AsosiySUG'DIYONA

«SEVGAN QIZIMNI KO`RIB QOLDIM»

'«SEVGAN QIZIMNI KO`RIB QOLDIM»'ning rasmi

Asqar, 29 yosh, Sirdaryo viloyati:

Institutni bitirib, poytaxtda qoldim. Yaxshi ishga joylashdim. Ishxonada birga ishlaydigan bir qizni yoqtirib qoldim. U avval turmushga chiqib, eri bilan uch oy birga yashab, ajrashgan ekan. Onam yo meni deysan, yo o`sha qizni deganida chorasiz ahvolda qoldim. Tez orada tumanimizdan birovning uyiga sovchilikka borib, men ko`rmagan, bilmagan qizga unashtirishdi. Turmush qurganimizga uch yil bo`ldi, poytaxtdagi ishimdan bo`shab, yoqtirgan qizim bilan ham aloqalarimni uzganman. Viloyatimizdan ish topib, shu erda ishlayapman. Ayolim chiroyli, esli-hushli. Pazandaligi onamni juda xursand qiladi. Kelinlarini doim maqtab o`tiradilar. Xotinim o`g`il tug`ib berganidan keyin ko`nglim iligandek bo`ldi. Lekin yaqinda ishxonamdan Toshkentga safarga bordim. Ish yuzasidan bir tashkilotga borganimda, o`zim yoqtirgan qizni ko`rib qoldim. Biroz gaplashib turdik, suhbat davomida uning hali ham turmushga chiqmaganini, mendan umidini uzmaganini bildim. Poytaxtda ishim bo`lmasa-da, shu qizni deb yana uch kun ushlanib qoldim. Bu voqea xayolimni, to`yg`ularimni ostin-ustun qilib yubordi. Maslahatga muhtojman...

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Mahmud ISMOILOV maslahat beradi: — Erkak kishi ayolini nikohiga olar ekan, uning kelajakdagi hayoti, taqdiri uchun mas`uliyatni o`z bo`yniga oladi. Ana shu mas`uliyatni unutib qo`yibsiz. Ayolingiz sizga o`zini bag`ishlab, oilangizning xizmatini qilib yuribdi, sizni “Ota” degan sharafli nom bilan siylabdi, eng keraklisi, ota-onangizning ko`ngillaridan joy olibdi. Siz-chi? Shularning evaziga uni tashlab ketmoqchimisiz? Xayolingizni, fikrlaringizni tartibga keltiring. O`tkinchi havasga berilmang. His-tuyg`ularingizni deb, farzandingizni etim, ota-onangizni norozi, ayolingizni bebaxt qilmang. Maslahatim, oilangizga sodiq bo`ling.

  • Manba: «SUGDIYONA» gazetasi.

    Boshqa yangiliklar