AsosiySUG'DIYONA

YaNGI YILDA ORZULAR UShALIShI UChUN 6 TA ShART

'YaNGI YILDA ORZULAR UShALIShI UChUN 6 TA ShART'ning rasmi

Yangi yil — mo``jizaviy bayram! Shu kun dilga tukkan, tilga ko`chgan orzular ushalishiga ishonamiz! Ammo yil yakuniga kelib, hafsalamiz pir bo`lishi ham hech gapmas. Keling, bu yil boshqacha yo`l tutamiz. Ruhshunosimiz sizga orzularning ushalish yo`llarini o`rgatadi, siz esa erinmay bu usullarni bajarib ko`ring.

1-shart: orzular daftarini tuting!

Bugun — 28 dekabr. Yuqorida aytganimizdek, 31 dekabrni kutish shartmas. Qo`lingizga qog`oz va bitta daftar oling. Ana endi unga kelayotgan yildan kutayotganlaringiz va ko`zlaganlaringizni yozing. Maqsadlaringiz hayotingizning barcha jabhalarini qamrab olsin va ularni alohida-alohida sahifalarga yozing. Masalan:

Shaxsiy hayot:

«Turmush o`rtog`im bilan munosabatlarimni mustahkamlayman».

«Farzandimni ingliz tilida sayrab ketishiga yordam beraman».

Karera:

«Yangi ish boshlayman».

Ko`nglim uchun:

«Rimga boraman!»

«30 ta yangi kitob o`qiyman»

Pul:

«Cobalt» mashinasini olaman»

Tashqi ko`rinish:

«Sochimni «kare» qilib kestiraman»

«Burnimni plastik operasiya qildiraman»

2-shart: orzular o`zingizniki bo`lsin!

Yuqoridagi taxminiy ro`yxatni istaganingizcha davom ettirishingiz mumkin. Faqat bu orzular o`zingizniki bo`lsin! Majburiyat, talab yuzasidan qilishingiz kerak bo`lganlarini emas, ich-ichingizdan amalga oshishini istaydiganlaringizni yozing.

3-shart: jismoniy va ruhiy imkoniyatlarni hisobga oling!

Maqsadlarni chegaralashni nazarda tutmayapmiz. Shunchaki, ular aqlga sig`maydigan darajada bo`lmasligi kerak. Deylik, siz oldingizda turgan 100 kilo toshni ko`tara olmaysiz. Ammo 200 kilo toshni ko`taraman, deb maqsad qilasiz. Oqibatda, buni uddalay olmay, battar tushkunlikka tushasiz.

4-shart: qo`rqmang!

Qo`rquv orzularni chekintiradi. Tasavvur qiling, restorandasiz. Ofisiantga o`zingiz sevgan taomni buyurtirdingiz. Agar «Oshpaz bu taomni yaxshi pishirarmikan?» «Ofisiant vaqtida olib kelarmikan?» «Olib kelguncha qo`lidan tushirvorsachi?» degan xavotirlar bilan yonsangiz, yo gumonlaringiz tasdig`ini topadi, yoki eganingiz bilan taom lazzatini tuya olmaysiz. Orzu qildingizmi, endi uni ochiq havoga qo`yib yuboring. Bu maqsadlarni amalga oshirish yo`lida harakat qilmay qo`l qovushtirib o`tiring degani emas. Shunchaki, hadeb amalga oshmasa-chi degan qo`rquvga berilmang. Tabiat qonuni unutmang: urug`ni erga qadashingiz bilan unmaydi, orzular ham xayolga kelishi bilan ro`yobga chiqmaydi.

5-shart: qasdma-qasd yo`l tutmang!

Umr yo`ldoshingiz bilan orangizga sovuqchilik solmoqchi bo`lganlarning ko`zini kuydirish uchun u sizni avvalgidek sevishini istayapsizmi? Yoki mashinasini uchirib yurgan dugonangizga qarab «Undan nimam kam?» deya «Cobalt» olish tashvishiga tushganmisiz? Agar kimgadir qasdlashib o`z oldingizga maqsadlar qo`yayotgan bo`lsangiz, chuchvarani xom sanabsiz. Tanangiz sizga bo`ysinmaydi. Ya`ni u bema`ni maqsadalar uya qurgan miyangizga qarab «Sen aqlingni yo`qotgan bo`lsang, ayb mendamas», deya to`nini teskari kiyib oladi.

6-shart: his qiling!

Birzum ko`zni yumib tasavvur qiling, mana, Rimga ham bordingiz? Nimalarni ko`rayapsiz? Qanday suratlarga tushayapsiz? Buyurtirgan pissangizni olib kelishganda dimog`ingizga qanday hid urildi? Uning mazasini og`zingizda sezayapsizmi? Xuddi shunday barcha orzularingiz ushalganda o`zingizni qanday his qilasiz, o`sha tuyg`uni bugunoq qalbingizdan kechiring. Bu borada psixologik maxsus mashq quyidagicha:

Uyingizda ikkita joyni belgilab oling. Doira yoki biror shaklni xayolan ham chizmang. Bir tomonda o`tirib, bir yildan keyin xuddi shu kunda o`zingizni qanday tasavvur qilishingizni ko`z oldingizga keltiring: qo`lida mashinasining kaliti, sochlari kare shaklida kesilgan, yonida bir dasta eri sovg`a qil qip-qizil atirgullar, o`zigan ishongan va baxtdan sarmast ayolni ko`rib havasingiz keldimi? Tushimmi yo o`ngimmi deysizmi? Іa, bu siz! Sizning kelajagingiz. Endi vaqti-vaqti bilan undan maslahat so`rashingiz mumkin. Axir tajribasi bor, hamma narsaga erishgan ayol u. Uning o`rniga o`tib, tik turgan holda kelajagingizning energiyasini, hislarini tuying. Tasavvuringizni boyitib, kelajagingiz qiyofasini o`zgartirib borish imkoniga ham egasiz.

Yangi 2018 yil omadli va baxtli lahzalarga boy kelsin! Barcha orzularingiz ushalishishiga ishonamiz!


Shoira VAFOEVA

    Boshqa yangiliklar