1

​Yosh yigit-qizlarning sochiga oq oralasa...

SUG'DIYONA 12.11.2018, 10:51
​Yosh yigit-qizlarning sochiga oq oralasa...

Sochga oq tushishi ertami-kechmi, har birimizni bezovta qilishi aniq. Yosh o`tgani sayin oq sochlar ko`payishi tabiiy hol, albatta. Lekin 20-25 yashar ayrim yigit-qizlar ham sochlari erta oqarganidan shikoyat qilishadi. Bundan xavotirga tushib, bilib-bilmay dori-darmon qabul qilish esa sochga yanada ko`proq zarar etkazishi mumkin.

Mutaxassis: Jahongir SOHIBOV, Sergeli tumani teri tanosil dispanserining dermatovenerolog-trixolog shifokori.

Sabablari ko`p

Inson organizmida millionlab soch follikulalari bor. Follikulalar soch hosil qiladigan hujayralar va pigment tutadigan hujayralardan iborat. Biz aytayotgan muammoning sabablaridan biri organizmda melanin moddasi etishmovchiligidir. Zero, ushbu modda sochlarni rang bilan ta`minlaydi. Uning tanqisligiga quyidagi omillar sabab bo`lishi mumkin:

* qattiq asabiylashish: stress holatida yuzaga kelgan adrenalin bosh terisidagi protein va pigmentning faoliyati buzilishiga sabab bo`ladi;

* nosog`lom turmush tarzi: noto`g`ri ovqatlanish va uyqu me`yorida bo`lmasligi oqibatida follikulalar sustlashadi;

* organizmda oqsil etishmovchiligi: oqsil tarkibidagi tirozin (aminokislota) tanqisligi melanin etishmovchiligini keltirib chiqaradi;

* nasliy: ota-ona, yaqin qarindoshlarda erta soch oqarishi kuzatilgan bo`lsa;

* bo`yin sohasidagi nerv tolasining siqilishi bosh miya tomirlariga qon yaxshi etib bormasligi, qon aylanish tizimi buzilishiga sabab bo`lib, sochni kuchsizlantiradi, rangsizlantiradi.

Oq sochlar soch tuzilmasida havo, ya`ni bo`shliqlar yuzaga kelishi natijasida ham paydo bo`lishi mumkin. Bunda sochlarning rangi nurning sinish burchagi o`zgargani tufayli oq tusga kiradi. Organizmda ro`y berayotgan salbiy o`zgarishlar erta soch oqarishi, qurib ketishi, to`kilishi kabi oqibatlarnikeltirib chiqaradi. Masalan, temir tanqisligi anemiya, kamqonlik, vitiligo, qalqonsimon bezning ishdan chiqishi, verner (erta soch oqarishi) kabi kasalliklarga sabab bo`lishi mumkin. Agar 30-35 yoshlar (ba`zida 20-25) oralig`idagi ayollarda soch oqarishi kuzatilsa, albatta,trixolog shifokor huzuriga borish tavsiya etiladi. Kasallikning sababini aniqlab, organizmda yuz berayotgan o`zgarishlarni bartaraf etish zarur. Buning uchun umumiy amaliyot shifokori, endokrinolog, gastroenterolog shifokorlar qabuliga ham yo`llanma beriladi. To`liq tekshiruv (mikroelementlar uchun sochning spektral tahlillari, qonda vitaminlar, qalqonsimon bez tekshiruvi, gormonlar tahlili)lar o`tkazilgach, umumiy xulosaga kelinib, muolajalar boshlanadi.

Soch yuvish vositalari ham erta soch oqarishiga olib kelishi mumkin. Chunki ba`zi shampun va balzamlar tarkibida soch oqarishiga sabab bo`luvchi ingredientlar, xususan, vodorod pereoksidi (N202) bor bo`lib, bu modda zararli xususiyatga ega.

Avvalgi holiga qaytadimi?

Ming afsuski, oqargan sochlarni avvalgi holatiga qaytarishning imkoni yo`q. Ammo kerakli muolajani o`z vaqtida qo`llab, soch oqarishining oldini olish va jarayonni sekinlashtirish mumkin. Bunda, eng avvalo, ovqatlanish tartibiga e`tibor berish kerak. Dukkaklilar, avokado va yong`oq (barcha turlari)ni ko`proq iste`mol qilish lozim. Agar chekish va ichkilikka moyil bo`lsangiz, bundan voz kechishga to`g`ri keladi, chunki har ikki odat ham muammoni yanada chuqurlashtirishi aniq.

Davolashda dori–darmon ichish bilan birga mahalliy muolaja usullari ham olib boriladi. Soch oqarishini to`xtatish uchun shifokor yiliga ikki marta A, S, E vitaminlari, riboflavin moddasi va foliy kislotasini tavsiya etadi.

Uydagi muolajalar

Uy sharoitida bir qator foydali va tabiiy muolajalarni bajarish mumkin.

Misol uchun:

* 80 ml kunjut yog`i bilan 50 ml efir moyini aralashtirib, og`zi mahkam yopiladigan idishga solasiz. Bu aralashma 1 oy muzlatgichda saqlanishi kerak. Malham tayyor bo`lgach, soch ildizlariga surtiladi. 15 daqiqa o`tib iliq suvda yuviladi. Muolajani 14 kun davomida har kuni takrorlash kerak.

* Oddiy sariyog` tarkibidagi minerallar ham soch oqarishi jarayonini sekinlashtirib, rang berish xususiyatiga ega. Sariyog`ni eritib, soch ildiziga uqalovchi harakatlar bilan surtish lozim. Muolajani haftada ikki marta takrorlash tavsiya etiladi;

* Qora choy soch oqarishini to`xtatishda samarali vositalardan biri. Achchiq damlangan qora choyni bir osh qoshiq o`simlik yog`i bilan aralashtirib, soch ildizidan boshlab uchigacha surtiladi. Tezroq va yaxshi natijaga erishish uchun bu muolajani har kuni takrorlash mumkin;

* Yarim stakan piyoz po`stlog`iga 250 ml issiq suv quyib, 20 daqiqa davomida qaynatiladi, sovutib, suzib olingach, 1 oshiq gliserin qo`shiladi. Va muolaja uch hafta davomida har kuni takrorlanadi.

Dori preparatlari bilan davolanishda, albatta, dermatolog, trixolog shifokorlar maslahatiga quloq tuting. Chunki sochlarning erta oqarishiga qarshi qabul qilingan dorilar bemorda kutilmagan holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sabab, mazkur muammo sizni xavotirga solishi bilan tibbiyot mutaxassisi qabuliga boring va uning tavsiyasiga ko`ra, umumiy qon tahlilini topshiring. Tahlil natijasi bemorning organizmida ro`y berayotgan o`zgarishlarni ko`rsatib, erta soch oqarishining sabablarini aniqlashda yordam beradi. Kasallikni davolashda, avvalo, ichki taraf (ichga qabul qilinadigan dori-darmonlar)dan, keyin esa tashqi tomonlama muolaja qilinsa, yaxshi natijaga erishish mumkin. Shifokor sifatida yana bir ma`lumotni aytsam, erta soch oqarishining aniq davolash muddati belgilanmagan. Muolaja bemordan itoatkorlikni talab etadi. Chunki davolash bosqichma-bosqich olib borilishi shart.

Shahlo Shermuhamedova yozib oldi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1