1

To`siq bilmas odamlarmiz...

Hidoyat sari 23.03.2018, 13:48
To`siq bilmas odamlarmiz...

Yon qo`shnimiz batartib odam. Bir qarichgina hovlisini ko`zi tushgan kishining havasi keladigan suratda chiroyli qilib devor-daraxt bilan o`ragan. Nimagadir bolakaylar shu devor-daraxtning orasini yorib o`tishni yoqtiradi. Hovlichaning ichida nima ohanrabosi bor tushunmaymiz. Ming mashaqqat bilan o`stirgan “devori”ning goh uyog`i, goh buyog`i yalpayib qolganini ko`rgan qo`shni kunda jig`ibiyron bo`ladi. Tartibbuzar shumtakalarga do`q qilgan kishi bo`ladi-yu, yana qo`shnichilik mingyilchilik deya andishaga boradi. Jahlini bosadi. Keyin ”Bu bolalarga nima bo`lgan o`zi, ichkarida olma-anor pishib yotgan bo`lsa ham mayli edi, shu “izgird”ning orasidan tikonli sim tortib, balandligini odam buyi qilib o`stirib yubormasam bo`lmaydi chog`i”, deb o`rtanadi. Ba`zan esa payhon bo`lib uzilib yotgan ho`l novdani qo`liga olib: “Shugina novdani nimaga uzadi, bu bolaning ota-onasiga borib shikoyat qilmasam bo`lmaydiganga o`xshaydi”, deya chog`lanadi. Shunda uning gapi menga nash`a qiladi. “Shikoyat qilmang, bularning ota-onalari ham to`siq bilmaydiganlardan”, deyman. U hayron bo`ladi. So`ng gapimni misollar bilan tushuntiraman:

Quyliq bozorining o`rtasidan voha-yu vodiyni bog`lab turuvchi katta yo`l o`tgan. Serqatnov transportlardan odamlarni muhofaza qilish maqsadida piyodalar uchun er osti yo`li qazilib ishga tushganiga ancha yillar bo`ldi. Lekin ishonasizmi-yo`qmi, er osti yo`li ishga tushgan kezlarda odamlarni bu yo`ldan o`tishga undash uchun milisiya xodimlari navbatchilik qildi. Shunda ham odamlar milisalarning ko`zini shamg`alat qilib ko`chani kesib o`taverishdi. Keyin ko`chaning o`rtasiga beton to`siq o`rnatildi. To`siq bilmaslar undan ham bemalol sakrab o`taverishdi. Bu ham bo`lmagach, beton to`siqning ustidan baland panjara o`rnatildi. Ahyon-ahyonda kishilarning shu panjaraga osilib o`tayotgani ham ko`zga tashlanib qoladi. Siz ham ko`rgandirsiz, shu voqealarni? Ha, yashang!

Xorijda bo`lgan yurtdoshlarimiz ham shunday ajab gaplarni topib keladki, eshitib kulishni ham kuyishni ham bilmaysiz. Ilgariroq Sankt-Peterburgga turmush o`rtog`i bilan borib kelgan bir ayol maqtangandi. “Svetaforning qizil chirog`i yonib qolsa, piyodalar ham to`xtab turaverar ekan-ay. Men erimni shundog` qo`ltiqladim-u ko`chaning o`rtasidan shartta kesib o`tib ketdim. Hamma bizga qarab hayron qoldi”. (Ana farosatu mana farosat!)

Germaniyaga borib kelgan bir yurtdoshimiz aytadi: ”Mehmonxonada yotib uyqum qochdi. Derazani qiya ochib tungi shaharni tomosha qilib o`tiribman. Yarim kecha, ko`chada hech zog` yo`q. Shu choq bir velosipedchi paydo bo`ldi. U chorrahaga yaqinlashganda svetaforning qizil chirog`i yondi. Velosipedchi to`xtadi-da yashil chiroq yonishini kutdi. Yashil yonganidan keyin ko`chani kesib o`tib ketdi”.

Yigirma yilcha burun xorij gazetlaridan birida bir hajviya bosilgan edi. Hajviyaning sarlavhasi esimda yo`g`-u, unda yoritilgan voqea juda alomat: “Ko`p qavatli uylardan biriga qayriladigan yo`lga bolalar o`ynab to`g`ri chiziq tortib qo`yibdi. So`ng bolalar boshqa o`yinga ovunib, kech tushgach, uy-uyiga tarqalib ketgan. Shu uyda yashaydigan odamlar kechqurun ishdan qaytsa, uyning oldiga chiziq tortilgan emish. Bu chiziq nega tortilganini bilmagani uchun hech kim undan hatlab o`tib uyiga etib olishga jur`at etmabdi. Voqeadan xabar topgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bir zumda etib kelibdi. Ular chiziq nima sababdan tortilgani aniqlanmaguncha, kirdi-chiqdini to`xtatib, navbatchilik posti tashkil etibdi. Hech kim chiziqdan na u yoqqa, na bu yoqqa o`ta olmas emish...”

Bu bir hajviya endi. Muallif go`yoki odamlarning go`lligi, soddaligini hajv qilganday bo`lsa-da, uning zamirida tartiblilik, intizomlilik, jamiyatdagi mavjud tartib-qoidalarga hurmat ma`nosi ham bor aslida.

Har safar sizning ko`rib qolishingizdan hadiksirab devor-daraxtning orasini yorib o`tayotgan bolalarni yoki milisalar ko`rib qolmasinda ishqilib, degan xavotirda atrofga alanglay-alanglay Quyliqdagi ikki metrdan oshiq baland to`siqdan oshib o`tayotgan, boringki, svetaforning qizil chirog`ida o`taman deb katta tezlikda kelayotgan mashinalarning oldida jonini hovuchlab chopqillab borayotgan kishilarni ko`rganda, xorijliklar bunchalar anqov bo`lmasa, deb qo`yaman.

Mana, bildingizmi, biznikilarga chiziq degani, sizning yarim metr devor-daraxtingiz nima bo`libdi. Umuman, bizda taqiqlovchi belgilar va pastak himoya to`siqlari mutlaqo ortiqcha. O`tish mumkin emas joylarga birdaniga balandligi kamida uch metr oynaday silliq devor o`rnatish kerak. Xorijlik anoyilarga bitta chiziq tortib qo`ysangiz, bas. Ikki chaqirim naridan aylanib yuraveradi. Biz esa ikki metr balandlikdagi devordan ham bemalol oshib ketamiz. Uch metr, bo`lak gap. Shu erga kelganda odob-axloqni yodga olamiz, “to`g`ri yo`limizni to`sgan nobakorlarni” boplab bir so`kamiz-da, go`yoki jamoat tartibini saqlagandek bo`lib to`siqni aylanib o`tamiz.

Darvoqe, bu hali yakuniy hisob emas. Bu – bugungi ota-onalar ya`ni katta avlodning ko`rsatkichi, xolos. Ehtimol, hozirgi ota-onalarning tarbiyasini ko`rib ulg`ayotgan, hozirda yarim metr devor-daraxtdan oshib o`tishni mashq qilayotgan avlod uchun ertaga uch metr balandlik ham hech narsa bo`lmas. Balki mo``jiza yuz berib ular ham bir kichkina chiziqchani aylanib o`tar. Koshkiydi, shunday bo`lsa-yu, har xil to`siqlar o`rnatishdan, bunga ko`pdan-ko`p mablag`u vaqt sarflashdan, eng muhimi, asabbuzarlikdan qutulsak. Ana shunda sizning devor-daraxtingiz ham tishi singan dandonday kemshik bo`lib turmasdan ko`rkamlashib qoladi.

Binobarin, Parvardigorimiz O`z Kalomida: «Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilgan zotlar esa, shak-shubhasiz - Biz (ular kabi) chiroyli amallar qilgan kishilarning ajr-mukofotini zoe qilmasmiz» (Kahf, 30);

«Zotan, Alloh taqvodor bo`lgan va chiroyli amallar qiluvchi zotlar bilan birgadir» (Nahl, 128), deb marhamat qilganki, ibodatlarimizga monand amallarimiz ham chiroyli bo`lsa, bir-birimizning ishlarimizga, harakatlanishimizga noqulaylik tug`dirmasdan, jamiyatimizda mavjud qonun-qoidalarga itoat qilsak, bundan faqat va faqat o`zimiz foyda ko`ruvchi bo`lamiz.

Damin JUMAQUL

O`MI Matbuot xizmati

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1