Nodir To`raqulov — pasportida millati degan joyga o`zbek deb yozilgan Google kompaniyasining yagona xodimidir. U erishgan yutuqlari bilan inson agar chin dildan orzu qilsa, maqsadiga intilsa, barcha niyatlarini amalga oshirishi mumkinligini isbotladi.
Quvvati tugab qolavergan kompyuter sabab
Nodir 1987 yilda Toshkentda, ziyoli oilada dunyoga keldi, uning ota-onasi yadro fizikasi institutida ishlagan. Nodirning buvi va buvalari ham olim bo`lishgan. U bolaligidanoq ko`chada bemaqsad yurgandan ko`ra, kitob o`qishni, uyda konstruktor o`yinchoq o`ynashni ma`qul ko`rgan. Kompyuter quvvati yangi videoo`yinlarga etmay qolgandan keyin esa Windows dasturini o`rgana boshlagan.
Muvaffaqiyat sari ilk qadam
Nodir yuqori sinflarda o`qiyotganda fizika-matematika yo`nalishini tanladi va bu sohada tinmay o`qib, izlandi. Maktabni tamomlagach, O`zbekiston Milliy universitetining matematika fakultetiga o`qishga kirdi. U ikkinchi bosqichda o`qiyotgan paytida dasturlash bo`yicha o`tkazilgan (ACM ICPC) xalqaro musobaqada qatnashdi. 2008 yilda universitetni tugatayotgan yili uni Kanadaning ComponentOne kompaniyasi shartnoma asosida dasturlovchi lavozimiga ishga taklif etdi. U kompaniyaning taklifini qabul qilib, 2012 yilgacha masofadan turib ishladi.
Nodir 2013 yilda AQShga ko`chib o`tdi, mazkur kompaniyada ishlagani tufayli unga Google rekruteri aloqaga chiqdi. Ularni Nodirning rezyumesidagi dasturlash bo`yicha xalqaro olimpiadada uchinchi o`rinni egallagani qiziqtirib qoldi va uni Google kompaniyasiga ishga taklif etishdi.
Xalqaro kompaniyadagi faoliyat haqida
Nodir Google kompaniyasidagi mehnat faoliyatidagi qiziqarli faktlar bilan o`rtoqlashdi. Uning aytishicha, Google kompaniyasiga ishga kirish uchun suhbatdan o`tish bir necha bosqichdan iborat bo`lib, unga 2-3 oy vaqt ketadi. Birinchi bosqichda telefon orqali intervyu olinib, “uyga vazifa” beriladi. Nomzod berilgan vazifani uddalay olsa, Google shtablaridan biriga taklif etiladi. Ishga qabul qilishda nomzodning jinsi, yoshi va irqi hech qanday ahamiyatga ega bo`lmaydi. Ish jarayonida hech kim “uni qil, buni qil”, deb buyruq bermaydi. Guruhning har bir a`zosi o`zining xizmat vazifasini yaxshi biladi. Har bir xodimning supervayzeri bo`lib, u bosim o`tkazmagan holda xodimlarning ish jarayonini nazorat qiladi. Harakatchan dasturlovchi vazifalarini o`zi belgilaydi. Nodir ishlaydigan Google shtabining ichida hordiq chiqarish uchun maxsus sport zal, dunyo xalqlari taomlarini tayyorlovchi 30 ga yaqin oshxona va qahvaxona mavjud. U erda sog`lom turmush tarzini kechirish uchun foydali taomlar tayyorlanadi. Zinapoyalar o`rniga sirg`anib tushish uchun tepaliklar o`rnatilgan. Google xodimlaridan hech kim, shu jumladan Nodir ham masofadan turib ishlamaydi. Kompaniyaning fikricha, xodimning masofadan turib ishlashi ish unumdorligiga salbiy ta`sir ko`rsatadi. Chunki xodimning yonida yangi g`oyalarni muhokama qilish uchun hammaslak odamlar, ishchanlik muhiti bo`lmaydi. Kompaniya uchun ish soati emas, balki natija muhimdir. Xodimlar ishga Wi-Fi mavjud bo`lgan kompaniyaning maxsus avtobuslarida olib kelinadi. Ishga kelib-ketish uchun xodim avtomobil boshqarishga ehtiyoj sezmaydi.
Google kompaniyasida Python dasturlash tilidan foydalaniladi, uning barcha infrastrukturasi shu dasturga asoslangan. Kompaniya xodimlariga har qanday sharoitda ham eng munosib xodim bo`lib qolish lozimligi uqtiriladi. Xodimlarning mehnat samaradorligi yiliga ikki marotaba o`rganiladi. Agar xodim vazifasini to`liq bajarishga ulgurmasa, muammoning sabablari qidiriladi, ish tahlil qilinadi. Google kompaniyasi xodimining internet tezligi Gigabitlarda hisoblanadi.
Nodir To`raqulov Google shtab kvartirasida, Google Chrome loyihasi guruhida mehnat qilayotgan yagona o`zbekistonlikdir. Biz dunyoning shunday mashhur kompaniyasida mehnat qilayotgan hamyurtimiz Nodir To`raqulov bilan faxrlanamiz. Uning kelgusi ishlarida ulkan yutuqlar tilab qolamiz.