Doim o`zingizga bo`lgan ishonchni oshiring

SUG'DIYONA 17.01.2018, 11:08
Doim o`zingizga bo`lgan ishonchni oshiring

Insonning o`ziga bo`lgan ishonchi hayotda katta rol o`ynaydi: jamiyatda o`z o`rnini topishida, munosabatlarda baxtni his qilishida, omad kulib boqishida va hokoza. Xo`sh, ishonch qanday paydo bo`ladi? Uni oshirishning psixologik usullari bormi? Ruhshunos Shahnoza XALILOVA bilan mavzuni tahlil qilamiz.

Ishonch — tabiiy narsa. Hech kim ishonchsizlik bilan dunyoga kelmaydi. Go`dak bolaga e`tibor bering, u o`z-o`zidan emaklay boshlaydi, atak-chechak qiladi, qiziquvchanlik bilan atrofidagi narsalarga qo`l uzatadi, qo`yib bersangiz, sherning qafasiga ham qo`rqmasdan kirib borishi mumkin. Qo`rquv, xavotir begona bo`lgani uchun ham bolalarda hammasi tabiiy kechadi. Ishonchsizlik keyinchalik paydo bo`ladi, ya`ni u orttirilgan muammo. Tarbiya, yomon tajriba, ijtimoiy muammolar, ruhiy va jismoniy jarohatlar uning yuzaga kelishini ta`minlaydi.

«Begona o`tlar»

Ishonchni oshirishning psixologik usullari bormi? Yo`q. Javobimiz qiziq tuyuldimi, aziz o`quvchi? «Doim o`zingizga bo`lgan ishonchni oshiring», deya yozasizlar-ku deyishga shoshmang. Bog`ingizda o`sayotgan gulning bo`yini qo`lingiz bilan cho`zib qo`ya olmaysiz-ku? U gurkirashi uchun atrofidagi begona o`tlardan xalos etasiz. Ishonchni yuzaga chiqarishda ham shu oddiy qoidaga rioya etish kerak. Ya`ni to`siqlarni olib tashlash lozim. To`siqlar quyidagicha:

Jismoniy og`riqlar, tanadagi qisilishlar. Bor quvvatingiz og`riqlarni engishga sarf bo`layotgani sabab tanangizda erkin energiya yo`q. Shuning uchun ham bemalol harakatlanolmaysiz, diqqatni jamlolmaysiz. Joningiz og`rib turganda chalg`ish uchun yo kelajakka parvoz qilib, xayollarga sho`ng`ib ketasiz, yoki tushkunlikka berilib, o`tmish xotiralariga berilasiz. E`tibor bersangiz, ko`p hollarda og`riqlar chekingach, o`zingizga ishonch paydo bo`ladi.

O`zini qabul qila olmaslik, muammolarni ham. Bu tarbiyaga borib taqaladi. Chunki kattalar o`z muammolarini bolalarga ko`chirishadi. Oqibatda bola biror harakati yoki jihatini ayb sanay boshlaydi, tortinchoqlik, o`ziga ishonchsizlik paydo bo`ladi. Jamoaga, jamiyatga qo`shilib ketishga qiynaladi. O`zini-o`zi qabul qila olmagan odam boshqalar uni qabul qilishiga qaerdan ham ishonsin, axir?!

Tanqid. Huda-behuda tanqidga uchrash ham kishini sindirib qo`yadi, ayniqsa, bolalarni. Albatta, xatoni to`g`irlash, bolalarga odob-ahloqni o`rgatish yaxshi. Ammo nuqul «Unday qilma, bunaqa qilma», deya har bir harakatini cheklab, tanqidu tanbehlarga ko`mib, boshqalar oldida izza qilib, kishining ishonchini so`ndirib qo`yish hech gapmas! Ishonchi so`nmagan taqdirda ham nosog`lom ishonch shakllanishi mumkin. Xatti-harakatlarimiz, gap-so`zlarimiz, yurish-turishimizni nishonga olaverishgach, o`zimizni ortiqcha nazorat qila boshlaymiz. Boshqalarning cheklovlari refleksga aylanib, ong ostimizga o`rnashadi. Xotirjam qadam tashlay olmaymiz. Nuqul xato qilib qo`yishdan qo`rqib, xavotir bilan yashaymiz. Go`yoki oyoq-qo`limiz zanjirlab tashlangandek. Bu o`rinda ishonch haqida gap-so`z bo`lishi mumkin emas.

Shartli ishonchsizlik. Aslida, o`ziga ishongan odam biror dovondan oshish oldida o`zini yo`qotib qo`yishi ham kuzatiladi. Masalan, orzu qilgan yoki maoshi, obro`yi yuqori bo`lgan lavozim uchun suhbatga borayapsiz. Siz uchun bu ishga qabul qilinishingizning ahamiyati juda katta. Unga yuqori baho bergansiz. Hayajon kuchli. Xavotir ham bahongizdan kam emas. Suhbatda o`zingizni qanday tutish, qanaqa qiyofada ko`rinish haqida tinmay o`ylayapsiz. Ong ostingiz bor kuch-quvvatnini shunga sarflayapti. Muvozanat buzilgan — ishonch yo`qolgan.

Ruhiy jarohatlar, yomon xotiralar ham ishonchning chekinishiga olib keladi. Chunki tanangiz bu erda bo`lgani bilan, ruhingiz o`tmishda — qalbingizga ozor etgan kunda qolib ketadi. Bugun va shu erda yashamagan inson esa o`ziga ishonmasligi tabiiy.

Endi nima qilamiz?

Tabiatning o`zi ishonchdir. Bu shunchaki faylasufona gap emas. Qachonki inson ichidagi bandi bo`lib qolgan tabiatni zanjirlardan ozod etsa, soxtalikdan yiroqlashib, tabiat bilan uyg`unlashsa, ishonchni his qiladi. Buning uchun turli psixologik reseptlar shart emas.

Ishonchni oshirishning eng samarali usuli — sport bilan shug`ullanish, raqsga tushish. Esingizda bo`lsa, o`tgan yili ayni shu kunlarda Rio-2016 musobaqalarida g`oliblikni qo`lga kiritgan sportchilarimiz bilan uchrashib, maqola tayyorlagandik. Braziliyadan uchib kelganiga ko`p bo`lmagan, poytaxtning serhasham mehmonxonasiga joylashgan, atrofida ko`pchilik parvona bo`lgan sportchilarimizda na hayajon, na kibrni kuzatganman. Ular shunchalik samimiy va bemalol harakatlanishgandiki, o`zlariga ishonishlari shundoq ko`zga tashlangandi. Gap oltin medallarda emas, ular har kuni sport bilan shug`ullanib, ruhiy va jismoniy bosimdan, salbiy energiyadan xalos bo`lishadi. Shungami, suratga qanaqa tushdim, o`zi nima dedim kabi qo`rquvlar bilan o`zlarining ham, bizning ham boshimizni qotirishmagan. Uncha-muncha «yulduz»larimiz esa bergan intervyusi, tushgan suratlarini qayta-qayta ko`rib, to gazetani nashrga topshirgunimizcha o`zgartirishdan charchashmaydi. Goh tashqi ko`rinishlaridan qoniqishmaydi, goh gapirgan gaplaridan. Aslida, muxlislari ko`ziga boricha ko`rinib qolishdan cho`chishadi-da. Yana bir misol, koreys seriallarida uddaburon, omadli tadbirkorlarning ertalab yugurishni kanda qilishmasligiga guvoh bo`lgansiz. Kallayi sahardan issiqni issiq, sovuqni sovuq demasdan yugurishlari bejizga emas-da. Tana salomatligi ruh uyg`oq va sog`lom bo`lishini ta`minlaydi. Xullas, o`zingizga ishonishni istaysizmi, jismoniy mashg`ulotlar bilan shug`ullanishni boshlang!

Ishonchning asosiy bo`g`ini — maqsad! Hech bir inson maqsadsiz yashay olmaydi. Maqsadi aniq bo`lmagan odam ong ostining anglanmagan haqiqatlari bilan yashaydi («Nima istashimni o`zim ham bilmayman»), yot g`oyalarni olishga majbur bo`ladi («Falonchi dugonamning yigiti bor, menda ham bo`lishi kerak», «O`rtog`im mashina oldi, men ham mashina minishim lozim»)

O`zingizdan qolar gap yo`q, noaniq manzil tomon yo`lga chiqqan odamning odim olishi ham ishonchsiz bo`ladi. O`zini yo`qotib qo`yadi. Ishda omadi chopmaydi, munosabatlarda yutqazadi. Demak, oldimizga maqsad qo`yamiz. U olamshumul bo`lishi shartmas, muhimi — tabiiylik va aniqlik.

O`zingizga past baho bermang. Buning uchun erishishni istayotganingizni yuqori baholab yubormaslik kerak. Bilasizmi, tabiatda bu arzon, bu qimmat degan tushuncha yo`q. Hamma narsaning o`z o`rni bor, xolos. Nimagadir yoki kimgadir katta baho berib, uning qiymatini sun`iy ravishda ko`tarishimiz bilan xotirjamlikni yo`qotamiz. Hayot-mamot masalasiga aylantirib qo`yganimizni yo`qotmaslik uchun sun`iylashamiz, o`zimizga nazoratni kuchaytiramiz, borimizcha namoyon bo`lmaymiz. Bunday ishonchsizlik bilan hech nimaga erishib bo`lmaydi, aksincha yo`qotamiz. Ishonch, bu — ichki tuyg`u. Uni tashqi omillarga bog`liq qilib qo`yish yaramaydi.

Yomon xotiralar, qo`rquvlardan xalos bo`ling. Ularni qo`yib yuboring. Peshana, taqdir deganlarini qabul qiling. Agar bir o`zingiz o`tmishning soyasini engishga kuch topolmasangiz, mutaxassisga murojaat qiling.

Bugun va shu erda yashang! Buning uchun yuqoridagi tavsiyalarni amal qilishingiz kerak. Sport bilan shug`ullaning — tetiklashasiz. Og`riqlardan xalos bo`ling. Aytgancha, bugun bilan yashash degani bor-budingizni sochib, hozir o`ynab-kulib qolish emas. Bugungi hissiyotlarni his qiling, ayni paytdagi lahzalardan bahra oling. «O`g`limni uylantirishim kerak», deb yigirma yildan keyin bo`ladigan to`y uchun hozirdan kuyinib, g`am chekmang.

Xavotir paydo bo`lsa, chuqur-chuqur nafas oling. Bu hozir va shu erda bo`lishingizga yordam beradi.

Eng muhimi, o`zingizga ishoning. Qo`lingiz bu — qo`l. U o`z vazifasini bajaradi. Eplay olmayman demasdan, o`z ishini qilishni unga qo`yib bering. Ya`ni tanangiz tabiat ato etgan vazifalarini bajarishiga ishoning. Shunda xotirjamlikni qo`ldan boy bermaysiz.

Biz Sizga ishonamiz!

Shoira ShAGIAHMEDOVA tayyorladi.

Sharhlar

Anora 01.12.2023, 07:19
Raxmat
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1