Buxoro viloyati Kogon tumanida bedarak yo`qolgan erkak sinfdoshi tomonidan o`ldirilgani aniqlandi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, 15 yanvar kuni Kogon tumanining “Bahovuddin Naqshband” mahallasida yashovchi fuqaro tuman prokuraturasiga ariza bilan murojaat qilib, akasi X.A. 7 yanvar kuni taxminan soat 19:30 larda yashash uyidan noma`lum tomonga chiqib ketib, qaytib kelmaganini bildirgan.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida tezkor tergov guruhi tuzilib, kechiktirib bo`lmas tezkor surishtiruv harakatlari olib borildi. O`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida huquq-tartibot organlarida bu voqelikda qotillik alomatlari mavjud, degan taxmin paydo bo`ladi.
Shu sababli Kogon tumani prokuraturasi tomonidan 20 yanvar kuni holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlandi. 7 yanvar kunidan 24 yanvar kuniga qadar bo`lgan vaqt mobaynida bedarak yo`qolgan fuqaroni topish maqsadida viloyat hamda tuman prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi va hududiy ichki ishlar organlari, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va boshqa taalluqli idoralarning tajribali xodimlaridan tuzilgan tezkor tergov guruhlari tomonidan bir qator tezkor surishtiruv, qidiruv hamda tergov harakatlari olib borildi.
Qotillik deya taxmin qilinayotgan holatga aloqador ashyoviy dalillarni topish maqsadida jinoyat sodir qilingan joyga yaqin hududlardan o`tgan zovur (zaxkash), ariq va kanal suvlari to`silib, suvi to`xtatilib tozalandi, qarovsiz bino va inshootlar, qurilishi tugallanmagan ob`ektlar va ularning yon atroflari ko`zdan kechirildi.
Barcha qarindosh-urug`, qo`ni-qo`shni, tanish-bilishlar, muqaddam ushbu turdagi yoki shunga o`xshash jinoyatlarni sodir qilgan yoki sodir etishga moyil deya ichki ishlar organlari, shuningdek, tibbiyot muassasalarining maxsus hisobida turuvchi shaxslar o`rtasida tezkor profilaktik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borildi.
Qidiruv surishtiruv ishlarining 17-kunida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor qidiruv xizmati va Kogon tumani Ichki ishlar bo`limi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu holatda haqiqatan ham qotillik jinoyati sodir etilgani o`z tasdig`ini topdi. Jinoyatni sodir qilgan gumondor shaxs ham aniqlandi.
Ushbu qotillikni sodir qilgan shaxs bir necha marotaba sudlangan, jabrlanuvchining yon qo`shnisi, bir maktabda o`qigan sinfdosh do`sti bo`lib, spirtli ichimlik ta`sirida o`zaro kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida o`z do`stini urib, do`pposlashi natijasida o`ldirib qo`ygan.
Ayblanuvchining aybi uning ko`rsatmalarini voqea joyida tekshirish, tergov harakati hamda guvohlarning ko`rsatmalariga asosan to`liq isbotlanib, jinoyat ishi yuzasidan to`plangan hujjatlar jazoning muqarrarligini ta`minlash uchun jinoyat ishlari bo`yicha Kogon tuman sudiga yuborildi.