AsosiySiyosat

Suv resurslarini samarali boshqarish va tejash bo`yicha vazifalar belgilandi

'Suv resurslarini samarali boshqarish va tejash bo`yicha vazifalar belgilandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 19 sentyabr kuni suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi.

Ma`lumki, butun dunyoda suv taqchilligi muammosi yildan-yilga kuchayib bormoqda. Mamlakatimizda bu masalaga alohida e`tibor qaratilib, suvdan oqilona foydalanish choralari ko`rilmoqda. Sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida Suv xo`jaligi vazirligi tashkil qilindi.

Davlatimiz rahbari ko`rsatmalariga muvofiq ishlab chiqilayotgan qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo`ljallangan strategiyasida ham suvdan foydalanish va uni tejash bo`yicha dolzarb chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Yig`ilishda sug`orishdagi yo`qotishlarni qisqartirish, ajratilayotgan byudjet mablag`laridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.

Bugungi kunda 3 million 200 ming gektar erga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga etib boryapti, xolos. Chunki jami 180 ming kilometr sug`orish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali bo`lib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan.

Yana bir sababi ekin maydonlarining 98 foizi eskicha uslubda sug`orilayotgani, ekinlar nomaqbul joylashtirilayotganidir. Suvdan samarali foydalanish, hisobini yuritish, irrigasiya tarmoqlarida suv tejovchi yangi texnologiyalarni qo`llash bo`yicha hech bir tashkilot talab qo`ymayapti.

Shu bois hududlarning suv ta`minoti va uni tejash imkoniyatidan kelib chiqib, ekinlarni joylashtirishning takomillashtirilgan tizimini ishlab chiqish zarurligi ta`kidlandi.

Suv xo`jaligi vazirligiga Janubiy Koreyaning 7 million dollarlik granti hisobidan 61 ta suv xo`jaligi ob`ektida suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Aqlli suv” tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi. Kelgusi yili 120 ta va 2023 yilgacha 300 ta ob`ektda ushbu tizim tatbiq etiladi.

Energetika vazirligiga 1 ming 700 ta nasos stansiyasini 2020 yil yakunigacha elektr energiya iste`molining avtomatlashgan nazorat tizimiga o`tkazish topshirig`i berildi.

Umuman, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish zarurligi ko`rsatib o`tildi.

Sohada bozor mexanizmlarini tatbiq etish ham zamon talabi. Negaki hozirda hatto yuqori daromad keltiruvchi ekin maydonlari, bog`lar va tokzorlarga ham suv davlat hisobidan etkazib berilmoqda.

Shulardan kelib chiqib, 2020 yilda 22 ta tumandagi 50 ta ob`ektni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish zarurligi ta`kidlandi.

Yig`ilishda suv xo`jaligida ilm va innovasiyani jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish bilan chambarchas bog`lash masalalariga ham e`tibor qaratildi.

Yosh olimlarning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish, talabalarda loyihalash ko`nikmalarini shakllantirish, xorijiy tajriba va mutaxassislarni jalb qilgan holda tizimga innovasiyalar kiritish maqsadida Toshkent irrigasiya va qishloq xo`jaligini mehanizasiyalash muhandislari institutida “Loyihalash guruhi”ni tashkil etish bo`yicha ko`rsatma berildi.

Barcha yirik loyihalarda ilmiy xodimlar va iqtidorli talabalarni ob`ektlarga biriktirish, ularning xorijda malaka oshirishiga ko`maklashish hamda ilmiy-innovasion ishlanmalarni ushbu loyihalar doirasida amaliyotga tatbiq etish lozimligi ta`kidlandi.

Suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish sohadagi eng asosiy vazifadir.

Bunday texnologiyalar samaradorligi Farg`onadagi bitta fermer misolida tahlil qilinganda, suv sarfi xarajatlari 50 foizga, o`g`it 37 foiz, yoqilg`i 35 foizga qisqargan.

Shu bois keyingi yilda qo`shimcha 200 ming, 2025 yilgacha 1 million gektar ekin maydoniga suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda suv xo`jaligi tashkilotlari tasarrufida 4 mingta sug`orish qudug`i mavjud. Bitta quduq 30 gektar maydonga xizmat ko`rsatib, yiliga 40-50 million so`mgacha xarajat qilinmoqda. Sug`orishda quduq suvini odatdagidek ishlatish oqibatida er osti suvi borgan sari kamaymoqda.

Shuning uchun mutasaddilarga quduq suvlari iste`molchilarini 2020 yilda suv tejovchi texnologiyalar va quyosh panellaridan foydalanishga o`tkazish yuzasidan ko`rsatmalar berildi.

Yana bir masala – hozirda suv ob`ektlarini qurish, rekonstruksiya va ekspluatasiya qilish bo`yicha ham buyurtmachi, ham pudratchi vazifasini bitta idora – Suv xo`jaligi vazirligi amalga oshirmoqda. Bu esa sog`lom raqobatga salbiy ta`sir ko`rsatishi mumkin.

Shu bois 57 ta pudrat korxonasini vazirlik tizimidan chiqarib, alohida aksiyadorlik jamiyatiga birlashtirish vazifasi qo`yildi.

Suv iste`molchilari uyushmalari faoliyatini qayta ko`rib chiqish zarurligi, ular investisiya, grant va boshqa mablag`lar jalb qila oladigan, maxsus texnikalarga ega, fermerlarga sifatli xizmat ko`rsatuvchi professional tuzilma sifatida faoliyat yuritishi kerakligi ko`rsatib o`tildi.

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha mutasaddilar hisobot berdi.

    Boshqa yangiliklar