Sport bilan shug`ullanishda o`zingizga mosini tanlashingizning ahamiyati katta. Masalan, har bir yosh vakili uchun mo`ljallangan sport turlari mavjud.
20 yoshda aerobika yoki boshqa faol turdagi sport mashg`ulotlari bilan shug`ullanish tavsiya qilinadi.
30 yoshda ayol o`zini yosh va navqiron hisoblasa-da, tanada sodir bo`layotgan o`zgarishlar sabab ortiqcha vaznni yo`qotish biroz qiyin kechadi. Ayol turli parhezlarga qanchalik rioya qilmasin, ortiqcha bir necha kilogramm hech ketishga chog`lanmaydi. Bundaylar faol turdagi sport mashg`ulotlarini bajarishi yoki trenajyor zalida shug`ullanishi lozim. Bu ham ortiqcha vaznni yo`qotishga yordam beradi, mushaklarni mustahkamlaydi, asablarni tinchlantirib, sokinlashtiradi. Trenajyor zalida shug`ullanishni istamaydigan ayollar uchun esa aerobika, raqs, yugurish tavsiya qilinadi.
40 yoshda ayol aksariyat vaqtini o`tirgan holatda, jismoniy harakatsiz o`tkazadi. Natijada mushaklar asta-sekin yog` qatlamiga aylanib boradi. Qorningizni ko`rganlarning xayoliga «homiladormikan», degan fikr keladi. Xullas, o`zingizni tezda qo`lga olingu mushaklarni mustahkamlab, ortiqcha yog`lar bilan kurash boshlang. Bunda esa sizga yugurish, yurish, aerobika va hatto velosiped kabi sport mashg`ulotlari yordamchi bo`ladi. «Shu yoshimda bir kami velosiped minishim qoluvdi», deydiganlarga esa yoga mashg`ulotlarini tavsiya etish mumkin. Eng asosiysi, harakat, harakat va yana harakat.
50 yosh va undan keyin sport bilan shug`ullanish shart. Chunki bu yoshda ayollarning bo`g`in va belida og`riq paydo bo`la boshlaydi. Og`riqni bartaraf etish va bo`g`inlarni himoyalash uchun esa suzish yoki yurish kabi mashqlar yordam beradi. Xitoyliklar fikricha, sekin-asta bajariladigan oddiy jismoniy mashqlar suyaklarni mustahkamlaydi.
Dunyo statistikasiga ko`ra, ayollarning 70 foizi sport bilan shug`ullanishni vaqtni yaxshi o`tkazishning eng yaxshi yo`li deb bilishsa, 50 foizi mushaklarini mustahkamlab, ozish uchun shug`ullanishadi. 30 foizi esa yangi do`stlar orttirish uchun sport bilan shug`ullanishar ekan.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.