— Kollejda stomatologiya yo`nalishining 2-bosqich talabasiman. 3-bosqichda yo`nalishimni o`zgartirsam bo`ladimi?
Iroda, Surxondaryo viloyati, Jarqo`rg`on tumani
O`.ISMAILOV, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligining Fan va tibbiy ta`lim bosh boshqarmasi boshlig`i:
— Tibbiyot kollejlarida o`rta maxsus malumotli kadrlar tayyorlash ishlari, har bir yo`nalishning xususiyatidan kelib chiqib,Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi markazi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan o`quv reja va dasturlar asosida amalga oshiriladi. Unga muvofiq,har bir yo`nalish shu jumladan stomatologiya yo`nalishi (tish texnigi) uchun ham o`ziga xos bo`lgan maxsus fanlar o`tiladi.Bundan tashqari 2 yil davomida bir yo`nalish bo`yicha taxsil olib,3-chi bosqichda faqat 1 yil boshqa yo`nalishda o`qib ushbu mutaxassislik bo`yicha diplomga ega bo`lish davlat ta`lim standartlari talablariga zid holat hisoblanadi. Shu sababli yo`nalishni o`zgartirishga ruxsat etilmaydi.
Ammo hududlarning kadrlarga bo`lgan ehtiyoji yuqori bo`lgan holatlarda, hududiy Sog`liqni saqlash boshqarmalarining murojaatlarga asosan Sog`liqni saqlash vazirligining buyrug`i bilan tasdiqlangan Sog`liqni saqlash tizimi muassasalaridagi o`rta tibbiyot va dorishunos xodimlar mutaxassisliklari va egallashi mumkin bo`lgan lavozimlar ro`yxatiga asosan, tegishli mutaxassislik diplomiga ega bo`lgan fuqarolar,egallayotgan lavozimi bo`yicha o`rnatilgan tartibda qayta ixtisoslikdan o`tib mehnat faoliyatlarini davom ettirishlari mumkin.