1

O`zbekiston va Belarus mintaqaviy forum doirasida qariyb 200 mln dollarlik 82ta shartnomani imzoladi

Iqtisodiyot 13.09.2018, 12:50
O`zbekiston va Belarus mintaqaviy forum doirasida qariyb 200 mln dollarlik 82ta shartnomani imzoladi

zbekiston-Belarus biznes-mintaqaviy forumida hamda kooperasion birjada o`zbek va belarus ishbilarmon doiralarining 500ga yaqin vakillari, shuningdek, ikki mamlakat vazirliklari va idoralari vakillari ishtirok etdi. Tadbir 2018 yil 12 sentyabr kuni Toshkent shahrida, Belarus Respublikasi prezidenti A.Lukashenkoning O`zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi. Tashkilotchilar O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari bo`ldi.

Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, forumni savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston-Belarus hukumatlararo komissiyasining hamraisi – O`zbekiston Respublikasi bosh vazirining o`rinbosari Nodir Otajonov va Belarus Respublikasi bosh vazirining o`rinbosari Mixail Rusiy ochib berdi.

Tomonlar ikki yil davomida ketma-ket o`zaro tovar ayirboshlash hajmining o`sish tendensiyasiga alohida urg`u berdilar. Hozirda aynan ushbu ijobiy tendensiya yangi hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga, investisiyalar hamda tovar oqimlarini rag`batlantirishga imkon bermoqda. Ikki mamlakat o`rtasida sanoat kooperasiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga misol sifatida Toshkent qishloq xo`jalik mashinasozlik zavodi negizida tashkil etilgan yo`l qurilishi va maxsus texnika ishlab chiqarish bo`yicha «Amkodor-Agrotexmash» qo`shma korxonasini aytib o`tish mumkin.

– Forum doirasida ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari engil, elektr, qishloq xo`jaligi, tog`-kon sanoati, mashinasozlik, oziq-ovqat sanoati, shuningdek, qurilish materiallarini birgalikda ishlab chiqarishdir, – ta`kidladi O`zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Jamshid Xo`jaev.

Forumda umumiy qiymati 193,3 million dollar bo`lgan 82ta eksport-import shartnomalari imzolandi va umumiy qiymati 38 million dollar bo`lgan investisiya loyihalarini amalga oshirish bo`yicha kelishuvlarga erishildi. Kelgusi yillarda taxminan 20ta investisiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahrining markazida Oloy bozori hududida Belarus mahsulotlari do`koni o`z faoliyatini boshladi va Minskda xuddi shunday o`zbek mahsulotlari do`konini ochish bo`yicha faol ish olib borilmoqda.

Biznes-forum davomida o`zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun ikki mamlakat o`rtasida mintaqalararo aloqalarni o`rnatish muhimligi ta`kidlandi. Tomonlar Minsk, Brest, Vitebsk, Mogilev va Gomel viloyatlarida va Minsk sharida O`zbekiston hududlari vakillarining tashrifi chog`ida o`tkazilgan uchrashuvlar va muzokaralar natijalarining yuqori samaradorligini qayd etdilar.

- O`zbekiston va Belarus ishbilarmonlari o`rtasidagi mintaqalararo hamkorlikni faollashtirish maqsadida Toshkent va Minsk savdo-sanoat palatalari, shuningdek, Toshkent va Gomel viloyatlaridagi hamkorlik to`g`risidagi bitimlar imzolandi, – deydi O`zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov.


Tomonlar standartlashtirish idoralari o`rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash, jahon standartlarini qo`llash bo`yicha o`zaro tajriba almashish, xalqaro sertifikatlashtirish idoralarida laboratoriyalarni akkreditasiya qilish va kadrlarni tayyorlashning samarali tizimini yaratishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1