AsosiyHidoyat sari

Gagarin parvozi Qur`onda zikr etilganmidi?

'Gagarin parvozi Qur`onda zikr etilganmidi?'ning rasmi

Yuriy Sergeevich Gagarin (1934-1968) koionotga ilk bor parvoz qilib, insoniyat tarixida misli ko`rilmagan qahramonlikka qo`l urdi. Gagarinning bu qadami mislsiz kashfiyotlar uchun yo`l ochib berdi.

U 1961 yil 12 aprel kuni Moskva vaqti bilan soat 09:07 da “Vostok” kosmik kemasida “Boyqo`ng`ir” aerodromidan fazoga parvoz qiladi. 1 soatu 48 daqiqa davomida Er orbitasini aylanib chiqadi. Bu insoniyat tarixidagi buyuk g`alaba edi. 

                                                                “Sehrlanib qolgandekman!”

Yuriy Gagarin parvoz paytidagi hissiyotlarini bort magnitofoniga yozib qoldiradi. Mana aynan o`sha lahzalarda Gagarinning tilidan yangragan so`zlar:

“...Men Er ustidagi bulutlarni ko`ryapman. Ular juda kichkina, pag`a-pag`a. Ana ularning soyalari! Bu chindan go`zallik. Benihoya go`zal! Diqqat! Ufqni ko`ryapman. Mana Er. O, naqadar ajoyib! Ana, Erning yuza qismini egallagan kamalakning bir uchi Erga tomon ingan. Buni ta`riflab berolmayman. Juda ham go`zal. Men xuddi tush ko`rayotganga o`xshayman. Ko`zlarimga ishonolmayman. Xuddi sehrlanib qolgandekman!”

Keyinchalik uning bu hayratomuz xitoblarini juda ko`p G`arb gazetalari ko`chirib bosishdi. 

                                                   “Biz osmon eshiklarini ochsak...”

Ma`lumki, insoniyat ming yillardan beri ko`kka parvoz qilib, cheksiz koinot sirlarini kashf etishga intilib keladi. Ana shu orzular zamirida turli afsona va rivoyatlar, miflar, rivoyatlar shakllangan. Gagarin bu afsonani haqiqatga aylantirdi. 

Darhaqiqat, bundan bir necha asr ilgari insonning koinotni zabt etishi shunchalik ushalmas orzu edi, xolos. Ammo Yaratganning buyuk mo``jizasi bo`lgan Qur`oni karimda koinot bilan bog`liq juda ko`p oyatlar nozil qilingan, ammo ularning sir-sinoati hali bani-basharga ma`lum emasdi. 

Jumladan, Qur`oni karimning “Hijr” surasi 14-15-oyatlari zamiridagi mazmun-mohiyat ham:

“Va biz ularga osmondan bir eshik ochsak, ular (u erdan) ko`tarilishda davom etsalar ham “bizning ko`zlarimiz bog`landi, (ya`ni hayratda qoldik) biz balki sehrlangan qavmdirmiz”, deyishadi”.                             

                                                              “Ilgari Allohga ishongan edilar”

Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida yashovchi olim va jurnalist, professor Adnan Sharif bir maqola yozdi. Unda Qur`oni karimdagi ushbu oyat va Gagarinning parvozidagi holat bir-biriga qiyoslangan. Adnan Sharifning yozishicha, XX asrning eng buyuk kashfiyotlaridan biri – Gagarinning parvozi va uning koinotdagi hissiy holati aynan ushbu oyatlarda 14 asr ilgari o`z aksini topgan edi. 

Professorning yozishicha, “Hijr” surasida “ular Allohga ishonmaslar, holbuki ilgari ishonar edilar” mazmunidagi oyat ham kelgan. Gagarin mansub bo`lgan jamiyatda ateistik mafkura hukmronlik qilgani, Sovet tuzumi qaror topmasidan ilgari uning hududidagi davlatlarda islom va nasroniylikka izchil amal qilingani, masjid va cherkovlar faoliyat ko`rsatgani ham tarixdan yaxshi ma`lum. 

Gagarin ham Sovet davlatida tug`ilib o`sdi. U tish-tirnog`iga qadar kommunist edi va umrining oxiriga qadar o`z kamol topgan davlat mafkurasiga sadoqat bilan xizmat qildi. 

                                                                        “Qaytaruvchi osmonga qasam...”

         Bu hodisa ikki karra Sovet Ittifoqi Qahramoni uchuvchi-kosmonavt Pavel Popovich (1930-2009)ga hikoya qilinganda, u ham nihoyatda ajablangan, oyatlardagi aniqlikdan hayratini yashirmagandi:

“Yaratganning kalomidagi  “...biz osmondan bir eshik ochsak”, deyilgani juda qiziq. Chunki, olimlar aynan shu, “osmondan bir eshik”ni topish uchun juda katta hisob-kitoblarni amalga oshirishgan. Aslida ko`pchilik osmon ochiq, uning istagan nuqtasidan koinotga parvoz qilish mumkin, deb o`ylashadi. Ammo barcha kosmik kemalar bitta “eshik”dan samoga  ko`tariladi va o`sha erdan qaytib tushadi. Sekundiga 11 kilometr tezlikda parvoz qilayotgan kema agar o`sha “eshik”dan o`tmasa, yo yonib ketadi, yo koinotga qaytadi”. 

Qur`oni karimning “Toriq” surasi 11-oyatida “...qaytaruvchi osmonga qasam” jumlalari keltiriladi. Bu o`rinda koinotda kelayotgan alfa, betta va gamma nurlanishlari ozon qatlamiga urilib ortga qaytishi, radio va uyali aloqa signallarning yana erga qaytishi ham nazarda tutilgan bo`lsa, ajab emas. 

Umuman olganda, Qur`oni karim chindan-da Allohning buyuk mo``jizasi ekanligi vaqt o`tgani sari tobora ko`proq o`z isbotini topayotir.

                            

Rustam Jabborov

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar