O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yil 24 mart kuni «Tashqi savdoni yanada erkinlashtirish va savdo operasiyalarining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarorni imzoladi.
Unga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va «O`zstandart» agentligining O`zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin majburiy inspeksiyadan o`tkazish tartiboti bekor qilinmoqda.
Endilikda O`zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin inspeksiyadan o`tkazish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi. O`zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlarni yuklashdan oldin inspeksiyadan o`tkazish xizmatlarini ko`rsatish huquqiga vakolatli organ tomonidan xalqaro standartlar talablariga muvofiq akkreditasiya qilingan inspeksiya organlari ega hisoblanadi.
Inspeksiya organlarining xizmatlari, shu jumladan, yuk ortishdan oldin inspeksiyadan o`tkazish xizmatlari uchun haq to`lash ularning O`zbekiston Respublikasi hududidagi banklarda ochilgan hisobraqamlari orqali amalga oshiriladi.
O`zbekiston Respublikasiga import qilinadigan tovarlar sifati, miqdori va narxlarining «O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUKda ro`yxatdan o`tgan import kontraktlari shartlariga muvofiqligini ta`minlash bo`yicha zarur choralarni ko`rish uchun javobgarlik import qiluvchining mansabdor shaxslari zimmasiga yuklatiladi.