O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 27 noyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining sobiq Bosh kotibi, bugungi kunda Yashil taraqqiyot global instituti assambleyasi va Xalqaro olimpiya qo`mitasining Etika bo`yicha qomissiyasiga rahbarlik qilayotgan Pan Gi Munni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Pan Gi Mun Nukusda bo`lib o`tgan Orolbo`yi hududida ekologik vaziyatni yaxshilash masalalari hamda bu jarayonda koreys diasporasining roliga bag`ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun mamlakatimizga keldi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, uning tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, jumladan, zamonaviy global tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda jahon hamjamiyatining sa`y-harakatlarini birlashtirish orqali ming yillik rivojlanish maqsadlariga erishishdagi katta xizmatlarini alohida ta`kidladi.
Pan Gi Munning xalqaro hamjamiyat e`tiborini Orol fojiasining salbiy oqibatlarini bartaraf etish masalalariga qaratishga qo`shgan shaxsiy hissasi yuksak baholandi.
BMT Bosh kotibi lavozimida u O`zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlarining Orolbo`yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash borasidagi tashabbus va takliflarini faol qo`llab-quvvatladi.
Uchrashuvda Orol dengizi mintaqasida ustuvor loyihalarni amalga oshirishda xalqaro institutlar va tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlikni kengaytirish va strategik sheriklikni mustahkamlash yuzasidan ham fikr almashildi. O`zbekistonda istiqomat qilayotgan ko`p sonli koreys diasporasining xalqlarimiz va mamlakatlarimiz o`rtasidagi do`stlik va o`zaro anglashuvni mustahkamlashga hissa qo`shayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Pan Gi Mun davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekistonda BMTning Barqaror taraqqiyot maqsadlariga to`la mos bo`lgan 2021 yilgacha Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi.
O`zbekistonning Orolbo`yida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, ekologik muammolarni bartaraf etish, sog`liqni saqlash va ta`lim tizimini rivojlantirish, infratuzilmani takomillashtirishga xizmat qilayotgan 2018-2021 yillarda Orolbo`yi hududini rivojlantirish bo`yicha Davlat dasturi doirasida amalga oshirayotgan sa`y-harakatlari alohida qayd etildi.
Davlatimiz rahbarining inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosidagi trast jamg`armasini va Orolbo`yi xalqaro innovasiya markazini tashkil etishga oid takliflari to`liq qo`llab-quvvatlandi.

Pan Gi Mun bundan buyon ham O`zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o`rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga faol ko`maklashishga, Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etishda samarali hamkorlik qilishga tayyor ekanini ta`kidladi.






