ShAVKAT MIRZIYoEV POYTAXTIMIZDAGI «AKFA MEDLINE» TIBBIYoT MARKAZIDA BO`LDI

Siyosat 02.12.2017, 20:48
ShAVKAT MIRZIYoEV POYTAXTIMIZDAGI «AKFA MEDLINE» TIBBIYoT MARKAZIDA BO`LDI

Shavkat Mirziyoev poytaxtimizdagi «Akfa Medline» tibbiyot markazida bo`ldi Prezidentimizning "Sog`liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi qarori xususiy tibbiyot muassasalari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan «Akfa Medline» tibbiyot markazi shunday maskanlardan biri.

Mazkur tibbiyot markazi loyihasi joriy yil 21 aprel kuni taqdim qilingan bo`lib, davlatimiz rahbari uni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, bu erda yuqori malakali mutaxassislar ishlashini tashkil qilish bo`yicha topshiriqlar bergan edi. O`tgan vaqt mobaynida qurib foydalanishga topshirilgan tibbiyot markazining umumiy maydoni 2 gektar bo`lib, 5 blokdan iborat. 12 qavatli zamonaviy bino 160 o`rinli stasionarga ega.

Xususiy tibbiyotni rivojlantirishga faqat poytaxtda emas, mamlakatimizning eng olis hududlarida ham katta e`tibor qaratishimiz zarur, dedi Shavkat Mirziyoev. Bu erda xususiy tibbiyot mutaxassislari o`quvini yo`lga qo`yishimiz kerak. Mazkur tibbiyot markazi xususiy sektorni rivojlantirish bo`yicha asosiy baza bo`ladi. Koreya Respublikasi tajribasi asosida kadrlar tayyorlash tizimini yo`lga qo`yish kerak.

Toshkent aviasiya ishlab chiqarish birlashmasi sobiq profilaktoriysi o`rnida tashkil etilgan mazkur tibbiyot markazi eng so`nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. Ko`p tarmoqli markazda yuqori malakali mutaxassislar faoliyat yuritmoqda.

400 dan ortiq ish o`rni yaratilib, chet davlatlardagi etakchi tibbiyot markazlarida faoliyat yuritayotgan o`zbekistonlik mutaxassislar ham jalb qilingan. Markazda ultratovush diagnostikasi, terapiya, ginekologiya, gastroenterologiya, dietologiya, fizioterapiya, otorinolaringologiya, urologiya, pediatriya, kardiologiya, oftalmologiya, nevrologiya, endoskopiya, ortopediya, xirurgiya, neyroxirurgiya kabi yo`nalishlarda xizmat ko`rsatilmoqda.

Xususiy tibbiyot markazlari qancha ko`p bo`lsa sohada raqobat bo`ladi, raqobat bor joyda xizmat sifat yuqori bo`lib, narx arzonlashadi. Bu eng muhim jihatdir, dedi Prezidentimiz. Odamlar tibbiyot maskaniga uning chiroyli binosiga qarab emas, mutaxassislarning yuqori malakasi bo`yicha baho beradi. Bu markazda malaka oshirgan mutaxassislar viloyatlarga borib aholi salomatligini mustahkamlash yo`lida samarali mehnat qilishi zarur.

Davlatimiz rahbari mamlakatimizda Janubiy Koreya tibbiyot instituti filialini tashkil etish bo`yicha topshiriq berdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1