1

TARIX YaRATGAN ShAXS HAQIDA O`YLAR

Mutolaa 03.01.2018, 14:48
TARIX YaRATGAN ShAXS HAQIDA O`YLAR

Yaqinda bir ajoyib kitob nashrdan chiqdi. Bu siyosiy fanlar doktori To`lqin Alimardonov qalamiga mansub “O`chmas Sharaf” monografiyasi bo`lib, kitobda millatimizning mutafakkir farzandi, ayni vaqtda o`zbek xalqi tarixining butun bir davrini yaratgan buyuk shaxs, ulug` davlat arbobi va taniqli o`zbek adibi Sharof Rashidov hayoti va faoliyati tarix kuzgusida oydinlashtiriladi.

Jamiyatning shaxs tarbiyasidagi roli, shaxsning jamiyat hayotida tutgan o`rni masalalari juda qadim zamonlardan buyon turli munozaralarga sabab bo`lib keladi. Zero, tarixda jamiyat tarbiyasi dunyoga tanitgan buyuk shaxslar yoki aksincha jamiyatni yuksaltirgan ulug` mutafakkirlar ko`plab uchraydi. Oqibatda tarix (ya`ni o`tib boruvchi hayot va jarayon) shaxslarni yaratadimi yoki shaxslar tarixnimi, degan savol tabiiy ravishda paydo bo`ladi.

T.Alimardonov bir birini to`ldiruvchi mazkur ikki masalaga doir nazariy qarashlarni mutafakkir, buyuk davlat rahbari va adib Sharof Rashidov misolida tahlil qiladi. Bir qarashda monografiyada jamiyat, tarix va shaxs tushunchalari atrofida ham jamiyat, ham tarix ham shaxsning betakror qirralari ochib beriladi. Atigi uchtagina tushunchaning ming turli tovlanuvchi xususiyatlari olimona sinchkovlik bilan oydinlashtiriladi. Natijada muallif zamon, makon, xalq, millat, davlat, siyosat, sohalar, rejalar, natija va oqibatlar, xislatlar, fazilatlar, harakatlar, shart-sharoitlar va boshqalar goh jamiyatning etakchiligi, gohida shaxsning rahbarligini isbotlab, jamiyat va shaxs munosabatlarining tarixiy nuqtai nazardan doimiy o`zgaruvchanligini ko`rsatib beradi. Shunisi ham qiziqki, shaxsning jamiyatda egallagan mavqei uning tarixiy faoliyati bilangina emas tarixiy xotirasining sifati bilan ham belgilanadi. T.Alimardonov bu masalalarning hammasini Shrof Rashidov siymosi misolida muvaffaqiyatli tahlil qiladi. Haqiqatda Sharof Rashidov hayoti va faoliyatining avlodlar tarixiy xotirasidagi sifatini u amalga oshirgan faoliyatga nisbatan ko`p insonlar tomonidan bildirilgan yoki aytilgan fikrlar tarozisida o`lchaydi. Buni muallif shunday ta`kidlab o`tadi: “Sh.Rashidov shaxsiga baho berishda tadqiqotning bosh masalasi bo`lgan totalitar jamiyatning O`zbekistonga tatbiq etgan siyosiy boshqaruvining mustamlaka va tajavvuzkor mohiyati, xo`jalik yuritishning ma`muriy-buyruqbozlik uslubi hamda undan kelib chiqqan fojialar ko`lami, ziddiyatli inson va davlat manfaatlari, bo`sundirishning xufyona usullari va uning siyosiy-iqtisodiy va mafkuraviy vositalari, ayni paytda, xalqning zanjirbandligi holatida yuksalish va istiqbol maqsadlarga intilish, tashqi va ichki siyosiy tazyiqlar bosimini yumshatish va bunda millat etakchisining jasorati, uning imkoni yoki vaqti etmagan muammolari bilan uyg`un qarashga hamda xulosalar chiqarishga harakat qildik”. Bu jamiyat va shaxs munosabatlari muammosini yoritishda ajoyib uslub va amaliy natija.

Monografiya markazida Sharof Rashidov timsoli turadi. Timsol doirasiga qarab bir kichik monografiyada bir necha yuzlab chiziqlar tortiladi va bularning har biri bir soha belgisi. Bu quyosh barkashining ming-minglab torlarda nur taratishiga o`xshab ketadi. Ularning har biri ustida qilingan analizga oid fikrlar kishini to`lqinlantiradi. Masalan, kitobni o`qish jarayonida qo`riq erlarning o`zlashtirilishi tarixi bilan bog`liq voqealarga e`tibor qarating. Chor imperiyasi Turkistondagi qo`riq erlarni o`zlashtirishdan mahalliy xalqning foydasini ko`zlamaganini amalga oshirilgan siyosat misolida yaqqol ko`rasiz: Rossiya fabrikalari uchun paxta xomashyosi miqdorini oshirish, o`zlashtirilgan erlarga boshqa xalqlarni ko`chirib kelish vositasida erli aholi birdamligini parokanda qilish, qurama xalqni yaratish orqali boshqaruvga egalik qilish, hududda imperiyaga sodiq burjuaziya qatlamini shakllantirish, iqtisodiyotni qaramlikda tutish, mahalliy taraqqiyot emas, xohlagan vaqti to`xtatish yoki ko`chirish mumkin bo`lgan taraqqiyotni qo`llab-quvvatlash, zamonaviy bilim va kasbga ega kadrlar ko`payishiga imkon bermaslik, oxir-oqibatda turkistonni chor imperiyasining ajralmas qismiga aylantirish va boshqa shu kabi ko`plab maqsadlar.

T.Alimardonov qo`riq erlarni o`zlashtirishning sovet davri maqsadlarini ham ana shunday tizimli, izchillikkik bilan ochib beradi. Chor imperiyasi bilan Sovet ittifoqi siyosati va maqsadlari orasida aytarli katta farq yo`q. Lekin ittifoq imperiyacha maqsadlarni yanada mukammallashtirganini ko`rish mumkin. Jumladan, T.Alimardonov o`tgan asr boshlarida tashkil topgan Sovet ittifoqi tarkibida bo`lgan O`zbekistonda ijtimoiy shart-sharoit, jarayonlarning o`zgarishi, mamlakatga ittifoq markaziy hukumati tomonidan ko`rsatilgan tazyiqlar, iqtisodiy tanglik, ayni vaqtda kadrlarga nisbatan salbiy munosabatlarning ochiq va amaliy namoyon bo`lishi, markaziy hukumat xatti-harakatlarida millatlararo birdamlik niqobi ostida sobiq imperiya siyosati yangicha talqinda, shakllarda amalga oshirilishi, ittifoqning “aybini bo`yniga qo`yish orqali” (L.Levitin) mafkuraviy ta`sir ko`rsatish yo`li bilan xalqlar qaramligini yanada oshirishga bo`lgan intilishi, shu yo`lda ishlab chiqilgan strategik reja va amaliy xatti-harakatlar, O`zbekiston SSRning siyosiy va iqtisodiy hayoti, respublika, uning mehnatkashlari paxtaning yalpi hosili ketidan quvishning azob-uqubatlari, majburiyatlarning ko`r-ko`rona oshirib borilishi, partiya amal qilmaydigan qonunlarning ortishi va ularning qog`ozlardagina qolishi, ijtimoiy adolat tuzumlarining aynib buzilishi, hali nafasini rostlay olmagan xalq bo`yniga og`irdan-og`ir vazifalarning muntazam qo`yilaverishi kabi amaliyotning shakllanishi va shunga o`xshash boshqa ko`plab masalalarni ham xolisona va dalillar bilan yoritib beradi.

T.Alimardonov yozadi: “Sh.Rashidov o`sha davrda o`zining darajasidagi boshqa barcha rahbarlar qatori O`zbekistonning iqtisodiy-ijtimoiy siyosatini mustaqil belgilash imkoniyatiga ega bo`lmagan. Bunday imkoniyat KPSS va Markaziy ministrliklar qo`lida bo`lgan. Ittifoqdosh respublikalar bo`ysunuvchi mahalliy hokimiyatlar bo`lgan xolos. Mana shunday sharoitda O`zbekiston xomashyo etkazib beruvchi bir mintaqa, hatto eng oddiy masalalarni markazning ixtiyorisiz hal etish qobiliyatiga ega bo`lmagan o`lka edi. Lekin, shunday sharoitda ham, Sh.Rashidov o`zining mohir siyosatchi ekanligini ko`rsata bilgan. U har qanday yo`l bilan bo`lmasin Markazning ishonchini qozonishga, kuchli byurokratik tizim changalidan O`zbekistonning ulushini ajratib olishga muvofiq bo`lgan. Buning natijasida u o`z xalqini manfaatlari foydasiga talay ijobiy o`zgarishlar qilishga erishdi. O`zbekiston, tom ma`nodagi agrar respublika darajasidan industrial agrar respublikaga aylandi.”

Mana shu keng qamrovli, o`ta murakkab va inson hayoti uchun tahlikali jarayonlar silsilasida o`z xalqi manfaatlarini ezuvchilardan himoya qila oluvchi, ularning zulmkor manfaat va maqsadlarini millat forovonligiga yo`naltiradigan, qullarcha mehnatni erkin va ozod mehnatga aylantirishga qodir, yuz foiz foyda olish uchun berilgan mablag`dan ikki yuz foiz foyda olib, uning yuz foizini xalq manfaatlariga qarata olishga uquvli, xo`jayin yo`q deb turganda undan mablag` undirib, el farovonligiga safarbar etishga layoqatli chapdast, zukko shaxs qanday shakllangan? Shunday zamon, makon va siyosatdan inson manfaatlari, xalq taraqqiyoti, millat ravnaqi va vatan obodonligi uchun vaqt, imkoniyat, hamfikr, mablag`, iroda topish hamda uni o`ta hassos diplomatik yo`l bilan amaliy hayotga joriy etish qudrati nimada edi?

T.Alimardonov ana shu savollarga tarixiy Sovet ittifoqi va Sh.Rashidovning undagi tarixiy faoliyati bilan bog`liq quyidagi kabi real ma`lumotlar, dalillar va boshqa vositalar orqali javob beradi: “Sh.Rashidov s`ezd va shunga o`xshash Oliy yig`inlardan unumli foydalangan, Markaz rahbarlari oldida O`zbekistonda paxta etishtirishning erkin istiqbollari xaqida ma`ruza qilgan... Buyukdavlatchilik siyosati namoyondalarining ishtahasini qitiqlagach esa, buning uchun yangi erlarni o`zlashtirish lozimligi, ko`plab texnika va texnologiyadan markazning yordam berishi zarurligini qistirib o`tar, so`ngra zaldagi O`zbekiston deputatlari Sh.Rashidovning fikrini tasdiqlovchi, to`g`rirog`i ana shu fikrlarni yanada mustahkamlovchi chiqishlar qilishardi”.

Siyosiy uzoqni ko`ra bilish, hammaslaklarni birlashtirish, ko`zlangan maqsadni qabam-baqadam rejalashtira olish va uni o`z o`rni va joyida ko`tarib chiqa olish. Mana Sh.Rashidovning qobiliyati nimada edi.

T.Alimardonov Sh.Rashidovning shunday yo`l tutib, masalan, birgina qo`riq erlarni o`zlashtirishni industrlashtirish rejasidan ko`zlagan maqsadlari qanday natijalarga olib kelganini shunday izohlaydi: “Sh.Rashidov 60 yillarga kelib O`zbekistonda qo`riq erlarni yirik reja va industrial asosda o`zlashtirish imkoniyatini vujudga keltirishga erishdi. Bu imkoniyat, avvalo markazlashgan ma`muriy davlatning paydo bo`lgan iqtisodiy qudratidan oqilona foydalanishda namoyon bo`ladi va amalda ham o`z aksini topadi. Bu ishlarga o`nlab ittifoq loyihalashtirish ilmiy institutlari jalb etiladi. Yuzlab yangi, zamonaviy muhandislik ishlari tajriba qilinadi. Bu erda birinchi bor muhandislik irrigasion tizim tashkil etiladi. Birinchi bor yopiq gorizantal drenaj, ishlab chiqarish qo`llaniladi. Suv xo`jaligi qurilishida yangi texnalogiya va konsturuksiyalar paydo bo`ladi. Qishloq xo`jaligini rivojlantirishning yangi industirual shakllari joriy etiladi. Keng miqyosda ishlab chiqarish o`rinlari tashkil etiladi. Aholi zichligini bartaraf etish, oziq-ovqat bilan ta`minlash imkoniyatini kengaytiradi. Natijada O`zbekiston qishloq xo`jaligini industrial-sanoat asosida rivojlangan etakchi respublikaga aylanadi. Bu boradagi uning salohiyati nafaqat ittifoqda balki, dunyo miqiyosida e`tirof etiladi... Oxirgi ma`lumotlarga ko`ra, respublikaning qo`riq erlarida 160 ta davlat xujaliklari (sovxoz) tashkil etildi, 7,7 mln. kv. metr uy-joy binolari, 37 ming o`rinli maktabgacha bolalar tarbiya muassasalari, 102 ming o`rinli umumta`lim maktablari barpo etildi. O`zlashtirilgan erlarda asosan paxtazorlar, bog`lar bunyod etildi, oziq-ovqat ekinlari etishtirildi. Qo`rik erlarda yirik qishloqlar, xo`jaliklar, tumanlar vujudga keltirildi, yangi shaharlar qad ko`tardi. Masalan, faqat Mirzacho`lning yangi o`zlashtirilgan erlarida Paxtakor, Ilich, Do`stlik, Arnasoy, Oqoltin, Mehnatobod va boshqa tumanlar bilan bir qatorda Yangier, Guliston, Pax¬takor, Do`stlik, Shirin, Baxt kabi shaharlar paydo bo`ldi... Bir paytlar odamlar qudrati etmagan cho`l bag`riga yangi zamonaviy loyihalar asosida uy-joy, madaniy-maishiy inshaotlar qad ko`tardi. Suv, elektr quvvati, gaz, issiqlik uzatish kommunikasiyalari, aloqa tizimi, temir va avtomobil yo`llari qurildi”.

Maqsadni amalga oshirishning qoyilmaqom uslubi. Odatda bir yurishning ortidan o`nlab, yuzlab yurishlarni rejalashtirish o`ta kuchli shaxmatchilarga xos. Lekin shaxmat bir o`yin, xolos. Ammo yuksak boshqaruv lavozimida turib bosilgan har bir qadam taqdirni hal qilishi mumkin bo`lgan real ijtimoiy hayot sharoitida shunday yurish, shunday natija! Buning uchun “Dushmannida do`st qiladigan” (X.Hasan) yuksak mahorat talab etiladiki, bu kamdan-kam uchraydigan noyob salohiyatdir.

Shuningdek, T.Alimardonov monografiyada chor istilochilari yurtimizni mustamlaka asoratiga solgan davri, uning vorisi bo`lmish sovetlarning kommunistik ideologisi o`rnatgan qaramlikda saqlash rejimi davrlarida er, suv va boyliklarga munosabat, qaramlik zamonida mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining amalga oshirilishida Sh.Rashidovning roli va xizmatlari, Sh.Rashidov rahbarlik qilgan davrning o`ziga xos xususiyatlari, Sh.Rashidovning undan hushyor va ustalik bilan foydalana olish xarakteri, Respublikamizda kadrlar salohiyatini oshirishda u tomonidan qilingan ishlar, mamlakatning faqat ittifoq doirasida emas xorijiy mamlakatlarda ham obru qozonishida bu buyuk shaxsning o`rni kabi masalalarni ham keng tahlilga tortgan. Monografiyada keltirilgan ko`plab statistik ma`lumotlar, rasmiy hujjatlardan ko`chirmalar, zamondoshlar tomonidan bayon qilingan faktlar uning ma`naviy salmog`ini yanada oshiradi.

Kitobda T.Alimardonov 80-yillar va mustaqillik davrida Sh.Rashidov siymosi va faoliyati tanqidiy yoritilgan ko`plab manbalarni tahlilga tortgan. Ularning ba`zilarida Sh.Rashidov rahbarligida amalga oshirilgan ayrim ishlar respublika ekologiyasi, aholisi sog`ligi va boshqa ayrim xalq xo`jaligi tarmoqlariga zarar etkazganligi aytiladi. T.Alimardonov bu mandalarning maqsadi, qamrov doirasi, ularda tanqid qilingan ishlarning foyda va zarar hajmlari nisbati, zamon, talab va sharoit taqozosi kabi o`lchovlar asosida tahlil qilib, xolis va juda o`rinli xulosalar ham taqdim etadi. Haqiqatan Sh.Rashidovning harakatlari natijasida O`zbekistonda millionlab gektar sug`orma erlar, minglab zavod, fabrika, ishlab chiqarish kombinatlari, minglab qishloq, posyolka shaharchalar, bog`cha, maktab, texnikum, institutlar, bir necha o`n minglab uy-joylar, madaniy-maishiy maskan, xizmat ko`rsatish tarmoqlari, bog`lar va sayrgohlar barpo etildi, millionlab odamlar ish bilan va demakki maosh bilan ta`minlandi. O`sha davrda barpo etilgan bu narsalar hozir ham mavjud va aholiga xizmat ko`rsatishda davom etmoqda. Aslida shart-sharoit, kadr, ilm-fan, ishlab chiqarish, jamiyat va davlat tushunchalarining shunday ketma-ketlikda o`zaro uyg`un birikuviga Sh.Rashidov tamal toshini qo`ygan edi. Bunga ko`plab faktlar bilan misollar, aniq statistik ma`lumotlar bilan dalillar keltirgan T.Alimardonov shu ishlar orasidan kamchilik topib, uni Sh.Rashidov nomiga taqab tanqid qilish xolis ish esamligini ta`kidlaydi. Zero, shu sharoitda undan ortig`iga qodir emsligini ham ta`kidlab o`tadi. Shu o`rinda bir tarixni eslash joiz. Hazrat Sohibqiron Amir Temur tuzuklarida o`z faoliyat uslubi haqida gapira turib “ikki foydali va bir zararli tomoni bo`lsa, bu ishni qildim, bir foydali, ikki zararli tomoni bo`lsa bu ishdan o`zimni tiydim”, deydi. Nazarimizda Sh.Rashidov bu hikmatni yaxshi bilgan va buyuk bobolar o`giti sifatida unga amal qilgan. T.Alimardonov mazkur kitobda Sh.Rashidov faoliyatini baholashda ana shu hikmatdan ham kelib chiqadi.

Siyosiy fanlar doktori

F.R.Ravshanov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1