1

VARIKOZ. OYoQLARGA QANDAY YoRDAM BERISh MUMKIN?

SUG'DIYONA 01.12.2017, 19:58
Teglar: Sog` bo`ling
VARIKOZ. OYoQLARGA QANDAY YoRDAM BERISh MUMKIN?

Venalar — bizning zahmatkashlarimiz. Chunki ular organizmimizdagi qon aylanishini ta`minlab beradi. Ba`zida venalar o`z «ishi»ni etarli darajada uddalay olmay qoladi va qon harakati susayadi. Natijada venalar kengayib, tugunchalar va ilonsimon naqshlar oyoqlarni «bezaydi». Oyoqlardagi bu manzara tibbiyotda venalarning varikoz kengayishi — varikoz kasalligi deb nom olgan.

Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-klinikasi xirurgiya bo`limining oliy toifali shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi O`rinboy Ravshanovich ABDULLAEV ma`lumot beradi:

Varikoz kasalligi venalar devori va klapan apparatidagi patologik o`zgarishlar natijasida oyoq venalarining turg`un, qaytmas kengayishi va uzayishi bilan xarakterlanadi. Odatda, varikoz kasalligiga shunchaki oyoqlardagi kosmetik nuqson, deb qaraladi. Aslida esa unday emas. Varikoz boshqa a`zo va tizimlarimizni ham zararlashi mumkin bo`lgan kasallik bo`lib, uning morfologik substrati aynan oyoqlarda aks etadi. Ko`pincha ish faoliyati uzoq vaqt tik turish (vertikal holat) bilan bog`liq bo`lgan kasb egalari varikoz bilan og`riydi. Qishloq aholisining 15-18, shaharliklarning esa20-25 foizida uchraydi.

Varikoz kasalligining klinik jihatdan quyidagi darajalari kuzatiladi:

Darajasi

Asosiy belgilari

0

Yo`q

1

«Og`ir oyoqlar» sindromi, oyoqlarning vaqtinchalik shishishi

2

Oyoqlardagi turg`un shishlar, oyoq terisining gipo yoki giperpigmentasiyasi, lipodermatoskleroz, ekzema

3

Venoz trofik yara (ochiq yoki yopiq)

Qanday aniqlash mumkin?

Kasallik diagnostikasi o`ziga xos klinikmanzarasi (maxsus sinamalar) va ultratovush angioskanerlash yordamida amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichlarida vena qon tomirlarining biroz kengayishi (simmetrik bo`lishi ham mumkin), paypaslaganda yumshoq bo`lishi, osongina puchchayishi va ular ustidagi terining o`zgarmasligi kuzatiladi. Bularning barchasi salomatligingizga jiddiy e`tibor berish va venalar ahvolini bilish uchun mutaxassisga murojaat qilishga undovchi asosiy belgilar hisoblanadi. Demak, kasallikning dastlabki belgilari:

  • oyoqlardagi og`irlik sezgisi;
  • kechqurunga borib oyoqlardashish paydo bo`lishi;
  • oyoqlarning tez toliqishi;
  • oyoqlarda (asosan, boldir sohasida) venoz tugunchalar paydo bo`lishi;
  • vertikal holatda — tik turganda venalarning bo`rtib chiqishi;
  • teri qichishishi va ekzemasimon dermatit rivojlanishi;

Kasallik avj olganda esa boldir sohasida trofik yaralar paydo bo`lishi mumkin.

Avj olishida qanday omillar etakchilik qiladi?

Varikoz erkaklarga nisbatan ayollarda 6 marta ko`proq kuzatiladi. Ya`ni, aksariyat hollarda kasallikdan ayollar aziyat chekishadi. Bu vaziyatda etakchilik qiluvchi omil homiladorlik hisoblanadi. Estrogenlar, progesteron va ularning analoglari venoz qon tomir devoridagi kollagan va elastik tolalarni zararlashi hisobiga tomirlar tonusini pasaytirishi ilmiy jihatdan isbotlangan. Bundan tashqari, homiladorlik davrida umumiy aylanib yuruvchi qon hajmining ortishi, kattalashgan bachadonning yirik venalarga bosim berishi va bu davrda qorin ichi bosimining ortishi ham kasallikning rivojlanishiga turtki bo`ladi.

Shuningdek, baland poshnali poyafzal kiyish ham kasallik xavfini keltirib chiqaradi. Shifokorlar poshnasi 5 sm.dan yuqori bo`lgan oyoq kiyim kiymaslikni tavsiya etishadi. Baland poshnada oyoq panjasi va boldir muayyan holatda o`rnashadi. Oyoqlar venasi uchun asosiy «nasos» esa boldir mushaklari va muhimligi jihatdan ikkinchi «nasos» oyoq panjasi hisoblanadi. Baland poshnali poyafzalda oyoq panjasi faol ishlamaydi, boldir ham muayyan holatda bo`lgani uchun uning mushaklari ham faol ishlamaydi. Bularning barchasi varikoz kengayishga turtki bo`luvchi oyoq venalarida qon harakatining sustligiga olib keladi. Shuning uchun ayollar ko`pincha baland poshnali poyafzal kiygach, oyoqlarida og`irlik va shish borligidan shikoyat qilishadi.

Gavdaning statik holatiga va jismoniy zo`riqishga e`tibor qaratish juda muxim. Bunda inobatga olish kerakki, uzoq vaqt tik turish yoki semizlik varikoz rivojlanishiga olib keluvchi omillardan hisoblanadi.

Ba`zi kasb egalari (xirurg, sotuvchi, sartarosh kabilar) boshqa kasbdagilarga nisbatan bu kasallik bilan ko`proq og`rishadi.

Jinsi

Vertikal holatda ishlovchilar

Uzok vaqt statik zo`riqishi bo`lmaganlar

Erkaklar

20,1 foiz

8,3 foiz

Ayollar

63,1 foiz

37,7 foiz

Varikozning sababiga genetik moyillik (ko`pincha ota-onasi ham shu kasallik bilan og`rigan insonlarda uchraydi) va irqiy mansublik (mongoloid vanegroid irqlarda kam uchraydi) ham ta`sir qiladi.

Sport bilan shug`ullanish mumkinmi?

Shubhasiz, sport salomatlik uchun ijobiy rol o`ynaydi. Lekin sport turlari kengaygan, varikoz o`zgargan venalardan xalos qilmaydi. Ammo mushaklarning faol ishlashi evaziga varikoz kasalligi avj olishining oldini oladi.

Shunisi ham borki, agar kasallikka moyillik bo`lsa, murakkab mashg`ulotlardan saqlangan ma`qul. Masalan, onasida varikoz bo`lgan qizlar aynan qaysi sport turi bilan shug`ullanishiga jiddiy e`tibor qaratish kerak. Bu vaziyatda velotrenajyor, yugurish yo`lakchasi va suzishni tanlagan ma`qul. Jismoniy jihatdan zo`riqmaslikka harakat qilish lozim.

Varikozga chalinmaslik uchun nima kilish kerak?

O`z bilganingizcha davolashga kirishmang. Ilk belgilari paydo bo`lganidanoq shifokor-flebolog qabuliga shoshiling va tashxisni aniqlash uchun tekshiruvlardan o`ting. Chunki yuqoridagi shikoyatlarning turli sabablari mavjud bo`lib, ular posttromboflebitik kasallik, travmatik va tug`ma arterio-venoz oqmalar, Klippel-Trenon sindromida ham uchrashi mumkin. Venalar borasida biror muammo (shish, og`riq, bo`rtib chiqqan venalar) bo`lsa, shifokorga murojaat qilishni tavsiya etaman. Shifokor venalarning holatini baholab, davo muolajalarini belgilaydi.

Kasallik avj olishining oldini olish uchun quyidagilarni tavsiya etish mumkin:

  • avvalo hayot tarzingizni o`zgartiring: ko`pincha o`tirib ishlashingizga to`g`ri kelsa, vaqti-vaqti bilan 10-15 daqiqalik tanaffus qilib, biroz yurish, engil mashqlar bajarishni odat qiling. Agar turish, yurishning iloji bo`lmasa, o`tirgan joyingizda oyoqlaringiz panjasini faollik bilan harakatlantirib turing;
  • surunkali ravishda jismoniy zo`riqishdan va uzoq vaqt tik oyoqda turib qolishdan saqlaning;
  • suzish yoki engil yugurish bilan shug`ullaning;
  • baland poshnali oyoq kiyimlardan voz keching.;
  • varikozga qarshi maxsus chulkilardan xarid qiling;
  • kechqurunlari tuzli vanna qiling, oyoqlaringizni engil uqalang.

Kasallik endi boshlanayotgan bo`lsa-chi?

Bunday bemorlar sog`lom turmush tarziga rioya qilishlari zarur. Faol hayot tarzi — badantarbiya bilan shug`ullanish,jismoniy zo`riqish va uzoq vaqt tik oyoqda turib qolishdan saqlanish, sport bilan shug`ullanish, maxsus elastik chulkilar kiyish yoki oyoqlarga elastik bint taqish lozim.

Qanday vaziyatlarda operasiya qilish shart?

Bu kasallikning davolash tamoyillari — elastik kompressiya, medikamentoz terapiya, skleroterapiya va operativ davodan iborat. Kasallik dastlabki bosqichlarida konservativ davolanadi. Konservativ davo choralariga muntazam rioya qilinsa, bu kasallikni shu bosqichida to`xtatishga yordam berishi mumkin, xolos. Varikoz va uning rivojlanishi mumkin bo`lgan asoratlaridan uzil-kesil qutulish uchun esa hozircha faqat qon tomir xirurgi aralashuviga to`g`ri kelmoqda.

Kasallik boshlanganidanoq shifokorga murojaat qilish juda muhim. Bu bilan davolashni operasiyasiz amalga oshirib, oyoqlaringizning nafaqat salomatligi, balki go`zalligini ham saqlagan bo`lasiz.

Nilufar VAHOBOVA suhbatlashdi

Manba: “SUGDIYONA gazetasi

Sharhlar

BO`ShAShGAN, QONAYoTGAN VA YaLLIЈLANGAN MILKNI DAVOLAYMIZ!

21.12.2017, 18:31

Ko`pchilik tish yuvayotgan paytda milklarining qonashiga uncha ahamiyat bermaydi. Vaholanki, aynan shu holatdan keyin og`zidan hid kelishidan tortib tish bo`shab qolishi va tushishigacha bo`lgan asoratlar...
APELSIN. ShARBATI HAM, ETI HAM, PO`STLOG`I HAM ShIFOBAXSh XUSUSIYaTGA EGA

21.12.2017, 18:18

Plyuslari: Sharbati hazm qilish jarayonini yaxshilaydi, teri jarohatlanganda qon ketishini to`xtatishda yordam beradi, yaralarni zararli mikroblardan tozalaydi.Agar har kuni och qoringa bir juft apelsin esangiz...
MANDARIN — YaNGI YIL MEVASI!

21.12.2017, 18:18

Plyuslari: Tana harorati ko`tarilganda mandarin sharbati chanqoqni bosishda yordam beradi; Mikrob va viruslarga qarshi ta`sir kuchiga ega. Demak, o`tkir respirator kasalliklar va grippning oldini olishda...
BAYRAM DASTURXONI VA SALOMATLIK

21.12.2017, 18:15

Har bir kasallikka xos mumkin bo`lmagan holatlar bor. Bayram dasturxonini bezatishda yoki noz-ne`matlardan bahramand bo`lishda ularni inobatga olishga to`g`ri keladi. U yoki bu kasallikda qaysi...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1