- Kanstovarlar do`konidan bir qancha fayl, karton papka hamda suv o`tkazmaydigan plastik g`ilofli papkalar xarid qiling.
- Yotoqxona yoki uydagi ish uchun mo`ljallangan xonangizdagi javonning bitta tortmasini aynan hujjatlar saqlash uchun mo`ljallang. Imkon qadar u kalit bilan qulflanadigan bo`lsin. Tortmada hujjat solingan papkalardan tashqari bitta qalam, ruchka, kalkulyator, skotch, o`chirg`ich, skrepka, stepler, elim bo`lgani ma`qul.
- Uy oldi-sotdisi bilan bog`liq barcha hujjatlar, ishonchnoma, uy xo`jalik daftari kabi hujjatlarni suv o`tkazmaydigan papkada saqlang.
- Kafolatli tovarlarning cheki va kvitansiyasini kamida 12 oy saqlash zarur. Agar kafolat muddati bir yildan ko`proq bo`lsa, saqlash muddati ham shunga qarab uzayadi. Advokat, shifokor, pedagog kabi mutaxassislarning xizmat haqqi to`langani haqidagi cheklarni esa 3 yil saqlash zarur.
- Barcha kommunal xizmatlar (elektr energiya, tabiiy gaz, suv, telefon, internet, kabel TVsi) ning to`lovlari amalga oshirilganligi haqidagi chek va kvitansiyalarni aslo tashlab yubormang. har bir kommunal xizmat uchun alohida fayl tutgan ma`qul.
- Qon guruhi, dori vositalariga nisbatan allergiya, surunkali kasalliklar haqidagi ma`lumotnoma har ehtimolga qarshi doim yoningizda bo`lsin, ularni pullaringiz turadigan hamyon yoki haydovchilik guvohnomasi bilan birga saqlang.
- Pasport, tug`ilganlik haqidagi guvohnoma, nikoh tuzilgani haqidagi guvohnoma, haydovchilik guvohnomasi , avtomobil texnik pasporti, diplom, shahodatnoma kabi hujjatlarni bir nechta nusxasi uyingizda tayyor tursin. Ularning aslini hech qachon mashinangizda saqlamang.
- Hujjatlarni turlarga ajratib qo`ygan ma`qul. Masalan, salomatlik, ta`lim va ish kabi papkalar hujjatlarni saqlash va kerak bo`lganda qidirib topish uchun qulay.
- Hujjat uchun taqdim etiladigan 3X4 shaklidagi suratlar uchun ham alohida konvert tayyor tursin. Bu suratlarni bir yil mobaynida ishlatishingiz mumkin bo`ladi. Shu bois tayinli joyda saqlashni tavsiya etamiz.
27.11.2017 15:09
HUJJATLARNI TARTIB BILAN SAQLANG!
