1

Plastik kartalardan pul o`g`irlagan kibertovlamachilar qo`lga olindi

Jinoyat 14.06.2018, 14:12
Plastik kartalardan pul o`g`irlagan kibertovlamachilar qo`lga olindi

Yagona prosessing markazi mutaxassislari plastik kartalardan pul o`marayotgan kibertovlamachilarni qo`lga oldi. Ular virusli mobil ilovalar va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishgan, deb xabar qilmoqda uzcard.uz sahifasi.

“Biz yaqinda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali fuqarolarning plastik kartalardan mablag`lar o`g`irlangani haqida xabar bergan edik. Bir necha jabrlanuvchilar murojaatidan keyin tovlamachilar qo`lga olindi”, - deyilgan xabarda.

O`g`irliklar qanday amalga oshirilgan?

Sirdaryo viloyatida yashovchi O`zbekiston fuqarosi virusli ilova yozadi va uni Google Playga joylashtiradi. Uni yuklab olgan foydalanuvchilarga esa, agar ular 10 000 so`m to`lamasa telefoni blokirovka bo`lishi haqida xabar olishadi. To`lov amalga oshirilganidan keyin esa karta egasi noma`lum raqamdan sms olgan.

Ushbu ketma-ketlikning o`zi kibero`g`rilar jabrlanuvchining telefoni va telegram akkauntiga kirib olishi uchun kifoya bo`lgan.

“Shu yo`l orqali jinoyatchilar Telegram ijtimoiy tarmog`idagi Click-bot orqali kartadagi pullarni ishlatgan. Biroq, jinoyatchilarning ushbu hatti-harakatlari tezkor ravishda aniqlanib, ularga nisbatan jinoiy ish qo`zg`atildi”, - deyilgan xabarda.

Click-bot orqali amalga oshirilgan o`g`irlik bank kartalaridan sodir etilgan o`g`riliklarning bir turidir. Aynan shu sababdan turli xayriya aksiyalari o`tkazganda juda ehtiyot bo`lish kerak.

Shu o`rinda, Oson mobil ilovasi bilan bog`liq hodisaga ham misol tariqasida e`tiboringizni qaratmoqchimiz. Ijtimoiy tarmoqlardan birida bemor bolaning davolanishiga qaratilgan hayriya aksiyasi tashkillashtirilgan edi. E`londa davolanish uchun pul o`tkazilishi mumkin bo`lgan plastik kartaning rekvizitlari keltirilgan edi.

Jinoyatchi e`londa ko`rsatilgan plastik kartaga tegishli ma`lumotni Oson mobil ilovasiga kiritib, karta egasi bilan qo`ng`iroq orqali bog`lanadi va pul o`tkazilganligiga tegishli tasdiqlovchi kodni ovoza qilishini so`raydi. Mahfiy kodga egalik qilgan qallob, e`londa keltirilgan plastik kartani osonlikcha mobil ilovaga bog`lab turib, undagi mablag`larni boshqargan. O`tkazilgan qidiruv-surishtiruv ishlari natijasida jinoyatchilar aniqlanib, qo`lga olindi.

Yagona prosessing markazi ogohlantiradi

“Yana bir bor rasmiy ravishda bildirib o`tamiz, markazimizda plastik kartalar bilan bog`liq kiberjinoyatarni qisqa vaqt ichida aniqlashi mumkin. Huquq-tartibot organlarilaridan tegishli so`rovnoma kelib tushganida, YaUPM xodimlari avtomatlashtirilgan dastur yordamida jinoyatchini tezkor ravishda aniqlash imkoniga ega”, - deyilgan xabarda.

Shuningdek, Yagona prosessing markazi xodimlari plastik kartalardan foydalanayotgan barcha fuqarolarga yana bir bor eslatma yubordi:

  • kartangizni havfsiz joyda saqlang;
  • PIN-kodingizni uchinchi shaxslarga ishonmang va jamoat joylarda ovoza qilmang;
  • plastik kartangiz bog`langan mobil ilovaga tegishli parolni hech kimga aytmang;
  • ijtimoiy tarmoqlar orqali plastik kartangizning sur`atlarini yubormang;
  • foydalanuvchini identifikasiyalash uchun telefon raqamga keladigan tekshiruvchi parollarni uchinchi shaxslarga aytmang;
  • plastik kartaning o`zida PIN-kodingizni eslatma tariqasida yozib qoldirmang.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1