2017 yil har galgidan ko`ra bir-biridan ajoyibu g`aroyib, ko`z ko`rib, quloq eshitmagan qiziq-qiziq voqealarga boy bo`ldi. Xususan, rekordlar borasida ham. Marhamat, Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan 2017 yilning favqulodda hodisalari bilan tanishing.
Pyatigorsklik Kirill Teryoshin bilaklarini g`oyat kattalashtirish uchun qo`l terisi ostiga olti litr sintol yubordi
Yigitcha bilaklarining hajmini 60 santimetrgacha kattalashtirdi. Kirill o`zining bu sun`iy yutug`ini Internetda ko`z-ko`z qildi. Endi u Kirill bazuka-qo`llar nomi bilan mashhur. Yigitcha bu bilan to`xtab qolmoqchi emas, kelgusida sonlarini 100 sm.gacha, boldirini 60 sm.gacha etkazib, elka, qorin mushaklarini ham kattalashtirmoqchi va o`zining sintol-kumiri – RomariodosSantosga o`xshamoqchi. Teryoshinning maqsadi– “Rossiyadagi eng bahaybat gavda” sohibi bo`lmoqlikdir.
Minneapolislik 26 yoshar Sara Gers tez qarish dardiga mubtalo bo`lgan
Sara 10 yoshligida unga juda kam uchraydigan teri kasalligi – Elers–Danlos sindromi tashhisini qo`yishgandi. Bu kasallik organizmning kollagen ishlab chiqarishini susaytiradi, natijada teri tarangligi va qayishqoqligini yo`qotib, bevaqt ajinlar tushishiga sabab bo`ladi. Dunyoda bu kasallikning og`ir formasi bilan bir necha odamgina hastalangan, Gers – ulardan biri. Saraning mushak va bo`g`imlari nozik, terisi yumshoq, quruq va ajin bosgan. Shu bois qiz o`z yoshiga nisbatan ancha katta ko`rinadi. Lekin o`zining bu hastaligiga qaramay qiz model bo`lishga qaror qilgan. Bu bilan u tashqi ko`rinishidan uyalmasligini va go`zallik standartlariga qarshi chiqishini isbotlab qo`ymoqchi bo`lgan. Ha, Sara buni uddaladi.
Haydaroboddagi 9 gnomdan iborat oila
Hindistonning Haydarobod shahrida istiqomat qiluvchi bu oiladagi 11 nafar odamdan 9 nafari pakanadir. 52 yoshni qarshilagan oila boshlig`i Ram Chauchan ko`plab qarindosh-urug`lari kabi enxondral suyak qotishi jarayonining buzilishi bilan xarakterlanuvchi nasliy kasallik axondraplaziyaga duchor bo`lgan. Bundan avvalroq Chauchanlar oilasi 21 kishidan iborat bo`lib, 18 kishi pakana edi.
Kanadalik 31 yoshli Lindsi Xiltonning qo`l-oyoqlari yo`q
Kanadaning Galifaks shahridan bo`lmish 31 yoshli Lindsi Xilton qo`l-oyoqstz tug`ilganiga qaramay o`zini sira xafa qildirib qo`ymagan. Lindsi bolaligidanoq chang`ida uchishni, suzishni va regbi o`ynashni o`rgangan. Mahalliy trenajyor zalida shug`ullanishni boshlagach, u o`zi uchun yangi sport turi krossfitni kashf etdi va endilikda o`zini mana shu sport turida sinab ko`rmoqchi.
Avstraliyalik Deb Rouch chap qo`lsiz tug`ilganiga qaramay, raqs bo`yicha chempion bo`lishga muvaffaq bo`lgan
Avstraliyalik DebRouch chap qo`lsiz tug`ilgan. Lekin u sirayam tushkunlikka tushmagan, aksincha, imkoniyati cheklanganlar ham sport bilan shug`ullana olishini barchaga isbotlab qo`yishga ahd qiladi. 2012 yili Rouch Gonggongda bo`lib o`tgan xalqaro chempionatda “Imkoniyati cheklangan shaxslar” kategoriyasida birinchi o`rinni egallagan. Shundan so`ng u dunyoning turli burchaklaridan tadbirlar va ko`rik-tanlovlarda qatnashishga takliflar ola boshladi. 2015 yili esa Deb xalqaro musobaqada ikkinchi marta g`oliblikni qo`lga kiritdi. Hozirda bu qiz dunyo bo`ylab sayohat qiladi – yoga, raqsdan saboq beradi va atrofdagilarga vujud go`zalligi hamda ruh kuch-quvvatini namoyish qiladi.
Har erda ham bor toshu tarozu
Las-vegaslik 31 yoshli Jeymi Lopes sartaroshxonadagi stulni pachoqlab qo`ygach, to`lishgan ayollar uchun go`zallik saloni ochdi. Jeymining salonida 350 kg.gacha bo`lgan vaznni ko`tarishga mo`ljallangan stullar mavjud.
Kuchli og`riqlarga dosh berib yashayotgan 11 yashar bolakay
11 yashar Levi KristosekYansen tipidagi metafizik displaziya bilan og`riydi. Bu kasallik enxondral o`sishni to`xtatib, suyak qotishida etishmovchiliklar va kamchiliklarni keltirib chiqaradi. Levi bo`yi bor-yo`g`i 96 sm. Lekin bu hali holvasi – bolakay kuchli og`riqlarga chidashga majbur. Dunyoda ushbu tashhis aniqlangan 30 nafar odam mavjud, ulardan besh nafari AQShda istiqomat qiladi.
Texaslik 20 yashar Jillian Uilyamsning tizzasi o`rniga boldirini tikib qo`yishdi
Jiliandagi suyak saratonini o`tgan yili aniqlashdi. Bu mash`um tashxisgacha boyaqish Amerika go`zallik tanlovida g`olib chiqqan, bundan tashqari, u voleybol bilan jiddiy shug`ullangan. Kunlardan bir kuni Jilian tizza sohasida og`riq seza boshladi. Ma`lum bo`ldiki, qizda saraton kasalligi bor. Oxir-oqibat, oyog`ining bir qismini kesib tashlab, to`qima ko`chirib o`tkazish bo`yicha murakkab operasiyalar o`tkazishga majbur bo`lishdi.
29 yoshli Ekaterina eng uzun oyoqlar sohibasi sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi
Ekaterina Lisina oyoqlarining uzunligi naq 133 sm. Sobiq basketbolchi, 2008 yilgi Olimpiada o`yinlarining bronza medali sohibasi va xizmat ko`rsatgan sport ustasi o`zining daroz bo`yi sharofati ila Ginnesning rekordlar kitobiga kirdi. Hozirda u turli fotosessiyalarda faol qatnashmoqda.
Kanzaslik 23 yashar Isayya Griffin bezarar o`sma tufayli keloidlarga duchor bo`ldi
Isayya Griffin 17 yoshida ilk marta oyoqlarida keloidlarni payqab qoldi. Ma`lum bo`lishicha, o`spirinda bezarar o`sma bor ekan. Yigitchaning tanasi terida keloidlarning paydo bo`lishi bilan asta-sekin tuzalib borar ekan.
Rio-de-janeyrolik professional raqqosa Teyna Silva
Rio-de-janeyrolik professional raqqosa Teyna Silva ramaqijon baletchi qizlarga aslo o`xshamaydi. Lekin bu jihat Teyna uchun to`siq bo`lolmadi. Teyna tanasining hajmi qandayligidan qat`iy nazar har qanday odam raqs tusha olishini ko`rsatib qo`ydi. Qizning tan olishicha, bolaligidanoq balet raqqosasi bo`lishni orzu qilgan ekan.
10 yoshli qizaloq AQSh sportining umidi
Chandler King haftasiga 30 soat sport bilan shug`ullanadi. O`tgan yili qizaloq musobaqada o`n balldan to`qqiz ball to`pladi. Shunday jujuq bo`lishiga qaramay Chandler allaqachon kelgusida Olimpiada o`yinlarida qatnashadigan AQSh terma jamoasining ro`yxatiga tushgan.
Dunyodagi eng yosh motosiklchilardan biri — 4 yashar Jeydin Smart
Motokross olami tug`ilib-o`sgan to`rt yashar Jeydin Smart o`zidan yoshi katta raqobatchilarini ortda qoldirmoqda. Bolakayning ota-onasi farzandlarini yorqin professional karera yo`lida, deb hisoblashmoqda. Jeydinning ota-onasi – Joselinva Patrik Smart ham motokross havaskorlari. Bu oila Kaliforniyada umrguzaronlik qiladi. Ularning hatto xususiy poyga trassalari ham bor.
Angliyaning Lankasteridagi 5 yashar Ebigeyl va Izabel – Daun sindromiga chalingan egizaklardir
Ebigeyl va Izabel 2011 yilning iyun oyida dunyoga kelishdi. Oradan bir necha hafta o`tgach, qizaloqlarda Daun sindromi borligini ularning ota-onasi Mett va Jodi Perri bilish qolishdi. Egizaklarning ikkalovida ham bu sindrom borligi noyob hodisadir. Dunyoda bunday egizaklar milliontadan bittadir.
Keti Mid – kosmetika brendining yuziga aylanmish ilk Daun sindromiga chalingan qizdir
Keti Mid sochlarni parvarishlash vositalariga mo`ljallangan Beauty&Pin-Ups kosmetika brendining yuziga aylandi. Model va sobiq paraolimpiada sportchisi – byuti-brend kampaniyasida suratga tushgan ilk Daun sindromili qizdir.
Eng nozik suyaklar sohibasi – kaliforniyalik 6 yashar Freyjil Zoi Lash
Freyjilning suyaklarini shunchalik mo`rtki, hatto engil bosimdan ham sinib ketaveradi. Zoi ona qornidaligidayoq bir nechta suyagini singan, tug`ruq vaqtida o`mrovi, tug`ilganining ilk kunida-ku 100 dona suyagi singan.
Panjoblik sakkiz oyligida 18 kg. tosh bosgan chaqaloq
Sakkiz oylik ChaxatKumarnaq 18 kilogramm tosh bosadi. Ortiqcha vazni tufayli chaqaloq yomon uxlab, nafasi qisiladi. Qizaloq 10 yashar boladay oziqlanadi. Ortiqcha vaznning oqibatida qizchaning terisi shunchalik qalinlashib ketganki, shifokorlar tahlil uchun undan qon olishga qiynalishadi. Moliyaviy etishmovchilik sabab oila boshqa klinikalarga murojaat etolmayapti. Go`dakning onasi 21 yoshli Rinaning aytishicha, agar chaqalog`ini oziqlantirmasa, u chinqirib yig`larkan. Qizalog`iga ortiqcha azob bermaslik uchun Rina go`dakni ovqatdan qismoqchi emas, qancha xohlasa, shuncha ovqat bermoqchi.
Internet materiallari asosida Lola Shoimova tayyorladi