1

"Egasi"ga erta topshirilgan qizlar

Mutolaa 01.08.2018, 16:30
"Egasi"ga erta topshirilgan qizlar

Oilaviy poliklinikada bo`lganimda yoshgina kelinchak va doktorlarning o`zaro gaplari diqqatimni tortdi. Doktorlar bir-birlariga qarab bosh chayqab qo`yishar, o`z tashxislarini bayon qilishar edi. Kelinchak juda yosh, yosh bo`lishiga qaramay homilador edi. U shifokorlarning gapini eshitmasdi go`yo - yuzdan biror ma`no uqish qiyin edi. Shu tobda eshikdan bir ayol mo`raladi-da, xonadagilardan o`zini tortib, yana eshikni yopdi. Tashvishli ekani ko`rinib turardi. Shifokorlar kelinchakka ruxsat berishdi.

– Qaynonasi boyagi ayolmi? – deb so`radi, shifokorlardan biri.
– Ha, o`sha. Uyalib o`zini tortib turibdi.
– Nega o`zini tortadi? – beixtiyor suhbatiga aralashdim tanish shifokorlarning.
– Ko`ryapsizku, kelinchak endigina 16 yoshga kirgan. Homilasi yaxshi rivojlanmagan. Qaynonasi shundan tashvishda.
– Ko`rinishidan ziyoliga o`xshab turibdi. Bilaturib, voyaga etmagan qizni kelin qilibdimi?
– O`zi oliy ma`lumotli, tajribali shifokor.
– Ko`ra-bila turib, yoshgina qizaloqning hayoti bilan hazillashibdimi? Qizning ota-onasi ham rozi bo`libdimi?!
Ha, bilaturib, tavakkal qilishadi. Turmushga chiqayotgan qizning kelajak orzulari hech kimni qiziqtirmaydi. Ular qizlarini ertaroq “egasiga” topshirib, qiz tarbiyalash mas`uliyatidan ozod bo`lishni istaydilar. Yaxshiroq, o`ziga to`q xonadondan so`rab kelishsa, bunday imkoniyatni qo`ldan bermaslikni xohlaydilar...
Samarqand shahar 1-sonli tug`ruq majmuasining bosh shifokori Gulnora Jo`raeva bilan shu haqda suhbatlashdik:
– Gulnoraxon, ko`p yillardan buyon onalar va bolalar salomatligi uchun kurashib kelasiz. Mahalliy deputat sifatida foydali takliflar bilan chiqasiz. Erta turmush qurish oqibatlariga guvoh bo`lib, o`z ko`zingiz bilan ko`rib kelyapsiz. Voya­ga etmagan kelinlarning farzand ko`rishi qanday kechadi?
– Tug`ruq jarayonida ona ham, bola ham ko`p jarohat oladi. Ko`p hollarda operasiya qilishga to`g`ri keladi. Agar onaning o`zi tug`sa, bola jarohat oladi.
Yosh onaning tos suyagi hali rivojlanmagani sababli, ochilmaydi.
– Aytaylik, chaqaloq tug`ildi ham deylik, onasi unga qanday munosabatda bo`ladi?
– Bilasizmi, ular na chaqaloq parvarishini, na bola tarbiyasini bilishadi. Chunki o`zlari hali yosh bola. Ayollar bilan o`tkazgan uchrashuvlarimizda bu haqida ko`p gapiramiz. Ammo kunlardan bir kun eshigimizdan yana 16 yoshli kelinchak kirib kelganida, farzandi sog`ligiga, kelajak hayotiga e`tiborsiz ota-onalar hanuz borligidan xafa bo`lamiz.
– Gulnora Ergashevna, ota-onalarku tushunmas ekan, FHDYo xodimlarining ko`zi qayoqda?
– Ular rasmiy nikohdan o`tmay to`y qilishadi-da.
– Hech bo`lmasa, sha`riy nikoh o`qitishadi-ku?
– Bunisi domlalarning vijdoniga havola. Ammo turli etishmovchiliklar bilan, nogiron bo`lib tug`ilayotgan bolalar uchun kim javob beradi? Aslida. Hamma narsa o`z vaqtida bo`lgani yaxshi.
Gulnoraxon shifokor sifatida, deputat sifatida kuyinib gapirarkan, o`z ish faoliyati davomida bunday hollarga ko`p duch kelayotganini aytdi...
Bir voqea yodimga tushdi. Poezdda 18-19 yoshlar chamasidagi qiz bilan bir kupega tushib qoldim. Kelishgan, istarasi issiq qizni choyga taklif qildim. Qiz tortinibgina rozi bo`ldi. U juda xomush edi. So`ng gapga kirishib ketdik. Yaxshilab tanishib olgach, boshidan o`tganlarini gapirib berdi. Faqat ismimni va manzilimni aytmang, ammo hayotimni aytib bering, hammaga. Toki men ko`rgan azoblarni boshqalar ko`rmasin, dedi. Endigina 19 yoshni qarshilayotgan qizning qanday azoblari bor ekan, deb o`yladim. Boya tortinib turgan qiz shikasta ovozda hikoya qila boshladi.
“Otam yaxshigina lavozimda ishlardi. Uyda otamning aytgani qonun edi. Onam boshlang`ich sinf o`qituvchisi, mendan kichik ukam bor edi. Men maktabda a`lo baholarga o`qirdim. Barcha fanlardan besh baho olardim. Ayniqsa, adabiyot fani jonu dilim edi. Adabiyot o`qituvchimiz berilib dars o`tardilar. Juda ko`p she`rlarni yod olardik. Orzularga berilardik. Ilk she`riy mashqlarimni daftarga ko`chirib, muallima opamizga ko`rsatardim. Nafisa, kelajakda ajoyib shoira bo`lasan, deb meni ruhlantirardilar.

9-sinfni bitirib, liseyga hujjatlarimni topshirish orzusida yurganimda, onajonimning xafaligini, yig`laganini sezib qoldim. Xavotirga tushib, nima bo`ldi, deb so`ray boshladim. Onajonim baribir senga aytishim kerak, deb sababini aytdi: “Endi katta qiz bo`lding, so`zlarimni oxirigacha eshit, meni tushunishga harakat qil. Uch kun avval seni so`rab, sovchilar kelishdi. Otangning boshlig`i ekan. O`g`li magistirlikni chet elda tugatibdi. Ishlashga ham xorijga ketarmish. Senga uylanib, seni ham olib ketarmish...”
Bir hafta tinimsiz yig`ladim. Men hali turmushga chiqish haqida o`ylab ham ko`rmagandim. Orzularimning cheki yo`q edi. O`qishni, tengqur dugonalarim bilan hunarlar o`rganishni orzu qilardim... Oyday yuzlarimni g`ijimlab tashlagim, qora xollarimni o`yib olgim, uzun, qalin sochlarimni qaychilab tashlagim kelardi.
Badavlat, obro`li xonadonga kelin bo`ldim. Zebu ziynatlarning, qimmatbaho kiyimlarning ichida qoldim. Erim Anvar aka kelishgan, ziyoli odam edi. Mendan o`n yosh katta ekan. Mening dilimdagi orzular bilan ishi yo`q, o`zining rejalari haqida ham gapirib o`tirmasdi. Men bu uyda qimmatbaho qo`g`irchoqqa o`xshardim. Anvar akaga nima deb gapirishni ham, shirin taomlar tayyorlashni ham bilmasdim.
To`ydan ikki oy o`tib, Anvar aka xorijga ishga ketdi. Men uyda qaynonam bilan, katta amaldor qaynotamning mehmonlarini kutardik. Homilador ekanimni ham sezmabman... Xullas, o`lik chaqaloq tug`ildi. O`g`il ekan. Ketganiga bir yil o`tib, Anvar aka xorijdan keldi. Mening ahvolimni so`ramadi ham, o`lik tug`ilgan o`g`liga achinmadi ham. Bir oy o`tib, u yana xorijga ketdi. To`qqiz oy o`tib men yana o`lik bola tug`dim. Anvar aka ota-onasiga telefon qilib, “Nafisaning javobini beringlar”, depti. Xorijda sevgan ayoli va bir qizchasi bor ekan. Qaynotam bir dunyo mol bilan uyimga eltib qo`ydi. Qaynonam yig`lab qoldi.
19 yoshimda ikki bor tug`ib, farzandini qo`liga ololmagan, eridan ajrashgan beva ayolga aylandim. Mening dugonalarim o`zlari orzu qilgan o`qishlarda o`qib yurishibdi.
Otam ariza berib, ishidan bo`shab oldi. Bir oddiy ishxonada hisobchi. O`zidan o`tganini o`zi biladi. Kecha hayotimda birinchi marta otamga tik qarab gapirdim. Otajon, men o`qishimni davom ettiraman. O`qiyman, dedim. Rozi bo`lmasangiz qochib ketaman, dedim. Otam erga qarab o`ylanib qoldilar. So`ng onamga: “Nafisani kiyimlarini tayyorlanglar, qo`liga pul ber”, dedilar. Menga: “Begona joyga borma, o`qishga joylashguningcha, ammangnikida turgin”, dedilar.
Opajon, huquqshunoslik kollejiga hujjat topshirishga ketyapman. Uni tugatib, institutga kiraman. Huquqshunos bo`lishni istayman. O`zimga o`xshagan qizlarning huquqlarini tanitishga, himoya qilishga qodir bo`lgunimcha o`qiyman. Nega 16 yoshimda, otamning yuziga tik qarab, men erga tegmayman, men o`qiyman, deb ayta olmadim. Nega baxtsiz bo`ldim? Opajon, ayting, hammaga, insonlar o`z farzandlarini 16 yoshlarida baxtsizlikning ostonasiga o`z qo`llari bilan eltib qo`ymasinlar. Inson dunyoga bir marta keladi, axir. Men achchiq qismatimdan qochib ketyapman. Men baxtsiz qizni katta shahar qabul qilarmikin?!”
Bu erta turmushga uzatilgan birgina qizning ohu zori edi. Ular atrofimizda yuzlab-minglab topiladi. Nabiramning to`yini ko`rib qolay, deb, o`limini kutayotgan keksalar, boylikka uchayotgan orzumandlar, o`z ko`nglimizni deb bolalarimizni baxtsiz qilmaylik. Ularni o`z orzulariga etishiga yordam beraylik.
Oilaning, turmushning, hayotning so`roqlariga qo`rqmay javob bera oladigan paytlarida, etuk, raso, o`qimishli, dono bo`lgan kunlarida to`ylarini ko`raylik.

Xosiyat Bobomurodova,
O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi

"Oila va jamiyat" gazetasidan olindi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1