1

Galina MELNIKOVA: "Aqliy kamolotga erishgan odam kamtar bo`ladi"

Madaniyat 16.12.2017, 10:47
Galina MELNIKOVA: "Aqliy kamolotga erishgan odam kamtar bo`ladi"

Galdagi suhbatdoshimiz xususida so`z borganda “Haqiqiy mutaxassis bu — doimiy o`quvchi”, degan fikr yodga tushaveradi. Umrini kasbiga bag`ishlagan, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni, “Oltin qalam” milliy mukofoti, Rossiyaning “Pushkin” medali sohibasi, oliy toifali diktor, O`zbekiston xalq artisti Galina MELNIKOVA bilan bo`lgan suhbat fikrimizni tasdiqlasa, ajabmas...

— Prezidentimiz o`tgan yili 80 yoshni qarshilaganingiz munosabati bilan 23 dekabrda "O`zbekiston xalq artisti" faxriy unvonini berish to`g`risidagi farmonni imzolagandi. Bu yil esa Rossiya va O`zbekiston xalqlari o`rtasidagi do`stlik va hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi samarali faoliyatingiz uchun RF prezidenti Vladimir Putin sizni “Drujba” ordeni bilan taqdirladi. Chin qalbdan muborakbod etamiz!

— Tashakkur! Ochig`i, o`tgan yili ham, bu yil ham mukofotlanishim kutilmagan voqea bo`ldi. Boisi nafaqaga chiqqanman, qolaversa, sira mukofot kutib yashagan odam emasman. Biroq hali ham talabgir ekanligim xursand qiladi va bu doim yangiliklar markazida bo`lishga undaydi. Masalan, bu yil iyulda Novosibirskda o`tgan Ayollar kongressida O`zbekiston nomidan ishtirok etdim. Delegasiya a`zosi sifatida turizm haqida nutq so`zladim, tayyorlab borgan videolavhalarimni taqdim etdim. Chiqishim turli davlatlardan kelgan vakillarda qiziqish va iliq taassurot uyg`otdi. So`ng buyuk davlat arbobi Sharof Rashidovning 100 yilligi munosabati bilan Qarshi va Buxoroda o`tgan tadbirni olib borishga taklif etishdi. Yurtimizning kelajagi uchun hissa qo`shgan shaxslarga e`tibor qaratayotgani uchun Prezidentimizga o`z minnatdorchiligimni bildiraman. Qolaversa, yil davomida Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, O`zbekistondagi Rus pravoslav cherkovi va ko`plab tashkilotlarning tadbirlarini o`tkazaman. “Diydor” teatr studiyasi talabalarining rus tilisi bilan shug`ullanaman. Universitet talabalari bilan uchrashuvlarga chaqirishadi. Qisqasi, hayotim qiziqarli shaxslar, yoshlar bilan uchrashuvlar ichida kechadi. Aslida ham doim atrofdagilarga foydali inson bo`lishga intilganman, busiz menga hayot mazmunsiz.

— “Mehrjon" xayriya fondi Vasiylik kengashining ham a`zosisiz. Bu yo`nalishdagi faoliyatingiz nimalarni o`z ichiga oladi?

— Etim bolalarni zamonaviy hayot bilan hamohang qilishni asosiy maqsad qilib olganmiz. Har bir bolalar uyi­da musiqa, raqsdan dars berilishini yo`lga qo`ydik, hatto festivallar ham o`tkazganmiz. Parijdan Per Rishar, Konsuelo de Aviland, Mishel Merse va deyarli barcha rossiyalik san`at­korlar tashrif buyurgan. Yodimda, Per Rishar sahnaga chiqib, “Dunyoning hech bir burchagida bunday e`tiborni ko`r­magan­man”, degandi. 2004 yil Beslanda sodir bo`lgan terakt­dan so`ng gumanitar yordam bilan borganmiz. 338 ta o`quvchi halok bo`lgan maktab va ularning qabrini ziyorat qilganmiz. Bu halokat haqida “Kulfatning begonasi bo`lmaydi” nomli ko`rsatuv ham tayyorlagandim. U vaqtlarda homiyimiz bor edi. Homiy hatto rossiyalik tennischi Marat Safin va boshqa ko`plab sportchilar bilan uchrashuv tashkil qilardi. Mashhurlar “Mehribonlik uy”lariga moddiy yordam ham ko`rsatishgan. Etim bolalarni uch yil ketma-ket Qora dengiz sohilidagi Anapa kurort shahriga ham olib borgandik. Hozir Vasiylik kengashimizda uch kishi qolganmiz, homiy yo`q. Shunga qaramay, taslim bo`lmaslikka harakat qilyapmiz. Ayni damda “Royal palas” restorani bayramona dasturxon va “Turkiston” saroyi bepul ijara bilan ta`minlayapti.

— Tibbiyot institutida tahsil olgansiz. Biroq yillar o`tib, mehnatsevarligingiz ortidan televideniening "yuzi"ga aylandingiz. Bu yo`lda qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirishga to`g`ri kelgan?

— Omadli tasodif sabab bu sohaga qadam qo`yganman. Tibbiyot institutida a`lo baholarga o`qirdim. Niyatim, pediatr bo`lish edi. Noyabr oyida bir imtihonni topshirib, hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasining yo`lagida dugonalarim bilan sayr qilayotgandik. Shu vaqt ikkita televidenie rejissyori yonimga kelib, televideniening tanlovida qatnashishga taklif qilgan. Shunda “nima u televidenie?” deb ham so`ragandim, bilmasdim-da. 1956 yil televidenie Moskvada bo`lardi. Dugonalarim meni tanlovda qatnashishga ko`ndirishgan. Omad kulib, tanlovdan o`tganman. 6 noyabrda televidenie ochilgan bo`lsa, 26 dekabrdan rasman shu dargohning xodimiga aylanganman. Ertalab institutga borar, soat uchda bo`shab, ishga yugurardim. Uyga esa yarim tunda qaytardim. Boisi kechki dasturni olib borar va "Spokoynoy nochi, dorogie tovarishi", deya xayrlashardim. Bir yildan so`ng rahbariyat o`qishimni o`zgartirish talabini qo`ygan. Tibbiyot institutini uchinchi bosqichdan to`xtatib, o`sha vaqtdagi Chet tillari pedagogika institutining ingliz tili fakultetida tahsil olganman. Afsuski, u vaqtlarda rahbariyat aytganidek, ingliz tilida ko`rsatuv olib borilmadi. Diktorlikni “kaska” va sovutsiz, xato qilishga haqqi yo`q askarga o`xshataman. Boisi doim ekstremal vaziyat bo`ladi, qachon, qaerda, qanday ko`rsatuvni olib borishingni, kimdan intervyu olishingni avvaldan bilmaysan. Masalan, uch yil Moskvadagi O`zbekiston madaniyati va adabiyoti kunlarini o`tkazganman. Bu konsertlar Kremlning Kongress saroyida, ittifoqchilar uyining katta zali va Zvyozdny shaharchasida o`tgan. Birortasida hech kim menga yordam bermagan, o`zim matn yozib, tayyorlanib, sahnaga chiqardim, intervyular olardim. Juda ham mehnatkashligim bois bu qiyinchiliklar faqatgina “maktab” vazifasini o`tagan. Bolalikdan hamma ishim a`lo darajada bo`lishiga odatlanganman. Maktabda uch baho olmaslik uchun tonggi soat 06:00da uyg`onib, darslarimni takrorlardim (kuladi). Shu yoshgacha tinimsiz o`z ustimda ishlashdan to`xtagan emasman. Hozirgi yoshimda yarim kunim bo`sh, lekin hamma gazetalarni o`qib, yangiliklar bilan tanishaman, siyosiy dasturlarni qoldirmay ko`raman. Gohida “falon filmdagi falon artistni bilasizmi?” deb so`rab qolishadi. Ishonasizmi, shu yoshimgacha film, serial ko`rgan emasman, chunki vaqtim bo`lmagan. Ishimiz tongdan to yarim tungacha davom etgan. Hozir ham film, serial ko`rgandan ko`ra, Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, O`zbekiston Davlat konservatoriyasidagi O`zbekiston Milliy simfonik orkestrining konsertiga tushaman.

O`ttiz besh yoshimda meni Moskva­ga ishga taklif qilishgan, uy-joy qilib berishlarini aytishgan, rad etganman. Boisi vatanim — O`zbekiston!

Yaqinda notanish ayol tabriklab, mashinam bor yo yo`qligini so`rab qoldi. Metroda yurishimni aytsam, hayratlandi. O`sha vaqtlarda shu qadar talabgir bo`lganimdan hatto ko`p farzandli bo`lishga ruxsat tegmagan. Bittagina o`g`lim bor, hozir Moskvada.

— U vaqtlarda doim jonli efir bo`lgan. Demakki, diktorlarning xatoga yo`l qo`yishga haqqi bo`lmagan. Hozirgi texnikaning rivoji yoshlarni dangasa qilib qo`ymadimi?

— Shubhasiz! Hozir ko`pchilik yoshlar tayyor matnni “suflyor”dan o`qib beradi. Ochig`i, nima deyayotganini tushunmayman. Chunki so`zlarni to`g`ri talaffuz qilmaydi, hatto nima o`qiyotganini tushunmaydi. Shaxsan o`zim matn o`qiganimda har birini qalbimdan his qilib, aqlan fikrlaganman, shunchaki ovozga urg`u bermaganman. Har bir so`zim uchun javob berganman. Bordi-yu “Axborot” dasturida o`qishim uchun tayyor matn beradigan bo`lishsa, o`zimni xatoga yo`l qo`ymaydigan eng oxirgi nazoratchi, deb bilardim. Qo`limga berilgan matnni boricha o`qiganimda, televideniening anchagina xodimi ishdan bo`shashi mumkin bo`lgan vaqtlar ham bo`lgan...

— Matnlarni o`zingiz yozishingizni aytdingiz, ko`pchilik boshlovchilar qalam tebratishni bilmaydi, hatto...

— Haqsiz, bu – fojia. Hatto tayyor matnni o`ziniki qilib ololmaydi.

— Har tomonlama talabga javob beradigan diktor qanday bo`lishi kerak?

— Savodxon! 11 yilik ta`lim tizimini qaytarganliklari uchun Prezidentimizga rahmat. “Diydor” teatr talabalari bilan suhbatlashsam, aniq fanlar yo`nalishidagi lisey, kollejni tamomlagan-u, biroq san`atkor bo`lish istagini bildiradi. Sababini so`rasangiz, “uyimga yaqin bo`lgani uchun o`qiganman-da”, deydi. “O`qitiladigan fanlar menga kerak bo`lmaydi”, degan fikr bilan diplom uchungina yillarni behuda o`tkazgan. Vaholanki, bu yo`qotilgan uch yil va savodsizlik, degani. Eng yomoni — bitta avlodni yo`qotib qo`yish.

— Bugungi kunda diktorlar “maktabi” yo`qolib ketgan...

— Mutlaqo haqsiz! O`sha “maktab”da shakllangan sanoqli diktorlargina ishlayapti. Vaqt o`tib, bu “maktab” vakillari keraksiz bo`lib qoldi. Masalan, katta tajribaga ega Dilorom Umarova 50 yoshga to`lganida xayrlashishdi. O`rniga yosh qizlar keldi, ular o`ziga oro berib, yangi ko`ylak kiyishdan boshqasini bilmaydi. Aslida diktorlik kasbi stressga boy, tig`iz ish kunidan iborat. Shu omil sabab, hatto 54 yoshida tajribali diktor Abdumo`min O`tbosarov Yangi yil tabrigini o`qish vaqtida vafot etdi. Bugungi kunda professionallardan Shuhrat Qayumov, Dildora Rustamova, Surayyo Ermatovagina faoliyat yurityapti, xolos.

— O`zingiz ta`kidlaganingizdek, televidenieda sanoqligina professional diktorlar qolgan. O`rningizga o`rindosh shogird bormi?

— Afsuski yo`q. Tinimsiz mahorat darslari haqida gapirishadi. Bir gal tashkil qilingan mahorat darsiga bordim, biroq yig`ilgan yoshlar mutlaqo befarq edi. Nigohlaridan “qachon so`zini tugatar ekan?” degan savolnigina o`qirdim...

— Bilishimcha, boshlovchini efirga chiqarishdan avval qator tanlovlar o`tkazilgan. Sinov muddati berilgan, yillab maoshsiz ishlashgan. Bu sinov intilish va mehnatdan to`xtamaslikka zamin bo`lgan. Hozir ham shunday tanlovlar o`tkazila­dimi?

— To`g`ri ta`rif berdingiz. Biroq hozir to`g`ridan-to`g`ri tanlovlarsiz ishga qabul qilishadi. Ko`pchilik yoshlarga nega bu sohani tanlagani haqida savol bersam, er chizadi. “To`ylarda boshlovchilik qilish uchunmi?” desam, tasdiq javobini olaman.

— Diktorlik “maktab”ini ochish istagingiz bo`lmaganmi?

— Vaqt qayoqda deysiz, hozirgacha talabgirman. Bir kun dam olsam-u, hech kimning oldida majburiyatim bo`lmasa, deyman.

— Bot-bot ta`kidlanganidek, televidenie­dagi ish juda jiddiy va mas`uliyatli. Xato qilish, betob bo`lishga haqqingiz yo`q, sizlar uchun yomon ob-havo bo`lmaydi. Qanday uddalagansiz? Hozirgi yoshlar-chi, eplay olyaptimi?

— Bir kuni aviasiya zavodi xodimlari haqida ko`rsatuv tayyorlash vazifasi yuklatilgan. Konsert zalida ular bilan jonli efir berilishi kerak edi. Kutilmaganda haroratim o`ttiz to`qqizga ko`tarildi, biroq sahnaga chiqqanman. Lekin sira efir yo sahnada “shpargalka”, bloknot bilan turgan emasmiz, barini xotiraga joylardik. Tasavvur qilyapsizmi, zavodning har bir xodimi haqida to`liq ma`lumotni yoddan gapirganman. Bu og`ir mas`uliyat hissining badali aqliy zo`riqish bilan yakunlangan. Natijada bir necha yillar davolanganman. Bugungi yoshlarda esa yomon ob-havo bor, betob bo`lishga huquq ham. Xatolarini esa beshta dubl bilan to`g`irlashadi. Texnikaning rivoji sabab zo`riqishdan xoli bo`lishgan. Boshqa tarafdan mas`uliyat hissining yo`qolishiga sabab bo`lyapti.

— San`atkorlar haqidagi mish-mishlar odatiy holga aylangan. Bu jarayon diktorlarda qanday?

— Bir xil (kuladi). 1958 yil o`g`limga homilador bo`lganimda, “Bezorilar Melnikovaning tanasini bo`laklarga bo`lib, qopga solib, anhorga tashlashibdi”, degan mish-mish tarqalgan. Tramvayda ketayotsam, bir ayol “qanday ko`mishayotganini o`zim ko`rdim”, deya sherigiga aytib berib, achinib, shu mavzuni muhokama qilishyapti. Meni ko`rib qolib, shovqin ko`tarilmasin, deya yashirinib olgandim. Muxlislardan kelayotgan xatlarning oxiri ko`rinmagan. Shunda tug`ruq ta`tilida bo`lishimga qaramay, rahbariyat ishga chaqirgan va yirik planda efir olib borganman.

— Diktorlar uchun eng asosiy “dori” va “stimul”?

— Yuqori darajadagi mas`uliyat va o`z ishiga bo`lgan muhabbat! Olishdan ko`ra, berishni yaxshi ko`raman. Shu bois atrofdagilarga nafim tegsa, mendan baxtli odam yo`q. Yaponlarda “etilgan guruch erga, xomi quyoshga tik boqadi”, degan ibratli ibora bor ekan. Odam aqliy kamolotga erishsa soddalashib, kamtar bo`lib boradi. Aksincha holatda esa har erda o`zini ko`rsatishga intilaveradi. Xulosa har kimning o`zida!

Sadoqat ALLABERGANOVA suhbatlashdi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1