O`lkamizga oylarning sarvari, o`n bir oyning sultoni, Allohning muborak Kitobi Qur`oni karim nozil bo`lgan oy, mohi sharifi Ramazon tashrif buyurdi. Barchamiz ushbu orziqib kutilgan muborak ayyomga eson-omon etganimiz uchun Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalarimiz bo`lsin! Bu oy Qur`on, taqvo, baraka, rahmat, mag`firat, Allohga qurbat hosil qilish, jannatga erishish va do`zaxdan ozod bo`lish oyidir. Shu bois butun dunyo musulmonlari bu tabarruk oyni solih amallar va Alloh roziligi yo`lidagi ibodatlar oyiga aylantirishadi.
Alloh taolo Ramazon oyi ro`zasi haqida Qur`oni karimning Baqara surasida shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro`za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo`lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Alloh taolo ushbu oyati karimada “Ey, insonlar” deb emas, balki “Ey, imon keltirganlar” deb xitob qildi. Bu shakldagi xitobda ulamolarimiz “Ey, menga imon keltirib, meni yaxshi ko`rgan bandalarim! Sizlarga ro`za tutishni farz qildim” degan ma`no borligini aytadilar.
Pok qalb bilan qarshi oling
Ramazon oyida har bir kishi qalbini poklashi, o`zaro xusumat va ginalarni yo`qotish, qo`ni-qo`shnilar va qavmu qarindoshlar orasida yordamga muhtojlarga muruvvat ko`rsatish, qarindoshlarga silai rahm qilish, bemorlarni ziyorat qilish, etimlar boshini silash, yolg`iz keksalar va imkoniyati cheklangan shaxslarni (nogironlarni) holidan xabar olish kabi savobli ishlarga shoshilishi va birovning diliga ozor etkazish, haqqiga tajovuz qilish kabi barcha gunoh ishlardan o`zini tiyishi lozim bo`ladi.
Ro`za va Qur`on qiyomat kuni o`z sohibini shafoat qiladi
Bu haqda Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Ro`za va Qur`on ikkisi Qiyomat kuni bandani shafoat qiladi: ro`za: “Ey, Robbim, men buni kunduzlari taom va shahvatlardan to`sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Qur`on: “Men uni kechalari uyqudan to`sgan edim, uning haqida shafoatimni qabul qil”, deydi. Bas, ikkovi ham shafoati qabul qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).
Imom Nasaiy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar: “Alloh taolo Ramazon ro`zasini farz qildi va men uning qiyomini sizlar uchun sunnat qildim. Kimiki imon va ishonch bilan savob umidida ro`za tutsa va kechalari qiyomda tursa, onadan tug`ilgan kunidagidek gunohlardan pok holda chiqadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Ushbu hadisda Ramazondek buyuk fazilatlarga boy oyda faqat ro`za tutibgina kifoyalanmasdan, balki kechalari qoim bo`lib, Allohning buyuk va`dalariga sazovor bo`lishlikka targ`ib qilinmoqda.
Rayyon eshigining kaliti
Ro`za ibodati — Jannatdagi Rayyon eshigining kalitidir. Jannatga kirishning o`zi katta bir saodat. Ammo o`sha jannatga Parvardigori olamning alohida e`tiboriga sazovor bo`lib, maxsus tayyorlab qo`yilgan eshikdan kirish yana bir o`zgacha baxt va sharafdir. Bu eshikdan esa faqat ro`zador bo`lganlar kira oladilar. Bu haqda Sahl ibn Sa`d roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Jannatda bir eshik bor, u Rayyon deb ataladi. Qiyomat kunida undan faqat ro`zadorlargina kiradilar, ulardan o`zga biror kishi ham (o`sha eshikdan) ular bilan birga kirmaydi. “Ro`zadorlar qani?” deyiladi. Ular undan (o`sha eshikdan) kiradilar, ularning oxirgisi kirib bo`lganda (eshik) berkitiladi. Boshqa hech kim undan kirmaydi” (Imom Muslim rivoyat qilgan).
Iftorliklar ham ijtimoiy aloqalarni kuchaytirishda, musulmonlarning o`zaro bir-birlari bilan bordi-keldi qilishlarida muhim omil bo`lib xizmat qiladi. Shu bois dinimizda bu ishga ham alohida e`tibor qaratilgan. Bu haqda Zayd ibn Xolid roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bir ro`zadorni iftorlantirsa, unga o`shaning ajricha ajr beriladi, lekin ro`zadorning ajridan biror narsa kamaymaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Istig`for oyi
Bu muborak oyda farishtalar ro`zadorlar uchun Allohdan mag`firat talab qilishadi. Bu haqda Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Ummatimga Ramazonda besh xislat berildi, ular oldingi biror ummatga berilmagan: ro`zadorning og`zini hidi Allohning nazdida mushkdan xushbo`ydir; ularga farishtalar mag`firat talab qilishadi; Alloh har kuni jannatni bezab, solih bandalarim ustilaridan mehnat va aziyatlar uloqtirilib, sening oldingga kelishlariga oz qoldi, deydi; unda bebosh shaytonlar kishanlanadi, natijada ular undan boshqa paytlarda erishadigan narsalariga erisha olmay qolishadi; oxirgi kechada ro`zadorlar mag`firat qilinadi” (Imom Ahmad rivoyati).
Ro`zaning foydalari
- Ro`za tutgan kishining taqvodorligi oshadi. Alloh taolo Baqara surasinig 183-oyatida shunday dedi: “Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro`za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo`lsangiz”, deb marhamat qiladi.
- Ro`zador shaytonga qarshi kurashadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Safiyya roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda: “Shayton insonning qon tomirida yuradi. Ochlik bilan uning yo`llarini toraytiringlar”, deganlar.
- Ro`za inson shahvatini sindiradi. Hadisda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ey yigitlar jamoasi, sizlardan kim uylanishga qodir bo`lsa uylansin. Zero u ko`zni to`suvchiroq va farjni saqlovchiroq. Kim unga qodir bo`lmasa ro`za tutsin. Chunki ro`za uning uchun bichilishdir”, dedilar. (Manbasi kerak?)
- Ro`zadorning qalbi poklanadi. Ro`za tutgan inson kun davomida Alloh taoloning nazoratida turganini his qilib yashaydi. Doimiy ravishda Allohni his etib turish kishi qalbini musaffo qiladi.
- Ro`za tutgan kishilarning gunohlari mag`firat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim iymon bilan, savob umidida Ramazon ro`zasini tutsa, o`tgan gunohlari mag`firat qilinadi”, deganlar. (Muttafaqun alayh).
- Ro`za tutgan kishi farishtalarning sifatiga kiradi. Ma`lumki, emaslik, ichmaslik va jinsiy yaqinlik qilmay, doimo toatda bo`lish farishtalarga xos sifatlardir.
- Ro`zadorning sabr-bardoshi ortadi. O`z ixtiyori ila o`ttiz kun ko`ngil xohlagan narsalardan o`zini tiygan kishi keragicha sabr-bardoshga ega bo`ladi.
- Ro`za rahm-shafqat sifatini shakllantiradi va mustahkamlaydi. Ro`za tuttan kishi o`z ixtyori ila och qolib, chanqab, turli ko`ngil xohishlaridan, lazzatli narsalardan vaqtincha mahrum bo`lish bilan birga, muhtojlikdan och qolib, chanqab, dunyo lazzatlaridan bebahra beva-bechora, kambag`al fuqarolarga nisbatan rahm-shafqatli bo`ladi.
- Ro`za sog`likni tiklaydi. Ro`za nafaqat sog`likni saqlash uchun, balki bemorliklarni davolash uchun ham o`ta zarurligi ilmiy isbotini topgan davo usulidir. Hozirgi kunda keng tarqalgan bemorliklarning ko`plarini musulmon bo`lmagan yurtlarning tibbiyot mutaxassislari ixtiyoriy ochlik yo`li bilan davolamoqdalar.
Mazkur ilmiy tadqiqotlar natijasida ro`za hozirgi eng ko`p tarqalgan dardlarga davo ekani, kishi doim sog` yuray desa, har yili 28-30 kun ixtiyoriy och qolishi zarurligi ta`kidlangan. Ro`zaga oid ushbu haqiqatlar Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning: “Ro`za tutinglar, salomat bo`lasizlar” (Imom Tabaroniy rivoyati), deb aytgan hadisi shariflarining ilmiy tasdig`idir.
Alloh taolo Ramazon oyini barchalaringizga muborak aylab, bu oydan onadan yangi tug`ulgandek gunohlardan forig` bo`lib chiqishlarimizni nasib aylasin.
Musilmonlar idorasi fatvo bo`limi xodimi G`ulomiddin Xolboev