1

O`zbekistonda ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanish bo`yicha yangi qoidalar ishlab chiqildi

Jamiyat 21.07.2018, 07:39
O`zbekistonda ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanish bo`yicha yangi qoidalar ishlab chiqildi

Restoran, kafe, savdo uylari, umuman, jamoatchilik joylarida bepul Wi-Fi mavjudligi sog`lom raqobatni yuzaga keltirmoqda. Bugungi zamondoshimiz bunday joylarda bepul interneti bor manzilni tanlashi tabiiy. Ammo... Ochiq Wi-Fi tarmog`i orqali amalga oshirilayotgan kiberjinoyatlar va firibgarlik holatlari ham yil sayin ko`payib bormoqda, deb yozmoqda O`zA.

Odatda jinoyatchilar umumfoydalanadigan tarmoqlarni yoqtiradi. Bu tarmoqda jinoyatchilarni identifikasiyalash va foydalanuvchilar orasidan topishning deyarli imkoni yo`q. Shuningdek, jinoyatchilar jamoat joylarida o`zlarining soxta Wi-Fi tarmog`ini yaratib, undan foydalanuvchilarning shaxsiy ma`lumotlarini o`g`irlagan holatlari ham kuzatiladi.

Adliya vazirligi bu kabi holatlarni bartaraf etish va ochiq Wi-Fi tarmog`i foydalanuvchilari xavfsizligini ta`minlash maqsadida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining “Ma`lumotlar uzatish, jumladan, internet tarmog`i xizmatlarini ko`rsatish qoidalarining yangi tahririni tasdiqlash to`g`risida”gi buyrug`ini ro`yxatdan o`tkazdi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligining ma`lum qilishicha, mazkur hujjat turizmni rivojlantirish, mamlakatimiz miqyosida xavfsiz, ochiq Wi-Fi tarmoqlari sonini oshirish maqsadida qabul qilingan. Hujjat, shuningdek, xorijda mamlakatimiz nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi. Ayni damda undan foydalanish sharoitlari ham sifatli bo`lishi kerak. Yuqori darajadagi axborot xavfsizligini ta`minlash maqsadida foydalanuvchilar shaxsini identifikasiyalash majburiy bo`ladi.

Ma`lumotlar uzatish, jumladan, internet tarmog`i xizmatlarini ko`rsatish qoidalarining yangi tahririda ochiq tarmoqlarni yaratish va ulardan foydalanish bo`yicha talablar alohida bob sifatida kiritilgan. Unga ko`ra, foydalanuvchining telefon raqami orqali identifikasiyalashda ishlash muddati cheklangan vaqtga ega bo`lgan bir martalik parol yordamida autenfikasiya qo`llanishi kerak. Bunday parol SMS-xabar orqali foydalanuvchining telefon raqamiga yuboriladi. Hujjatda Wi-Fi tarmoqlari yaratuvchilari uchun ham alohida talablar taqdim etilgan. Bundan buyon ular foydalanuvchilar shaxsiy ma`lumotlari va xabarlarini sir saqlashi lozim. Mazkur shart bo`yicha cheklovlarga qonunchilikda nazarda tutilgan hollardagina yo`l qo`yiladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari va ekspertlari mazkur qoidalarni ishlab chiqish jarayonida jamoat joylarida ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanish bo`yicha xalqaro tajribani o`rgandi.

Ta`kidlash joizki, qator mamlakatlarda Wi-Fi dan bepul foydalanish faqat identifikasiyalangan foydalanuvchilar hamda Wi-Fi tarmoqlarini rivojlantirishga ko`maklashuvchilar, masalan, tegishli uskunani ta`mirlash uchun o`z uyi tomini bergan fuqarolarga taqdim etiladi. Bu kabi sxemalar Estoniya, Finlyandiya kabi mamlakatlarning munisipalitet organlari, universitetlari va tijorat tashkilotlari tomonidan hamda Parij, Ierusalim singari shaharlarda qo`llaniladi. Foydalanuvchini Wi-Fi dan ommaviy foydalanish joyi tomonidan identifikasiyalash bo`yicha talablar qator xorijiy mamlakatlar, jumladan, Italiya va Janubiy Koreyada ham mavjud.

Bugungi kunda foydalanuvchilar, jumladan, sayyohlar ham aeroport va vokzallar, jamoat transporti, madaniy meros va sayyohlik ob`ektlarida ochiq tarmoqlardan xavfsiz foydalanishni istaydi. Aynan ochiq va xavfsiz Wi-Fi tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida ham foydalanuvchilar uchun yuqorida ko`rsatilgan hujjat tomonidan tasdiqlangan oddiy va qulay identifikasiyalash tizimi qabul qilindi. Dunyo miqyosidagi millionlab foydalanuvchilar har kuni ochiq Wi-Fi tarmoqlaridan foydalanish uchun identifikasiyalash jarayonidan o`tadi. Bu vaqt sinovidan o`tgan jahon tajribasi hisoblanadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1