1

JANJALSIZ OILA BORMI?

SUG'DIYONA 09.12.2017, 20:12
Teglar: Psixologiya
JANJALSIZ OILA BORMI?

Oilaviy hayot shunday jang maydoniki, unda odatdagidek oxirgi mushtni tushirgan, so`nggi gapni aytgan odam g`olib bo`lmaydi. Aksincha, bitta gapdan qolib, «Siz haqsiz, men mag`lubman», deb turib, tinchlik paytida shartlarini aytgan tomongina vaziyatni boshqara oladi. Ishonmaysizmi, unda «Munosabatlar ko`zgusi»ga yuzini tutib turgan janjalkash er-xotinlar hikoyasini diqqat bilan o`qib chiqing.

«Unga hech narsa yoqmaydi!»

Nodir, 27 yosh: — Sevishib emas, sinashib turmush qurish kerak ekan. To`yimizga uch yil bo`ldi, ammo biror tinch o`tgan kun yo`q. Har kuni xotinim arazlaydi, men va onam, singlim yoki ovsini bilan g`ijillashgani-g`ijillashgan. Ota-onam janjallarimizdan bezor bo`lgan. «Nimani bahona qiladi», deysizmi? Farqi yo`q, hech narsa unga yoqmaydi. Masalan, dadamning ertalab yo`talib qo`yishini ham gapiradi. Ba`zan ovsini bilan ishni bo`lisholmay qoladi: «Men tushlik tayyorladim, endi siz kechki ovqatni pishirasiz», deb aql o`rgatadi. Menga esa ta`na qilgani-qilgan: «Maqtagan oilangiz shumi? Mahallaga ovqat qilgandek qiynalib ketaman. Bolamga hech kim qaramaydi, hammasi akangizning o`g`li — birinchi nevara bilan ovora». Har bir gapimni yodlab olib, o`zimga nisbatan dastak qilib ishlatadi. Uyga vaqtli kelishni istamayman, chunki kim bilandir dahanaki jang qilayotganini ko`rsam, to`polon kattalashib ketadi. To`ydan oldin biroz erkaligi bo`lsa ham, binoyidekkina qiz edi. O`sha paytlarda hamma aytganini qilib, o`zim o`rgatib qo`yganmanmi?

Nargiza, 24 yosh: — Hamma aybni menga tirkab qo`yish ekan-da! Nimaga janjalkash bo`lib qolganman, bilasizmi? Chunki juda-juda charchayapman. Qachon oxirgi marta to`yib uxlaganimni bilmayman.Homiladorlikni og`ir o`tkazdim, bolam tug`ilgach, yanada qiynaldim. Nodir aka uyidagi muammolarni ko`rmaydi, aniqrog`i, ko`rishni istamaydi. Uyga juda kech qaytadi. Men nohaqlikka chidolmayman, ovsinim umuman dangasa, biror ishga qarashay, demaydi. Qaynonam uning yonini olgani-olgan, chunki, ota-onasi palon joyda ishlaydi, qudachilikni oshirib-toshirib bajarib qo`yishadi. Qaynsinglimni yaxshi ko`raman, lekin oxirgi paytda u ham ovsinim bergan ko`ylaklarga sotilib ketdi. Qaynota-qaynonam hammadan kech yotib, vaqtli turishimni bilsa ham, shu bechora ham dam ola qolsin, deyishmaydi. Biror yumush bo`lsa, albatta, meni chaqirishadi. Nodir aka judayam arazchi, oramizdan gap qochsa, bir haftagacha indamay yurishi mumkin. Axir bu hovlida kim uchun yashayapman?

Ko`zgu nima deydi?

Nodir, Nargizaga avvalgidek e`tiboringiz etishmayapti. Alamidan o`zini qayoqqa qo`yishni bilmay, bu uyda yashayotganini bildirish uchun ham hammaga zahrini sochayapti. Uning o`ziga bo`lgan ishonchi sust. Birozgina hasad, yaxshigina charchoq o`z so`zini aytayapti. Uyga ataylab kech kelish kerak emas, vaqtliroq qaytib, hech bo`lmasa, bolani ko`tarishib tursangiz bo`lardi. Yoningizdagi odam o`zgarishini istasangiz, avvalo o`zingiz o`zgarishingiz kerakligini bilarsiz? Bundan tashqari, Nargizaning bu harakatlari alohida uyga ko`chib chiqish istagi borligini ham bildiradi. Bunga sharoit va imkon etarlimi, shuningdek, natijada Nargiza o`zgaradimi, mana shu haqda ham bosh qotirib ko`rish kerak. Nargiza, yurakni kengroq qiling. Yaxshi kelin, albatta, yuzaga chiqadi. Siz mana shunaqa achchiq-tiziq gaplaringiz bilan qilgan xizmatlaringizni ham yo`qqa chiqarasiz. Kim yaxshi, shiringina gapirib, hammaga sovg`a-salom tarqatgan, lekin qo`lini sovuq suvga urmaydigan ovsiningiz yaxshi bo`lib qolaveradi. Unutmang, er va qaynona-qaynotaga, umuman odamzotga, xizmat emas, avvalo hurmat kerak.

«Hammasiga ichkilik sabab...»

Karomat, 30 yosh: — Ko`zimning ko`karib yotganini ko`rayapsizmi? Agar erim yaxshi bo`lganida, yuzimda bunaqa «bezak»lar bo`lmasdi. U ichishni yaxshi ko`radi, mast paytida uradi, haqorat qiladi, rashkchi, mijg`ovga aylanadi. Men ham tilimni tiyib turolmayman. Ba`zida ur-to`polonlardan qochib, ko`chaga yalangoyoq yugurib chiqqaman. Uch nafar bolamiz bor. Oldinlari tuppa-tuzuk odam edi, choyxonaga oshpaz bo`lib ishga o`tdi-yu, har kuni tekin ichkilik tufayli aynidi-qoldi.

Odil, 34 yosh: — Shu xotinlarga ham hayronman? Ichgan odamning oldiga yaqinlashib, aql o`rgatib, nima qiladi? Karomat ham mastligimdan foydalanib, ichidagi gapni to`kib soladi. O`sha gaplar menga yoqmasa kerak-da! «Ichib olganingizdan keyin o`zingizni bilmay qolasiz», deydi. Hushyor paytimda esa arazlab, gaplashmay yuradi. Ichganimda meni bitta uyga qamab qo`yib, to o`zimga kelib olgunimcha yaqinimga yo`lashmasin! Ishimni o`zgartirmayman, chunki choyxonada topish-tutishim yaxshi.

Ko`zgu nima deydi?

Karomat, mast odamga bas kelishning birgina sharti bor, buni yuqorida eringizning o`zi ham aytib o`tdi, uning jig`iga tegmaslik. Mastligida asabni egovlab, umringizda ko`rmagan odamga sizni peshlab, o`tmishdagi gaplarni kavlashtirib o`tirsa, chidash qiyin. Lekin janjal ur-yiqitga aylanmasligi uchun ham sukut saqlashingizga va undan nari yurishingizga to`g`ri keladi. Ichmagan paytida gaplashing. U sizning uch bola bilan tashlab ketmasligingizni biladi, shuning uchun o`zidan ko`ngli to`q. Hozircha unga ishi juda manzur bo`lib turibdi. Demak, qadrli narsasidan mahrum bo`lishi uni hushyor torttirishi mumkin. Choyxonaga mas`ul mahalla oqsoqoliga maslahat soling. U xo`jayniningizga «Ichadigan bo`lsang, kavushiningni to`g`rilab qo`yishlari aniq» deb aytsin.

Odil, shu zaylda ichishda davom etsangiz, topgan to`rt sum pulingiz to`rt chaqaga aylanadi. Subutingiz qolmaydi, odamlar mast-alastga ovqat buyurtirish u yoqda tursin, qo`lini uzatgisi ham kelmaydi. Salomatligingizga putur etishi haqida-ku gapirmasa ham bo`lar. «Men u darajaga bormayman», demang. Xotiningizni shunchalik do`pposlab turib, hammasi joyida deb hisoblasangiz, allaqachon o`sha darajaga borib qolgansiz. Yangi yil oldidan ziyofatlar ko`p bo`ladi, bu siz uchun sinov! Mana shu «chig`iriqlar»dan hushyor holda o`tib olsangiz, irodangiz mustahkam ekanini hammaga isbotlay olasiz! Bolalaringiz, ayolingiz bilan ham ahillik, inoqlikda bayramni kutib olasiz!

«Mening topganimni eb yotibdi...»

Dilobar, 40 yosh: — Qo`ni-qo`shnilar bizni janjalkash oila deyishini o`ylasam, bolalarim kelajagidan tashvishlanaman. Nima qilay, sabr qildim, og`zimni yopdim, pul topmasligini pesh qilmadim, xiyonatiga ko`z yumdim, ayol boshim bilan uning qarzlarini uzayapman. Lekin Shokir aka hech minnatdor bo`lmaydi. Uyimizda kunda janjal. Axir so`laqmondek erkak uyda yotaversa, ortidan allaqanday kishilar qarzini so`rab kelsa, bu pullarni nima uchun olganini hech aytmasa, men urishmay, kim urishsin? Baqir-chaqir qilmaguncha bu odamni o`rnidan qo`zg`atib bo`lmasa? Ko`chadan qizini so`rab odam keladigan yoshga etdik. Ammo erim hali ham ulg`ayish kerakligini tushunmayapti.

Shokir, 42 yosh: — Xotinim bozorda savdo qiladi, uy-joy, men bilan umuman ishi yo`q. Topgan gapi «Sizlarni men boqayapman!» U bozordaligida men uy ishlarini bajarib o`tirishim kerakmi? Tijoratini boshlashi uchun odamlardan qarz so`rab olib bergandim, pulni kech qaytardik, foizlari ko`payib ketgan. «Boshqa qarzim yo`q!» deb turib olgan. «Maoshingiz kam, boshqa ishga o`ting» deyavergani uchun ishdan ham bo`shab olgandim, endi tuzukroq joy topolmayapman. Xiyonat degan aybi butunlay noto`g`ri. O`ziga o`xshagan tijoratchi ayolni uch-to`rt martta aytgan joyiga olib borib qo`yganim, yuklarini tashishga yordam berganim uchun meni kim bilandir yurib ketgan, deb o`ylayapti. Aslida men o`zimga to`g`ri odamman!

Ko`zga nima deydi?

Dildora, eringiz bilan qachon oxirgi marta dildan gaplashib ko`rgansiz? Oilada kim erkak, umi yoki siz? Unga mana shunday dangasa hayotni o`zingiz yaratib bergansiz chog`i. Erkaklarning shunday toifasi bo`ladiki, qilayotgan ishini tanqid qilsangiz, o`zi zo`rg`a amallab kelayotganidan ham ko`ngli sovib,televizor qarshisiga yotib oladi. Ro`zg`ordek og`ir yukni nima qilasiz, yarmini unga ham bering, nega birga savdoga chiqmaysiz? Birgalikda reja tuzmaydigan, birga harakat qilmaydigan, o`zaro janjaldan boshqasini bilmaydigan, bir-biriga orqa o`girib yotadigan er-xotinlik ikala tomonni ham qoniqtiradigan darajaga etganmi yoki? Eringizni ham bolalaringizning safiga qo`shing. Bolangizning hamma kamchiligiga ko`nib, yaxshi ko`rasiz-ku, uning to`g`ri yo`lda oyoqqa turishiga ko`maklashasiz-ku, shundaymi? Bolani faqat boqish emas, mehr ham berish kerak. Eringiz bilan munosabatni hech bo`lmasa, shu tomonga o`zgartiring.

Shokir, mas`uliyatni qirqdan oshgandan keyin ham his qilmasangiz, oltmishga kirganingizda hech kim sizni hurmat qilmaydi. Bolalaringiz bilan munosabatlarda ham allaqachon muammolar yuzaga kelgandir. Siz ularni qanchalik yaxshi ko`rmang, mehr bermang, onasining gaplari haqiqatdek tuyulaveradi. Chunki kim ko`proq qiynalayotganini ular ko`rib turibdi. Uyg`oning, ulg`aying! Dunyoga shunchaki kelib-ketishdan nima naf?

Janjalsiz, kelishmovchiliksiz hayotning o`zi yo`q. Biroq ovoz pardalari zo`riqmaydigan darajada suhbatlashib, tomonlarning fikrlarini o`rtaga tashlashga hamisha imkon topish mumkin. Bir kun janjal bo`lgan uydan qirq kun baraka qochadi, deyishadi. Bizningcha esa yil boshidan uyingizdan ko`tarilgan to`polon changini 365 kun artsangiz ham, ketkazolmasligingiz mumkin. Yaxshisi, urishmang, janjalashmang! Axir tinch o`tgan har bir kunimiz bayram, azizlar!

Aziza QURBONOVA

Sharhlar

BOLANI OZODALIKKA O`RGATAMIZ

21.12.2017, 18:34

Qani endi bolangiz sizni hech javratmay o`zi yuz-qo`lini, tishlarini yuvsa, yotgan o`rnini yig`ishtirsa... Bu aksar ota-onalar uchun bir orzudek. Aslida, bolani ozodalikka o`rgatish qiyin ish...
ARAZChI BOLANI QANDAY TARBIYaLASh KERAK?

21.12.2017, 18:21

— 10 yoshli qizim juda arazchi. Sal gapga yig`laydi, xafa bo`ladi, ovqat emay qo`yadi. Uni ko`p erkalatishga ham qo`rqaman. Qanday munosabatda bo`lishga hayronman… Saida, Zangiota...
BOLAGA NIMA SOVG`A QILISh MUMKIN?

21.12.2017, 18:16

Jiyanlar, dugonalarning, qo`shnilar va tanishlarning farzandlariga sovg`a tanlayotib, chalkashib ketmaslik uchun bolalarning yoshini inobatga oling. Masalan: 1-2 yoshli bolakaylar qo`g`irchoqlar, yumshoq o`yinchoqlar, kubiklar, suratli kitoblar,...
YaNGI YILNI NIShONLASh SSENARIYSI

21.12.2017, 18:16

Yangi yil — nafaqat bolalar, hatto kattalar ham niyatlari ijobat bo`lishiga ishonadigan ertakmonand bayram. Lekin u ayniqsa bolajonlarga katta quvonch ulashadi. Axir bu kunda ular...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1