Sharifa, 28 yosh, Sirdaryo viloyati:
— Aslida uydagi gapni ko`chaga chiqarishni yomon ko`rardim. Buni qarangki, dardimni sizlarga yorishga majbur bo`ldim. Yaqinlarimga aytay desam, ularning siqilishini istamayman… Ikki yildirki, oilamda tinchlik yo`q. Undan oldin barcha bizga havas qilardi. Erim bilan bitta qishloqda ulg`ayganmiz. To`yimiz kattalarning ixtiyori bilan bo`lgan. Uch farzandni tarbiyalayapmiz…
Erimning ishi taqozo qilib, besh yildan buyon poytaxtda yashaymiz. Ikki yil avval kichik qaynsinglim o`qish uchun shu erga keldi. O`shandan buyon biz bilan yashaydi. Kenja bo`lgani uchun juda erka, aytganini qildiradigan qiz. Uni deb yaqindan buyon kichik farzandimiz bog`chaga bormaydigan bo`ldi, chunki turmush o`rtog`imning topgani ro`zg`orga, bolalarga, qaynsinglimning harajatlariga etmadi.
— Menga bergan pulingiz etmayapti, — deb ochiqcha akasiga araz qildi u.
— Tejab ishlat. Bir o`zim qay biringga etkazay? — erim tushuntirishga urindi.
— Anvar bog`chaga bormasa ham bo`ladi-ku! Yangam qaramay nima ish qiladi. Uning uchun ham har oy yuz mingdan oshiq pul ketdi, — aql o`rgatdi qaynsinglim.
Shu bilan bolamning bog`chaga borishi to`xtadi. Bora-bora u boshqa qiliqlar ham chiqara boshladi. Akasiga yomonlab, ikkimizni urishtiradigan odat chiqardi. Oxirgi paytda shu darajaga etdiki, erim meni kaltaklaydigan bo`ldi. Balki o`zingdan ham o`tayotgandir, dersiz? Men murosa qilishga, oilamni tinch saqlashga harakat qilaman. U esa darsdan kela solib, mendan kamchilik topa boshlaydi:
— Kun bo`yi uyda o`tirasiz, kelishimga ovqat qilib qo`ymabsiz.
— Ovqatni kechga qilaman-da, uyda borini eb turing.
Shu kichkina bahona ham katta janjalga aylanadi:
— Men darsdan qornim och keldim, yangam ovqat bermadi. Hademay, bu uyga kirolmay ham qolaman...
Erim jim turarmidi? Birdan menga qo`l ko`taradi. Bir og`iz gapirishimga, vaziyatni tushuntirishimga izn bermaydi. Bunaqa voqealarning cheki yo`q. Ba`zan o`zimcha qaynonamga aytsammikan, deb qo`yaman. Lekin baribir u kishi ham menga emas, o`g`li bilan qiziga ishonadi-ku! Janjallar va kaltaklardan yuragim bezillab qoldi. Jahlim chiqqanida, uyga ketsammi, ham deyman. Afsus, shuncha yillik tinch turmushimdan keyin ota-onam ham gaplarimga ishonmasligi mumkin. Iltimos, menga to`g`ri yo`l ko`rsating.
Maslahat: — Qaynsinglingizga hech qachon «erimning singlisi», deb qaramang, o`z singlingizdek ko`ring. Tasavvur qilingki, u uyingizda bir mehmon. Ertaga boshqa bir xonadonga kelin bo`lib ketganida, albatta, sizni tushunadi va qiliqlaridan uyaladi. O`shanda siz ham uyalib qolmaslik uchun hozirdan harakat qiling. Ya`ni yaxshi gapiring. «Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi», degan gap bejizga aytilmagan. Biror yumushingizdan kamchilik topadigan bo`lsa, birga bajarishga harakat qiling. «Sizning kelishingizni kutib turgandim, mana shuni bunaqa qilsak nima bo`larkan?» deb maslahatlashsangiz, u ham o`z-o`z o`zidan kirishib ketadi, ro`zg`or yumushlarini o`rganadi. Buning uchun ertaga sizdan minnatdor ham bo`ladi. Shirin so`z bilan har qanday dilni yumshatish mumkinligini unutmang. Doim shirin gapirsangiz, u sizga hecham qo`rs muomalada bo`lmaydi.
Manba: «SUG‘DIYONA» gazetasi.