It va mushuklarni saqlashga oid talablarni buzganlar qanday jarimaga tortiladi?

Savol-javob 29.08.2018, 11:10
It va mushuklarni saqlashga oid talablarni buzganlar qanday jarimaga tortiladi?

Itlar ro`yxatga olinishi va har yili qayta ro`yxatdan o`tkazilishi shart. Bu tegishli veterinariya bo`limlari tomonidan amalga oshiriladi, deb yozmoqda “Huquqiy axborot” kanali.

Itlarni ro`yxatga olishda itlarning egalariga belgilangan tartibda itlarni ro`yxatga olish guvohnomasi beriladi.

Har yili qayta ro`yxatdan o`tkazish itlarni takroran vaksinasiya qilinadi. Bu haqda itlarni ro`yxatga olish guvohnomasiga tegishli belgi qo`yiladi.

Mahalla yig`inlari tegishli veterinariya bo`limlariga itlarni quturishga qarshi o`z vaqtida vaksinasiya qilish uchun itlarni saqlaydigan fuqarolar to`g`risidagi ma`lumotlarni ma`lum qiladi.

Zotidan qat`i nazar, 3 oylikdan boshlab itlar vaksinasiya qilinishi kerak. Yangi sotib olingan itlar, agar ular vaksinasiya qilingan muddat noma`lum bo`lsa, sotib olingandan keyin bir hafta muddatda vaksinasiya qilinishi va ro`yxatga olinishi kerak.

Ko`p qavatli uyning alohida kvartirasida qo`shnilarning va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining roziligi bilan bittadan ortiq bo`lmagan itni va bitta mushukni saqlashga ruxsat beriladi.

Itlar ochiq joylarda sayr qildirilganda va turar joy binolarida itlarning egalari tinchlik saqlanishini ta`minlashlari — ertalab soat 8.00 gacha va kechqurun 22.00 dan keyin itlarning vovillashining oldini olishlari kerak.

Taqiqlanadi:

• itlar va mushuklarni umumiy foydalaniladigan joylarda: zinapoya maydonchalari, cherdaklar, erto`lalarda, shuningdek oshxonalar, balkonlar va umumfoydalanishdagi peshayvonlarda saqlash;

• qo`riqchi itlarni ta`lim va tibbiyot muassasalarida saqlash;

• itlar va mushuklarni umumiy ovqatlanish korxonalariga, oziq-ovqat do`konlari va boshqa do`konlarning savdo va ishlab chiqarish zallariga olib kirish;

• itlar va mushuklarni ko`pchilik boradigan joylarda (plyaj, hovuz, favvoralarda va hokazolarda) cho`miltirish yoki yuvish;

• mast holatdagi shaxslar va 14 yoshdan kichik bolalarning itlarni sayr qildirishi;

• oldini olish mumkin bo`lgan itlar va mushuklarning o`lishiga yoki jarohatlanishiga olib kelgan itlar va mushuklarni tashlab ketish, ularga jarohat etkazish, ularni qarovsiz holda qoldirish, ularga ozor berish yoki jismoniy va ma`naviy azob berish, ularga nisbatan boshqa yo`l qo`yib bo`lmaydigan harakatlarni sodir etish;

• itlar va mushuklarni sanitariya-epidemiologiya va veterinariya xizmatlarining ruxsatisiz bolalar muassasalarining zoologiya burchaklarida saqlash.

It bo`yinbog`iga jeton mahkamlangan holda etovda olib yurib sayr qildirilishi kerak. Jetonda itning laqabi, it egasining manzili, telefon raqami ko`rsatilishi kerak. Jetonlar veterinariya bo`limlari tomonidan beriladi.

It ochiq joylarda sayr qildirilganda u tumshuqbog`da va 2 metrgacha uzunlikdagi etovda, jamoat joylarida 1 metrgacha uzunlikdagi etovda bo`lishi kerak, tumshuqbog`siz va etovsiz faqat maxsus ajratilgan maydonlarda sayr qildirishga ruxsat beriladi.

Itlar va mushuklarni transportning jamoat transportidan boshqa barcha er usti turlarida olib yurishga ruxsat beriladi.

Kichik itlar va mushuklarni jamoat transportida ularning sog`lig`iga xavf solmaydigan va ular qochib keta olmaydigan ko`chma qurilmalarda, shuningdek yo`lovchilarning xotirjamligi buzilishini istisno etgan shartlarga rioya qilgan holda olib yurishga ruxsat beriladi.

Ko`chalarda va boshqa jamoat joylarida etovsiz yurgan itlar va mushuklar hatto bo`yinbog`i, jetoni va tumshuqbog`i bo`lgan taqdirda ham, ularning zoti va vazifasidan qat`i nazar, tutib olinishi kerak.

Tutib olingan itlar, zotidan qat`i nazar, 5 kun mobaynida it tutish xizmatlarida saqlanadi va it egasi murojaat qilgan va itning uniki ekanligi (ro`yxatga olish guvohnomasi, veterinariya guvohnomasi) tasdiqlangan va saqlash xarajatlari to`langan taqdirda egasiga qaytarilishi mumkin.

Ko`rsatib o`tilgan muddat tamom bo`lgandan keyin tutib olingan, kasallik belgilari bo`lmagan zotli itlar saqlash xarajatlari to`langandan keyin manfaatdor shaxslarga berilishi mumkin.

Ko`chmas mulk egalari o`z ob`ektlari va hududlarida qarovsiz qolgan hayvonlar bo`lishiga yoki ularni ovqatlantirishga yo`l qo`ymasliklari kerak. Bunday hayvonlar paydo bo`lgan taqdirda darhol shahar va tuman obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo`limi xodimlarini chaqirish zarur.

It va mushuklarni sotib olish, sotish, olib kelish va olib ketishga hayvonning sog`lig`i to`g`risida veterinariya hujjatlari va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hujjatlar bo`lgan taqdirda yo`l qo`yiladi.

Har qanday hayvon egasining mulki hisoblanadi va har qanday mulk singari qonun bilan muhofaza qilinadi.

Hayvon egasidan sudning qaroriga ko`ra yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa asoslar bo`yicha olib qo`yilishi mumkin.

Itning egasi o`z itini etovga bog`langan holda va tumshuqbog`da cheklangan vaqt mobaynida yolg`iz qoldirish huquqiga ega.

Itlarning egalari quyidagilarga majbur:

• itlarning qo`shnilar tinchligini buzib tinimsiz vovillashiga yo`l qo`ymaslik choralarini ko`rish;

• itlar va mushuklarning umumfoydalanishdagi joylarni (kirish joylarini, zinapoya maydonchalarini, liftlarni, bolalar maydonchalarini, yo`lkalarni, yo`laklarni, ko`kalamzorlashtirilgan va obodonlashtirilgan hududlarni va hokazolarni) iflos qilishiga yo`l qo`ymaslik;

• umumfoydalanishdagi joylarda itlar va mushuklar qoldirgan ekskrementlarni (axlat) olib tashlash;

• itlar va mushuklar qoldiradigan ekskrementlarni (axlat) darhol yig`ishtirib olish uchun o`zi bilan anjom olib yurish;

• itlarni sotib olishda va boshqa joyga ko`chganda ularni tegishli veterinariya bo`limlarida ro`yxatdan o`tkazish va har yili qayta ro`yxatdan o`tkazish, shuningdek zarur ma`lumotlarni mahalla yig`iniga ma`lum qilish;

• itlarni ro`yxatga olish guvohnomasini taqdim etish hamda itlarni tekshirish va kasallikning oldini oluvchi emlash uchun veterinariya bo`limiga olib kelish;

• tegishli hududga kirishda it borligi to`g`risida ogohlantiradigan taxtacha o`rnatish;

• it yoki mushuk odamlarni yoki hayvonlarni tishlagan taqdirda uni darhol tekshirish va 10 kun muddat ajratib qo`yish uchun veterinariya bo`limiga olib kelish hamda birinchi va takroriy veterinariya ko`rigi haqidagi ma`lumotnomani veterinariya bo`limidan olish va uni tishlashdan jabrlangan shaxsga darhol topshirish;

• hayvonlar quturish kasalligiga chalinganligi haqidagi har bir shubhalanishda darhol veterinariya bo`limini xabardor qilish va ularni ajratib qo`yish uchun zarur choralar ko`rish;

• kasal itlar va mushuklarni hayvonlar ajratib qo`yiladigan maxsus xizmatlarga topshirish;

• itlar o`lgan taqdirda veterinariya bo`limiga, yashash joyidagi mahalla yig`iniga xabar berish hamda o`lgan itning jasadini tashlab yubormaslik, uni itni ro`yxatga olish guvohnomasini ilova qilgan holda tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari huzuridagi qarovsiz qolgan hayvonlarni tutish bo`limiga topshirish.

Ushbu talablarga rioya qilmaslik, shuningdek mansabdor shaxslar tomonidan egasiz hayvonlarni tuttirish choralarini ko`rmaganlik fuqarolarga 18400 so`mdan 92150 so`mgacha, mansabdor shaxslarga esa 92150 so`mdan 184300 so`mgacha jarima solishga sabab bo`ladi.

Agar huquqbuzarlik fuqarolarning sog`lig`i yoki mol-mulkiga zarar etishiga olib kelsa fuqarolarga 92150 so`mdan 184300 so`mgacha, mansabdor shaxslarga esa 184300 so`mdan 368600 so`mgacha jarima solishga sabab bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1