1

Jahon bo`ylab sochilgan javohirlar

Madaniyat 19.08.2019, 09:47
Jahon bo`ylab sochilgan javohirlar

“O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” mega-loyihasi xalqimizning nodir durdonalarini izlab topish, o`rganish va targ`ib etishga bel bog`lagan.

O`zbekiston o`zining boy va betakror tarixiy merosiga ega. Bugungi kunda mamlakatimizdagi beshta ob`ekt (Xiva shahridagi Ichan-qal`a majmuasi, Buxoro, Samarqand, Shahrisabz shaharlarining tarixiy qismlari, Chotqol qo`riqxonasi) YuNESKOning Butunjahon merosi ro`yxatiga kiritilgan. Shu bilan birga mazkur nufuzli xalqaro tashkilotning nomoddiy madaniy meros ob`ektlari qatoriga Marg`ilondagi atlas va adras to`qish san`ati, palov, askiya, katta ashula, Boysun folklor etnografik madaniyati joy olgan.

Bu dunyo miqyosida tan olingan madaniy merosimiz namunalari xolos. Hali taqdir taqozosi bilan dunyoning turli hududlariga tarqalib ketgan, bugungi kunda qator nufuzli muzeylar, kutubyuxonalar, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan tarixiy buyumlarimiz, qo`lyozmalarimiz qancha...

Jahonning yirik madaniy ma`rifiy muassasalarini kezar ekansiz, minglab tarixiy eksponatlar, ota-bobolarimiz yaratgan san`at asarlari, uy-ro`zg`or buyumlari, xalq amaliy san`ati namunalari, tangalar, taqinchoqlar, kiyim-kechaklar, qurol-yarog`lar, yozuv madaniyati, kitobat va miniatyura san`atining nodir namunalarini ko`rasiz. Beixtiyor qalbingiz nurga to`ladi.

Biroq, ba`zi hollarda aynan Buxoro Samarqand, Toshkent, Shahrisabz, Farg`ona singari tarixiy hududlarda bobolarimiz va momolarimiz yaratgan mehnat va ijod namunalari boshqa mamlakatlarga va xalqlarga tegishli deb ko`rsatilganini ko`rib, dilingiz og`riydi.

Xo`sh, dunyoda bunday “sayohatchi” eksponatlarning soni qancha? Ular asosan qaysi davlatlarda saqlanadi? Ular yurtimizdan qanday va qay tarzda olib chiqib ketilgan? Shu paytga qadar bu kabi savollarga aniq javob berish mushkul edi.

O`zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assosiasiyasi, Madaniyat vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O`zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi va Islom sivilizasiyasi markazi, “Eriell Group” xalqaro neft sohasida xizmat ko`rsatish kompaniyasi, “Zamon press info” nashriyot uyi va boshqa bir qator idora va muassasalar, xalqaro tashkilotlar hamkorligida boshlangan “O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamlarida” loyihasi orqali shu kabi savollarga ham javob topish mumkin.

2017 yilda o`z ishini boshlagan bu loyiha doirasida shu paytga qadar O`zbekiston madaniy merosiga oid nodir ma`lumotlarni qo`lga kiritishi uchun Rossiya, Turkiya, Fransiya, Yaponiya, Germaniya, Buyuk Britaniya singari mamlakatlarda faoliyat olib borayotgan sharqshunos, san`atshunos, etnograf olimlar, yirik ekspertlar jalb qilindi, turli davlatlarga ijodiy safarlar uyushtirildi. Zamona zayli bilan dunyoning turli hududlariga borib qolgan madaniy merosimiz namunalari haqida ma`lumotlar to`plana boshladi. Tadqiqotlar davomida Tumanli Albiondan to Sahroi Kabirgacha, Yapon arxipelagidan to Gavayi orollariga qadar cho`zilgan bepoyon hududda xalqimizning bebaho yodgorliklari “sochilib” yotgani ma`lum bo`ldi.

Qisqa vaqt davomida O`zbekistondagi I.Saviskiy nomli Qoraqalpog`iston Davlat san`at muzeyi, Rossiyadagi Davlat Sharq muzeyi, Rossiya etnografiya muzeyi, Davlat Ermitaji, Rossiya Milliy kutubxonasi, Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari institutida saqlanayotgan osori atiqalarimizga bag`ishlangan kitob-albomlar chop etildi.

Mazkur kitob-albomlarning o`ziga xos jihati ularning o`zbek, rus va ingliz tillarida, zamonaviy poligrafiya imkoniyatlari doirasida chop etilganidir. Kitoblar muayyan to`plamlargning shakllanish tarixi haqidagi maqolalar va kataloglardan tashkil topgan. Qayd etish lozimki, mazkur osori atiqalarning aksariyati shu paytga qadar keng ommaga oshkor qilinmagan. Ular haqidagi ma`lumotlar va fotosuratlar mamlakatimizning bir qator rasmiy idoralari, xalqaro tashkilotlar, yurtimizning xorijiy mamlakatlardagi elchixonalari, taniqli olim va mutaxassislar yordamida qo`lga kiritildi.

Kitob-albomlar orasida “O`zbekiston madaniy merosi Germaniya Federativ Respublikasi to`plamlarida” deb nomlangan X jildi alohida ahamiyatga ega. Chunki, ushbu kitob bevosita O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning so`zboshisi bilan chop etildi. Kitob-albomning ilk taqdimoti Germaniyada bo`lib o`tdi. Mamlakatimiz rahbari uning bir nusxasini Bavariya federal eri bosh vaziri Markus Zederga tuhfa qildi.

Bu kitob-albomlarning yana bir afzal jihati ularning zamonaviy axborot texnologiyalariga uyg`un tarzda chop etilayotganidir. Bir qator kitob-albomlarga biriktirilgan maxsus ilovalar planshet va smartfonlar yordamida muayyan mavzulardagi videomateriallar bilan tanishish imkonini beradi. Buning uchun gadjet kamerasini tegishli sahifaga yo`naltirish kifoya. Ilovaning o`zi internet tarmog`idan ushbu mavzuga oid videomaterialni topib beradi.

“O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamlarida” loyihasi doirasida chop etilayotgan kitoblarga ularning mazmun-mohiyatini o`zida aks ettirgan hujjatli filmlar joylangan disklar ilova qilingan. Taniqli jurnalist Shahnoza G`anieva boshchiligidagi ijodiy guruh tomonidan bir qator muzey va kolleksiyalarda saqlanayotgan yodgorliklarimiz haqida o`nlab filmlar yaratildi, milliy va xorijiy telekanallar orqali o`zbek, rus, ingliz tillarida efirga uzatildi.

O`zbekiston va xorijiy mamlakatlarda tashkil qilinayotgan forumlar, konferensiyalar, media-iventlar doirasida mazkur kitob-albomlar va filmlarning taqdimoti o`tkazib kelinmoqda. Ushbu tadbirlarda kitob-albomlar turli madaniy-ma`rifiy, ilmiy muassasalarga, muzey va kutubxonalarga beg`araz asosda topshirilmoqda. Aytish mumkinki, katta mehnat va izlanish samarasi bo`lgan ushbu nashrlarni bugungi kunda sayyoramizning turli nuqtalarida, eng nufuzli ilm va ma`rifat maskanlarida ham o`qish mumkin.

“O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” loyihasi doirasida tashkil etilayotgan yirik anjumanlar Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati bo`yicha izlanishlar olib borayotgan yuzlab olimlarni birlashtirmoqda. Ular safida Frederik Starr, Aleksandr Naymark (AQSh), Mixail Piotrovskiy, Efim Rezvan, Olga Vasileva (Rossiya), Lale Uluch (Turkiya), Shohin Mustafoev (Ozarboyjon), Sergey Laptev (Yaponiya), Katibur Rahmon (Hindiston), Ladan Akbarniya, Firyuza Melvil (Buyuk Britaniya), Frensis Rishar (Fransiya), Benedik Peri (Vengriya) singari xalqaro miqyosda tanilgan olimlar bor.

Ilk bor 2017 yilning may oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida o`tkazilgan “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar o`rtasidagi muloqotga yo`l” nomli birinchi xalqaro ilmiy-madaniy kongressda 200 dan ortiq dunyo olimlari ishtirok etgan, ular tomonidan qabul qilingan deklarasiyada bunday yirik anjumanlarni har yili muntazam o`tkazib borish belgilangan. 2018 yilda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bo`lib o`tgan ikkinchi xalqaro kongressda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, saqlash va targ`ib etish bo`yicha Butunjahon jamiyatining nizomi tasdiqlandi, jamiyat oldiga qo`yilgan asosiy maqsad va vazifalar belgilab olindi.

Joriy yilda bu anjumanning qamrovi yanada kengaydi. 22-23 avgust kunlari poytaxtimizda O`zbekiston madaniy merosini o`rganish, asrash va targ`ib etish bo`yicha Butunjahon jamiyatining III xalqaro kongressi “O`zbekiston buyuk yo`llar va sivilizasiyalar chorrahasida: imperiya, din, madaniyat” madaniy meros haftaligi doirasida o`tkaziladi. Unda turli mamlakatlardan akademiklar, fan doktorlari va professorlar, tadqiqotchilar yangi tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar natijalarini e`lon qilishadi. Mehmonlarni qiziqarli taqdimotlar, eksklyuziv ko`rgazmalar, tarixiy yodgorliklarga sayohat, madaniy tadbirlar kutmoqda.

Mazkur haftalik davomida “O`zbekiston madaniy merosi dunyo to`plamlarida” turkumidagi kitob-albomlarning yangi jildlari keng jamoatchilikka taqdim etiladi. Mazkur kitob-albomlarning besh jildi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qo`lyozmalarga bag`ishlangan. Shuningdek, O`zbekiston tarixi davlat muzeyi, Samarqand Davlat muzey qo`riqxonasi, O`zbekiston muzeylarida Kushon saltanati va temuriylar davri merosiga bag`ishlangan jildlar yurtimizda saqlanib qolgan osori atiqalar haqida ma`lumot beradi. Shu bilan birga bu yilgi meros haftaligi davomida Turkiya, Rossiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Chexiya, Yaponiya, Polsha singari mamlakatlarning O`zbekistonga oid to`plamlariga bag`ishlangan kitob-albomlar ham ilmiy jamoatchilikka taqdim qilinadi. Bu kitoblarning har biri yurtimiz tarixi, xalqimizning o`tmishdagi turmush tarzi, ajdodlarimiz dahosi, idroki va tafakkuri, ma`naviy qiyofasi haqida yorqin tasavvur bera oladi. Xorijdagi eng dongdor bosmaxonalarda bosilayotgan, ming yillar davomida o`z sifatini yo`qotmaydigan bu kitoblar xalqimizning o`tmishi, bugungi kuni va kelajagini bog`lovchi ko`prik bo`lsa ajab emas.

Rustam Jabborov

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1