Tashrif doirasida davlat rahbari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etib, unda barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyotni amalga oshirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni yaxshilash bo‘yicha global sheriklikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.
Davlat rahbari Doha shahrida Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Sony bilan ham samarali muzokara o‘tkazdi. Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportda O‘zbekiston Prezidentini Bosh vazir o‘rinbosari, mudofaa vaziri Shayx Saud bin Abdurahmon Ol Sony va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.
Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev AQSh Prezidenti Donald Trumpning taklifiga binoan Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh yetakchilarining "C5+1" formatidagi sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga jo‘nab ketdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, davlat rahbari AQSh Prezidenti Donald Trump, Kongress Senati va Vakillar palatasi a’zolari, AQSh vazirlik va idoralari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.
O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsion va gumanitar sohalarda yanada kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoning AQSh bilan mintaqalararo hamkorligini chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Ishbilmnonlik dasturi doirasda AQShning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari ishtirokida uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlar yakunida qator ikki va ko‘p tomonlama hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.






