AsosiySUG'DIYONA
2988

«PREPARAT MIQDORINI KAMAYTIRISh MUMKINMI?»

'«PREPARAT MIQDORINI KAMAYTIRISh MUMKINMI?»'ning rasmi

23 yoshdaman. Asli toshkentlikman, lekin ayni damda Chexiya davlatida tahsil olayapman. Bir necha oy avval shifokorlar menga qalqonsimon bez faoliyati bilan bog`liq gormonlarning me`yoridan ortib ketishi tashxisini qo`yishdi. Chexiyaga ketishim kerak bo`lgani bois shifoxonada to`liq davolanolmadim. Davolovchi shifokorim menga Merkazolil preparatini buyurgandi. Ketish oldidan gormonlar tahlili tekshirilib, shifokor tomonidan preparat miqdori kamaytirildi. Shifokor ko`rsatmasiga ko`ra bu oyda ham gormonlarni tekshirish uchun tahlil topshirgandim. Lekin natijalarni taqqoslash uchun davolovchi shifokorim bilan bog`lana olmayapman. Preparat miqdorini kamaytirishim mumkinmi?

Gulshan, Chexiyadan

Natalya Ni, oliy toifali shifokor-endokrinolog: — Bu kasallikda gormonlar ko`p ishlab chiqilgani bois tireostatik preparatlar buyuriladi. Dori miqdori gormonlar statusiga ko`ra kamaytirilishi mumkin. Bu holatda bemorning umumiy ahvoli yoki boshqa shikoyatlari emas, aynan gormonlar darajasi tekshirilishi kerak. Muolaja davomiyligini nazorat qilish uchun T3, T4 gormonlarining erkin fraksiyalarini tekshirtirib, so`ng dori miqdori belgilanadi. Muolaja ta`siri samarali bo`lishi uchun 1,5-2 yil davomida muntazam tartibda olib borilsa, maqsadga muvofiq bo`ladi. Kasallikni qat`iy nazorat qilish uchun albatta shifokor nazorati kerak. Agar o`z bilganingizcha dori miqdorini kamaytirsangiz, noxush asoratlarga olib kelishi mumkin. Kasallikka noto`g`ri yondashilsa, qaytalanish xavfi bo`lib, asoratlari esa ayollarning reproduktiv salomatligiga ta`sir etmay qolmaydi. Eng ma`quli ta`tilga chiqqach, uyingizga qaytib, davolovchi shifokoringizga uchrang.

Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar