AsosiySiyosat

​O`zbekiston va Tojikiston adliya vazirliklarining hamkorligi yangi bosqichga ko`tarildi

'​O`zbekiston va Tojikiston adliya vazirliklarining hamkorligi yangi bosqichga ko`tarildi'ning rasmi

Joriy yilning 27 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi adliya vaziri o`rinbosari M. Istamov mamlakatimizga tashrif buyurgan Tojikiston Respublikasi adliya vazirining birinchi o`rinbosari Xolikzoda Abdumannon G`affor boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashdi. Bu haqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Uchrashuv 2018 yil 18 avgustdagi O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi o`rtasida hamkorlik to`g`risidagi bitim doirasida tashkil etildi.

Tomonlar adliya sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirish, adliya idoralari, notariuslar va advokatlar faoliyatini tashkil etish, yuridik kadrlar tayyorlash va almashish, shuningdek, malakasini oshirish kabi yo`nalishlarda hamkorlik istiqbollariga doir masalalarni muhokama qildi.

M. Istamov vazirlikning qonunchilik, notariat, aholiga huquqiy yordam ko`rsatish, huquqiy tarbiya va aholini amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan qonunchilik bazasini mustahkamlash bo`yicha tizimli va izchil chora-tadbirlar to`g`risida xabardor qilishga oid faoliyati haqida ma`lumot berdi.

Uchrashuv chog`ida O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakillari tomonidan vazirlik faoliyati, uning vazifa va funksiyalari taqdimoti o`tkazildi.

Konstruktiv va xayrixohlik ruhida o`tgan uchrashuvda A. Xolikzoda O`zbekiston Respublikasidagi qonun ustuvorligi, adliya, notariat, FHDYo va advokatura instituti sohalaridagi ijobiy o`zgarish va islohotlarni alohida qayd etdi.

Eslatib o`tamiz, Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi delegasiyasining tashrifi 1 dekabrga qadar davom etadi. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvlardan tashqari, Buxoro va Samarqand shaharlariga tashriflar ko`zda tutilgan. Mehmonlar Buxoro shahrining Davlat xizmatlari markazi, Samarqand shahridagi 3-sonli davlat notarial idorasi va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishadilar.

    Boshqa yangiliklar