Qishki izg`irinda sochimiz har jihatdan parvarishga muhtoj bo`ladi. Shu bois bugun e`tiboringizga bu boradagi kerakli tavsiyalarni havola etmoqchimiz.
Dazmol va fen
Qishda soch bilan bog`liq eng katta muammolardan biri –quruqshab qolishidir. Chunki sovuq mavsumda yozdagiga nisbatan fendan ko`proq foydalanamiz. Qolaversa, havo haroratining o`zgarishi, ya`ni issiq xonadan izg`iringa bosh kiyimsiz chiqish ham bunga sabab bo`ladi. Shu bois qishda imkon qadar soch turmaklash uchun mo`ljallangan dazmol hamda fenni kamroq ishlatish va albatta, boshni issiq tutish kerak.
Shampunlarni almashtiramiz!
Sovuq havo sochga salbiy ta`sir o`tkazishining oldini olish uchun oddiy shampun va kondisionerlarni yumshatuvchi hamda oziqlantiruvchi vositalarga almashtirish lozim. Haftada bir marotaba bosh terisini yaxshilab tozalovchi vositalardan foydalanishni odat qiling. Bu shampun va turli niqoblar tarkibidagi ozuqa moddalar bosh terisiga singishini osonlashtiradi. Niqoblarni dush qabul qilayotganda surtish foydalidir. Dushdan so`ng sochni iliq suvda chayish hujayralarning namlikka to`yinishiga sabab bo`ladi.
“Gullagan” sochni davolash mumkinmi?
Afsuski, soch “gullagan”ida faqat sartarosh qaychisigina bu muammoni bartaraf eta oladi. Uzun sochingizdan ayrilib qolishni istamasangiz, darhol chakamug` (repeynoe) moyini boshga surting. Uni 30 darajagacha isitib, bosh (va sochning uzunligi bo`ylab)ga surtish va 1-2 soat o`rab qo`yish lozim. Muolajadan so`ng soch shampunda yaxshilab yuviladi.
Eng yaxshisi — iliq suv
Issiq suv boshdagi yog` bezlarining faollashuviga olib keladi. Sovuq suv esa kapillyar tomirlar torayib, bosh terisi yaxshi oziqlanmasligiga sabab bo`ladi. Shu bois bosh yuvganda eng yaxshisi, iliq suvdir.
Qazg`oq qaerdan paydo bo`ldi?
Agar qishda qazg`oq paydo bo`la boshlasa, sababini ob-havodan bilavering. Unutmangki, bunday paytda har uch kunda bir soch ildizini foydali yog`lar bilan oziqlantirib turish zarur. Ana shunda qazg`oq paydo bo`lishining oldini olgan bo`lasiz. Natija yanada samarali bo`lishi uchun esa yog` surtgach, boshingizni 5-6 soatdan so`ng yuving.
“Sochim“elektrlanib” qoldi”
“Elektrlanib” qolgan sochlar qish bo`yi ko`pchiligimizni asabiylashtiradi. Xo`sh, nega aynan qishda shunday? Gap shundaki, yoz faslida soch etarlicha oziqlanadi, qishda esa avitaminoz va bosh kiyimi sochning “elektrlanib” qolishiga sabab bo`ladi. Shu bois tarog`u fenni to`g`ri tanlang. Ionlashtirish xususiyatiga ega bo`lgan fen va yog`och taroqdan foydalansangiz, muammodan xalos bo`lasiz. Purkagichga mineral suv (gazlangan bo`lishi ham mumkin) solib, unga bir ikki tomchi lavanda moyidan tomizgach, sochga purkasangiz ham soch “elektrlanmaydi”.
Lak va gellardan foydalanmaslik kerakmi?
Aksincha, qishda lak va gellardan ko`proq foydalanish kerak. Chunki ular sochni izg`irindan himoyalovchi qobiq hosil qiladi. Natijada, sovuq havoning sochga zararli ta`siri kamayadi.
Bosh kiyimimiz ham bir muammo-ya!
Qishki bosh kiyim soch turmagini buzishi barchaga ayon. Shunday bo`lmasligi uchun bir stakan sut mahsulotlaridan birortasiga (qatiq, smetana yoki sut) bir stakan moychechak damlamasi va bir necha tomchi olma sirkasidan qo`shib, shampundan foydalanib bo`lgach, sochga surtish va 3-5 daqiqadan so`ng chayish lozim.
Stilist Sardor SOLIHOV
tavsiyalari asosida
Saodat tayyorladi.






