1

Feysbilding — yuz uchun fitness

SUG'DIYONA 05.03.2018, 10:59
Feysbilding — yuz uchun fitness

Bugun zamonaviy xonimlar chiroyli va raso qaddi-qomatga ega bo`lish uchun nimalar qilishmaydi, deysiz. Fitness, sheyping, yoga, aerobika mashg`ulotlariga o`zlarini urishadi, amerikacha, yaponcha, fransuzcha va yana allambalo parhezlar haqidagi qo`llanmalar, semirtirmaydigan taomlar reseptlarini esa har ikki ayoldan birining telefonida uchratish mumkin. Chiroyli qomat uchun har qanday jismoniy zo`riqishga, kezi kelganda faqat sabzavot chaynashga ham tayyor ekanmiz bor gap. Ammo qomatni asrash yo`lida o`zimizni har qancha qiynashga tayyor tursak-da, yuz parvarishini ko`pincha e`tiborsiz qoldiramiz. Yo`q, qimmatbaho kremlar, pardoz vositalari, turli organik niqoblar, kosmetologik muolajalarni kanda qilmaymiz, albatta. Ammo yuz terisi tarangligini uzoqroq muddat saqlab turish uchun bularning o`zi kamlik qiladi. Qolaversa, yuqorida eslangan zormandalarning narxi ham ba`zan chindan «chaqib ketadi». Quyida botoks ukollari va qimmatbaho muolajalarsiz yuz tarangligini saqlashning juda qulay va oson usuli bilan bo`lishmoqchimiz.

Qarshi oling, hamyonbop usul!

Bu nima o`zi? Qisqa qilib aytganda, feysbilding yuz terisi salqishining oldini olish uchun maxsus mashg`ulotlardir. Kun davomida ushbu muolajaga atigi 30 daqiqa vaqt sarflash orqali ajoyib natijalarga erishish mumkinligiga kafolat beramiz.

Baqbaqani yo`qotish uchun

Iyagingizni mushtingiz bilan tirang (1-rasm). So`ng og`zingizni ochib, pastki jag`ingizni iloji boricha pastroqqa, to jag` qismidatortilish sezmaguningizga qadar tushiring va shu holatda bir necha soniya turing (2-rasm). Shundan keyin tilingizni chiqarib, uni iyakka qadar cho`zishga harakat qiling. Yuz mushaklari maksimal darajada tortilganini his qilganingizdan so`ng shu holatni 2 soniya ushlab turing.

Muhim! Mashqni bajarayotganingizda keskin harakat qilmaslik va og`riqlar bo`lmasligi kerak.

Necha marta bajariladi? Uzluksiz 30 marta yoki har 10 mashqdan so`ng qisqa tanaffus bilan bajarishingiz mumkin.

Yuz ovali va iyakni taranglashtirish, shaklga solish uchun

Ko`rsatkich va bosh barmoqlaringizni yuz perimetriga olib keling (1-rasm). Yuz terisini engil harakat bilan quloqqa qadar torting. Bosh barmoqlaringiz iyak ostida bir-biriga tegib turishi kerak. Og`zingizni oching va bunda jag`ingizning pastga harakatlanishiga bosh barmoqlaringiz qarshilik ko`rsatishi lozim (2-rasm). Shu holatni bir necha soniya tutib turgach, og`zingizni yuming.

Necha marta bajariladi? Uzluksiz 30 marta yoki har 10 mashqdan so`ng qisqa tanaffus bilan bajarishingiz mumkin.

Eslatma: maksimal natijaga tezroq erishish uchun mashqlarni kuniga kamida ikki marta bajarish lozim.

Ko`zlarning tashqi burchagidagi «g`oz panjalari»ni yo`qotish uchun

Nomsiz barmoqlar yoki jimjiloqlarni ko`zlaringizning tashqi burchaklariga olib keling (1-rasm). Ko`zlaringizni yuming (2-rasm) va barmoqlaringizning qovoq sathiga surilishiga yo`l bering. Qovoq mushaklari harakatlanishiga to`sqinlik qilmang. Shunday holatda bir necha soniya turgach, ko`zlaringizni oching. Bu mashqni bajarishda barmoqlar ko`z doirasimon muskulini engil zo`riqtiradi va kerakli natijaga tezroq etishishni ta`minlaydi.

Necha marta bajariladi? Uzluksiz 30 marta yoki har 10 mashqdan so`ng qisqa tanaffus bilan bajarishingiz mumkin.

Pastki qovoq shishishi va yuqorigi qovoq salqishining oldini olish uchun

O`rta va ko`rsatkich barmoqlar ko`zlar burchaklariga olib boriladi (1-rasm). Pastki qovoqlarni go`yo quyoshga qaragandek tirishtiring. Yuqorigi qovoqni yummagan holda pastki qovoqlarni bo`sh qo`ying. Mashqning keyingi qismi: boshlang`ich holatga qayting va ko`zlaringizni qattiq yuming (2-rasm). So`ng ko`zlaringiz yumuq holda qovoqlaringizni bo`sh tuting.

Necha marta bajariladi? Mashqning har bir qismi 30 martadan takrorlanadi.

Burun terisini taranglashtirish uchun

Ko`rsatkich barmoq burun uchi ostiga qo`yiladi (suratdagi kabi). Burun bilan barmog`ingizni itarishga harakat qiling. Shu holatda bir necha soniya turing.

Necha marta bajariladi? Uzluksiz 30 marta yoki har 10 mashqdan so`ng qisqa tanaffus bilan bajarishingiz mumkin.

Limfodrenaj uqalash

Kaftning orqa tomoni bilan iyak ostini engil shapatilab boshlang (rasmda ko`rsatilgani kabi).

Necha marta bajariladi? Uzluksiz 30 marta yoki har 10 mashqdan so`ng qisqa tanaffus bilan bajarishingiz mumkin.

Qoshlar orasidagi ajinlarga qarshi

O`rta yoki nomsiz barmoqlarni qoshlar ustiga qo`ying (suratga qarang). Qosh usti terisi harakatlanmasligi kerak. Teri qancha tarangroq tortilib tursa, mashq samaradorligi ham shuncha yuqori bo`ladi. Ana shu holatda sekin qovog`ingizni uying. Bir nech soniya qattiq qovoq uygach, boshlang`ich holatga qayting.

Necha marta bajariladi? Uzluksiz 30 marta yoki har 10 mashqdan so`ng qisqa tanaffus bilan bajarishingiz mumkin.

Yonoqlar tarangligini saqlash va lablar hajmini oshirish uchun

Lablarni birlashtirib, lunj mushaklari bilan ularni tishlarga yaqinlashtirib torting (yumuq og`iz bilan zo`raki tabassum qilgan kabi). Ko`rsatkich barmoqlar bilan lab uchlarini torting. Barmoqlar og`iz chizig`iga perpendikulyar joylashishi kerak (suratdagi kabi). Shu holatda bir necha soniya turib, boshlang`ich holatga qayting.

Necha marta bajariladi? Uzluksiz 30 marta yoki har 10 mashqdan so`ng qisqa tanaffus bilan bajarishingiz mumkin.

Eslatma: Mashqlarni bajarishda yuzterisini qattiq siqish, bosish mumkin emas

Muhim: mashqlarni ko`zgu qarshisida bajarsangiz, yuzingida ajinlar paydo bo`layotgan qismlarni nazorat qila olasiz.

GULNOZA tayyorladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1