O`zbekiston Jahon tillari universitetining 2 bosqich talabasi bo`lgan 20 yoshli yigit Toshkentdagi Isroil elchixonasi yoniga borib, uni yoqib yuborish maqsadida devor osha ichkariga kerosin solingan shisha uloqtirgan.
Toshkent shahrida talaba yigit Isroilning O`zbekistondagi elchixonasini yoqib yuborishga urindi. Sud hujjatida keltirilishicha, 2004 yilda Farg`ona viloyatida tug`ilgan, O`zbekiston Jahon tillari universiteti 2-bosqich talabasi bo`lgan A.A. 2023 yilning 19 oktyabr kuni erta tongda Isroil elchixonasini yoqib yubormoqchi bo`lgan.
Yigit o`sha kuni soat 4:30 lar atrofida o`z maqsadini amalga oshirish uchun sport sumkasiga kerosin solingan shisha idish, gantel, ikki quti gugurt va mato bo`laklarini solib, velosipedda elchixona yoniga kelib to`xtagan. Shunda uning harakatlari elchixona yonida joylashgan Yakkasaroy tumani IIO FMB 4 sonli IIB xodimlarining e`tiborini tortgan.
IIB xodimlari yigitdan to`xtashni so`ragan, u esa esa velosipedini boshqargan holda qochishni boshlagan. Xodimlar xizmat mashinasida uni kuzatib borib, to`xtatgan va IIB binosi yoniga olib kelishgan hamda elkasidagi sumkani ochib ko`rsatishni so`rashgan. Talaba yigit shunda ham o`z maqsadiga etishish uchun IIB xodimlarini chalg`itib, sumkasidagi kerosin solingan shisha idishni va bir dona gantel toshini qo`liga olib, elchixona binosi tomonga yugurgan. IIB va elchixona binosini qo`riqlayotgan Milliy gvardiya xodimlari yigitni elchixona eshigi yonida ushlashgan. Bu orada u qo`lidagi shishani va gantel toshini devor ustidan elchixona hovlisi ichiga uloqtirishga erishgan.
A.A. sudda bergan ko`rsatmasida 2023 yil oktyabr oyining o`rtalarida G`azo sektorida Isroil va Falastin o`rtasida bo`layotgan qurolli to`qnashuvlar aks etgan videolarni ko`ra boshlaganini, oqibatda Isroil davlatini yomon ko`rib qolganligini, o`ch olish maqsadida ushbu davlatning Toshkentdagi elchixonasini yoqib yuborishni maqsad qilganini bildirgan.
“Avval kerosin solingan butilkalarni devor orqali elchixona ichki hovlisiga uloqtirmoqchi edim. Keyin uning ortidan mato bo`laklarini gantel toshlariga o`ragan holda kerosin bilan to`yintirib, ularni ham yoqqan holda kerosinli shisha singan hududga otib, bu orqali elchixonaga o`t qo`yishni reja qildim.
Odamlarga yoki elchixonaga zarar etkazish niyatim bo`lmagan, faqatgina Isroil davlati Falastindagi shifoxonaga bomba tashlagani uchun norozilik bildirmoqchi bo`ldim. Sodir etgan harakatlarim noto`g`ri ekanini tushunib etdim”, degan suddagi ko`rsatmasida.
Jinoyat ishlari bo`yicha Yakkasaroy tuman sudining shu yil 19 apreldagi hukmi bilan A.A. Jinoyat kodeksining 155-moddasi (terrorizm) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.