Sigir sog`ishni biladigan prezident xonim

SUG'DIYONA 14.08.2018, 13:31
Sigir sog`ishni biladigan prezident xonim

Kolinda Grabar-Kitarovich Xorvatiya tarixidagi birinchi ayol prezident hisoblanadi. Xo`sh, u xizmat pillapoyasidan qanday ko`tarilgan va nimasi bilan butun xalqning ko`nglidan joy olgan?

“Ekonomklas” yo`lovchisi

Zagreb-Moskva avia yo`nalishi yo`lovchilari «ekonomklas»ning tiqilinch salonida qo`l yukini joylashtirish uchun navbatda turishganda yo`lovchilardan biri yonidagi o`rindiqda o`tirgan mallasaoch ayol Xorvatiya prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovich ekanini tanib qoladi. U Rossiyada bo`lib o`tayotgan futbol bo`yicha jahon chempionatiga o`z mamlakati futbolchilarini qo`llab-quvvatlash uchun ketayotgandi. Mazkur yangilik yashin tezligida ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqaldi va prezident xonimning kamtarligi, samimiyatiga tahsin o`qimagan odam qolmadi. Xuddi shu kundan e`tiboran, Xorvatiyaning birinchi ayol prezidentining ismi eng mashhur nashrlar muqovasidan tushmay qoldi.

Dress-kodlar cho`t emas!

Futbol ishqibozlari nafaqat uning samolyot bortidagi suratini eslab qolishdi, balki Nijniy Novgorodda bo`lib o`tgan Xorvatiya-Daniya o`yinidastadionning VIP-lojasidan voz kechib, oddiy tomoshabinlar qatoridan joy olgani ham ko`pchilikni qoyil qoldirdi. O`sha o`yinda Xorvatiya Daniyani yutdi. «Men ham boshqalar qatori oddiy ishqiboz ekanimni ko`rsatishni istadim, ishqibozlar davrasida jamoamni qo`llagim keldi. VIP-hudud dress-kodi bo`yicha uzun ko`ylak kiyish lozim, men esa milliy naqshlar tushirilgan futbolkamni kiyib oldim,chunki uzun ko`ylakda tribunadan turib o`yin tomosha qilib bo`lmaydi».

Prezident xonim rasmiy dress-kodni keyin ham bir necha marta buzdi. U jamoasining keyingi o`yinlarida ham o`sha futbolkada keldi va boshqa rasmiy kiyingan siyosatchilar orasida ajralib turdi. Har bir urilgan golda quvonchini yashirmay, raqsga tushib berdi.

Jamoasi Fransiyaga mag`lub bo`lganda esa futbolchilarga qo`shilib yig`ladi. Lekin kubok bilan taqdirlash marosimida o`z jamoasi o`yinchilari bilan bir qatorda fransuz o`yinchilarini ham bag`riga bosib tabriklashga o`zida kuch topdi. «Bu protokol»ga to`g`ri kelmaydi deb jar solishdi, jurnalistlar, lekin aynan shu harakati bilan Kolinda xonim butun jahon futbolchilari qalbini zabt etdi.

Rogatkadan otishni ham biladi

Kolinda Grabar-Kitarovich, aslida, qishloqdan, oddiy oiladan chiqqan qiz. Bo`lajak prezident Rieki shahrida tug`ilgan bo`lsa-da, bolaligi va yoshligi Xorvatiyadagi qishloqlardan birida o`tgan. Uning otasi go`sht do`konida savdo qilardi. Kolinda o`g`il bolalardek rogatkadan otish, ovga chiqish, qishloq bolalari bilan futbol o`ynashni yaxshi ko`rardi. Onasi uy bekasi bo`lib, u qiziga ro`zg`orning barcha yumushlarini o`rgatish bilan birga o`qishga ham mehr uyg`ota bilgan. Kolinda xonimning o`zi tan olib aytishicha, u diplomatlar orasida sigir sog`ishni biladigan yagona siyosatchi.

Kichik qishloqlarda bo`lganidek, uning maktabi uyidan bir necha kilometr uzoqda edi. Kolinda har kuni shuncha yo`lni piyoda bosib o`tardi. Darsdan bo`sh paytlarida esa onasi sotib olib beradigan xorijiy tildagi plastinkalarni tinglardi. Aytish joizki, Kolinda til o`rganishda juda qobiliyatli chiqdi. Til bilgani sabab 17 yoshida grant yutib oldi va til bo`yicha malaka oshirish uchun AQShga jo`nab ketdi.

Aslida, uning xorvatiyalik sinfdoshlari bilan munosabati havas qilgulik emasdi. Kolindani shevasi sabab ustidan ko`p kulishardi. Tinimsiz kitob o`qigan Kolinda bu kamchiligini yo`q qildi va sof adabiy tilda gapiradigan bo`ldi. U ayollar huquqini himoya qilishga ko`p e`tibor qaratadi. BMT yig`ilishlarining birida Xorvatiya prezidenti ayollar huquqini kengaytirish mamlakat iqtisodiy rivojiga keng yo`l ochadi deya ta`kidlagandi.

Umr yo`ldoshi ruhlantirgan

1980 yillarning oxirida otasi Kolindaning o`qishi uchun pul topib berolmay qoladi, shunda bo`lajak prezident o`zi pul topib, o`qishini davom ettiradi.

Prezident xonimning aytishicha, u yoshligidan BMTda ishlashni istagan, shu sabab tashkilotning ishchi tili bo`lgan ingliz va ispan tillarini yaxshi o`zlashtirishga e`tibor qaratgan. AQShda malaka oshirgan Xorvatiyaning bo`lajak prezidenti Zagreb universitetida o`qishni davom ettirish uchun vataniga qaytadi. Sosiologiya fakultetini tugatgach, xalqaro aloqalar bo`yicha magistr darajasiga ham erishadi. Aynan magistraturada o`qib yurganida Yakov Kitarovich bilan tanishib qoladi. Kitarovich rafiqasini siyosiy kareraga ruhlantiradi.

Tashqi ishlar vazirligiga ishga qabul qilinguniga qadar Kolinda enaga, ingliz tili bo`yicha repetitor bo`lib ham ishlagan. 1992 yilga kelib u Xorvatiya fan va texnologiya vazirligining xalqaro hamkorlik departamenti maslahatchisi vazifasiga ishga qabul qilinadi, keyinchalik esa Xorvatiya xorijiy aloqalar vazirligiga maslahatchi bo`lib ishlay boshlaydi. Oradan 3 yil o`tib Kolinda Grabar-Kitarovich TIVning Shimoliy Amerika departamenti direktori lavozimiga tayinlanadi. Ko`p o`tmay Kanadaga elchi maslahatchisi sifatida yuboriladi. Diplomatiyaning turli lavozimlarida faoliyat yuritgan Kolinda xonim Xorvatiya tashqi ishlar vaziri etib tayinlanadi. Aynan u davlatining Evroittifoq tarkibiga kirishi bo`yicha muzokaralar olib borgan. Xorvatiyaning AQShdagi elchisi vazifasida ishlagan Kolinda Grabar-Kitarovich NATOning bosh direktori o`rinbosari lavozimiga ko`tarilgan birinchi ayol hisoblanadi. 46 yoshida esa u Xorvatiya tarixidagi eng yosh va birinchi ayol prezident bo`ldi.

Kolinda xonim nafaqat karera borasida omadli, balki oilasi ham havas qilgulik. Uning Katarina ismli qizi va Luka ismli o`g`li bor. FIFA 2018ning ko`rki deya ta`riflangan Kolinda Grabar-Kitarovich o`z mamlakatining faxri va haqiqiy jonkuyari hisoblanadi.

Rus tilidan Mansur YaHYoEV tarjimasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1