qadar tinch muhit yaratishga harakat qilish, hotirjamligini ta`minlash lozim. Zarurat tug`ilganida shifokor dori-darmon vositalari va turli vitaminlarni tayInlashi mumkin. Xususan qon ivuvchanligini yaxshilash maqsadida K vitaminini tavsiya qiladi.

So`rilib ketadimi?

Avvaliga kefalogematoma aniqlangan go`daklar shifokor nazorati ostida kuzatiladi. 80 foiz hollarda gematoma 10-14 kundan so`ng o`z-o`zidan so`rilib ketishi aniqlangan. To`plangan qon miqdori oz bo`lsa, maxsus davo choralarini ko`rish shart emas. Biroq, albatta, shifokor nazorati ostida shishining holati kuzatib boriladi.

Agar gematomaning diametri 8 sm.dan katta bo`lsa, shifokor tomonidan punksiya usuliga murojaat etish tavsiya qilinishi mumkin. Ya`ni gematomaning devori maxsus igna yordamida teshilib, ichidagi qon so`rib olinadi va qattiq qilib bog`lab qo`yiladi. Amaliyotga bola 10 kunlik bo`lganidan keyin murojaat etish lozim. Punksiya amaliyotidan so`ng go`dak pediatR va bolalar xirurgi nazorati ostida bo`lishi darkor.

Jarrohlik amaliyoti qachon o`tkaziladi?

Agar gematoma uzoq vaqt davomida so`rilib ketmasa, suyak pardasida qotish jarayonlari boshlanadi. Ossifikasiya (qotish) natijasida bosh suyagining shakli o`zgarishi mumkin. Bunday hollarda shifokorlar jarrohlik amaliyotini o`tkazishni tavsiya etadilar.

Shuningdek kefalogematomaning yiringlashi ham jarrohga murojaat qilishga etarli asos hisoblanadi. O`tkazilgan operasiyadan so`ng bolaning salomatligi bir yil davomida mutaxassilar tomonidan kuzatib boriladi.

Asoratlaridan ehtiyot bo`ling

  • Kefalogematoma paydo bo`lganda ko`p qon yo`qotilishi natijasida anemiya, qonda gemoglobin miqdorining kamayishi yuzaga kelishi mumkin.
  • Agar gematomaning dimetri katta bo`lsa, ichidagi qon atrofdagi to`qimalarga singib, tanaga bilirubin moddasini tarqatadi. Natijada kichkintoyda sariqlik yuzaga keladi. Biroq bu sariqlik go`daklarda uchraydigan fiziologik (10 kun ichida o`tib ketuvchi) sariqlikdan farqli ravishda uzoqroq davom etishi mumkin.
  • Gematomaning yiringlashi. Qontalash hudud virus va infeksiyalarning rivojlanishi uchun qulay muhit hisoblanadi. Agar kefalogematomaga infeksiya tushsa gazak ola boshlaydi. Bunda terining yuzasi qizarib, harorat ko`ratariladi.
  • Ossifikasiya (gematomaning qotishi). O`z vaqtida aniqlanib davo choralari ko`rilmaganda kefanogematoma qotib, jarrohlik aralashuviga olib keladi.

Oldini olish uchun

Homilador ayol sog`lom turmush tarziga rioya etishi, virusli resperator xastaliklardan o`zini asrashi, shifokor nazoratisiz dori vositalarini qabul qilmasligi, ayniqsa qon quyilishiga olib keluvchi preparatlarni qabul qilishda ehtiyot bo`lishi, gipoksiya yuzaga kelishining oldini olish choralarini ko`rishi, shifokor tayinlagan vitamin va minerallar kompleksini o`z vaqtida qabul qilib borishi lozim. Shunda bolada kefalogematoma yuzaga kelish xavfi kamayadi.

Xastalik o`z vaqtida aniqlangan va shifokor tavsiyasiga ko`ra davo choralari ko`rilgan taqdirda butunlay davolanadi. Shuning uchun bunday hollarda ortiqcha hayajon va sarosimaga berilish kerak emas. Muhimi, kichkintoyning salomatligiga bee`tibor bo`lmaslik.

MAFTUNA tayyorladi.

Manba: «Sug'diyona» gazetasi


Sharhlar

BO`ShAShGAN, QONAYoTGAN VA YaLLIЈLANGAN MILKNI DAVOLAYMIZ!

21.12.2017, 18:31

Ko`pchilik tish yuvayotgan paytda milklarining qonashiga uncha ahamiyat bermaydi. Vaholanki, aynan shu holatdan keyin og`zidan hid kelishidan tortib tish bo`shab qolishi va tushishigacha bo`lgan asoratlar...
APELSIN. ShARBATI HAM, ETI HAM, PO`STLOG`I HAM ShIFOBAXSh XUSUSIYaTGA EGA

21.12.2017, 18:18

Plyuslari: Sharbati hazm qilish jarayonini yaxshilaydi, teri jarohatlanganda qon ketishini to`xtatishda yordam beradi, yaralarni zararli mikroblardan tozalaydi.Agar har kuni och qoringa bir juft apelsin esangiz...
MANDARIN — YaNGI YIL MEVASI!

21.12.2017, 18:18

Plyuslari: Tana harorati ko`tarilganda mandarin sharbati chanqoqni bosishda yordam beradi; Mikrob va viruslarga qarshi ta`sir kuchiga ega. Demak, o`tkir respirator kasalliklar va grippning oldini olishda...
BAYRAM DASTURXONI VA SALOMATLIK

21.12.2017, 18:15

Har bir kasallikka xos mumkin bo`lmagan holatlar bor. Bayram dasturxonini bezatishda yoki noz-ne`matlardan bahramand bo`lishda ularni inobatga olishga to`g`ri keladi. U yoki bu kasallikda qaysi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1