Otamdan meros bo`lib o`tgan uy-joy hujjatlarini rasmiylashtirish uchun kadastr bo`limiga murojaat qilgandim. Ariza topshirganimga ham bir oydan oshdi. Hali ham javob berishmayapti. Aslida, fuqaroning arizasi qancha muddatda ko`rib chiqilishi kerak?
Nilufar Azimova, Toshkent shahri
«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaati to`g`risida»gi Qonunning 19-moddasiga ko`ra, ariza yoki shikoyat masalani mazmunan hal etishi shart bo`lgan davlat organiga kelib tushgan kundan e`tiboran o`n besh kun ichida, qo`shimcha o`rganish va (yoki) tekshirish, qo`shimcha hujjatlarni so`rab olish talab etilganda esa bir oygacha bo`lgan muddatda ko`rib chiqiladi.
Ariza va shikoyatlarni ko`rib chiqish uchun tekshirish o`tkazish, qo`shimcha materiallar so`rab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar ko`rish zarur bo`lgan hollarda, ularni ko`rib chiqish muddatlari tegishli davlat organi rahbari tomonidan istisno tariqasida uzog`i bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga xabar qilinadi.
Manba: «Sug'diyona» gazetasi