1

Birinchi sinfga qabul mashmashalari

SUG'DIYONA 14.08.2018, 12:12
Birinchi sinfga qabul mashmashalari

“O`g`lim maktab yoshiga etdi deb qancha quvongan bo`lsam, uni birinchi sinfga joylashtiraman deb shuncha ovora bo`ldim, asabiylashdim. Uyimizga yaqin va ko`pchilik maqtaydigan maktabga murojaat qilsam, “Bolangizni qabul qilolmaymiz, boshqa mikrohududda turar ekansiz”, degan javobni eshitdim. Qarangki, shu erdan uncha uzoq bo`lmagan masofada yashasak-da, maktab tasarrufidagi “okrug”ga kirmas ekanmiz. Bu gap qaerdan chiqdi, balki o`qituvchi biror “narsa” umid qilyaptimikan, degan xayolga ham bordim. Qo`shnilardan surishtirsam, rus sinfiga qabul qilayotgan bu o`qituvchi haqiqatan tajribali ekani, 100 dollar qistirsam, mening o`g`limni ham sinfiga qabul qilishini aytishdi. Biroq nega men pul berishim kerak? O`qituvchining qarshiligi qonuniy asoslarga egami?”

A. A, Toshkent shahri

Birinchi sinfga qabul borasida tahririyatimizga yo`llangan ushbu murojaat va ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarda bildirilgan savollarga javoban, Toshkent shahri Olmazor tumanidagi ta`lim rus tilida olib boriluvchi 242-umumta`lim maktabi direktori Kamola Azimxadjaeva shunday fikr bildirdi:

— Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15-martdagi “Umumiy o`rta ta`lim to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 140-son qarorida “Maktab yoshidagi bolalarni umumiy o`rta ta`limga qamrab olish tuman (shahar) hokimliklarining qarori bilan umumta`lim muassasalariga biriktirilgan hududlar (mikrohudud) doirasida” amalga oshirilishi belgilangan. Shunga asoslanib, biz mikrohudud bo`yicha 6,5 yoshga to`liq to`lgan yoxud 7 yoshga kirgan o`g`il-qizlarni birinchi sinfga qabul qilishga haqlimiz. Shu sabab maktabimiz tasarrufidagi mikrohududga kirmaydigan erda istiqomat qiluvchi ota-onalarning iltimos va talablarini rad etishga majburmiz.

To`g`ri, hududlarda maktab yoshiga etgan bolalar ko`p. Yurtimizda 9,2 mingta maktab bor, ma`lumotlarga ko`ra, ularning 60 foizi ta`mirtalab ahvolda. Shunday ekan, ota-onalarning farzandini yaxshi maktabda o`qish istagini tushunish mumkin, albatta. Ayrim ota-onalar farzandini rus sinfiga berishni xohlaydi, ammo hamma maktablarda bunday sinflar yo`qligi bois uzoqroqdagi maktabga bo`lsa ham bolasi borishiga rozi bo`lishadi. Lekin ularning yashash manzili ushbu maktab qarashli bo`lgan mikrohududga kirmasligini hisobga olishmaydi. Hududlarda ta`lim o`zbek tilida olib borilayotgan maktablarda ham rus sinflari ochilyapti va umid qilamanki, bosqichma-bosqich hammasi o`z iziga tushib ketadi. Ammo mavjud holatni va qonunlarimizni hamma ota-onalar ham to`g`ri tushunishavermaydi. Ayrimlar bu narsaning zamirida ta`magirlik yotibdi, degan xayolga ham boradi. Kimda-kim o`qituvchining xatti-harakatida ta`magirlikka sha`ma borligi yoxud qonunga zid boshqa amallarga yo`l qo`yayotganini sezsa, darhol maktab ma`muriyati va direktorga murojaat qilishi mumkin. Agar rahbariyatning munosabatidan ham qoniqmasangiz, Xalq ta`limi vazirligiga, uning ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qiling.

Istisnolar bormi?

— Tegishli mikrohududga qarashli manzilda turmaydigan oilalarning farzandlarini birinchi sinfga qabul qilishda ayrim istisnolar ham bor, albatta. Masalan, maktabimizda ro`y bergan real holatni misol keltirsam. Bir oilaning 3 farzandi maktabimiz o`quvchisi. Ammo hozirgi qonunchilikka ko`ra, ular mikrohududimizga qarashli bo`lmagan manzilda yashaydi, deb topilgandan keyin 4-farzandini birinchi sinfga qabul qilishda muammo yuzaga keldi. Ularning oilaviy sharoiti va bir oilaning farzandlari bir maktabga borishi ma`qul ekanini inobatga olib, maxsus komissiya tuzdik. Bo`lajak o`quvchimiz komissiya imtihonidan muvaffaqiyatli o`tgach, uni o`quvchilarimiz safiga qabul qildik.

Maktab formasi aniq bo`ldimi?

— Maktab formasi masalasida turlicha fikrlar bildirilmoqda. Ayrim axborot manbalari butun respublikada bir xil forma joriy etilishini aytayotgan bo`lsa, ba`zi manbalar har bir maktabning o`z formasi tatbiq etiladi, degan ma`lumotlarni tarqatmoqda. Hozircha bizning maktabimizga yuqori idoralardan maktab formasi bo`yicha aniq ko`rsatmalar berilmagani bois biz o`tgan o`quv yillarida amalda bo`lgan “oq-qora” maktab formasini talab qilmoqdamiz.

1-sinfga qabul elektron tarzda!

Prezidentimiz shu yilning 17 iyul kuni umumiy o`rta ta`lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish masalalariga bag`ishlangan yig`ilishda o`quvchilarni birinchi sinfga qabul qilish, maktabdan-maktabga ko`chirish va boshqa xizmatlarni elektron shaklga o`tkazish kerakligini ta`kidladi. Bu ko`rsatmalar amaliyotga joriy etiladigan bo`lsa, ham ota-onalar, ham o`qituvchilarga engillik tug`ilishi, qog`ozbozlik kamayishiga urg`u berdi.

Dilshoda MANZUROVA.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1