1

“Obod qishloq“ dasturi doirasida 400 dan ortiq qishloq obod bo`ladi

Iqtisodiyot 08.10.2019, 23:07
Teglar: obod qishloq, dastur
“Obod qishloq“ dasturi doirasida 400 dan ortiq qishloq obod bo`ladi

O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligida bo`lib o`tgan anjumanda aytilishicha 2018 yilning aprel oyidan “Obod qishloq“ dasturi doirasida 159 tumandagi 400 dan ortiq qishloq aholisining yashash sharoitini yaxshilash, bu qishloqlarda yangicha uslubda qurilish, ta`mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish, yangi ish o`rinlarini tashkil etish bo`yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda

Bu jarayonda har bir qishloqni obod qilish uchun o`rtacha 750 ming AQSh dollari miqdorida mablag` sarflanadi. Mamlakat bo`yicha ushbu ishni amalga oshirish uchun esa taxminan 17 yil muddat hamda 6 milliard AQSh dollari talab etiladi.

“Obod qishloq“ davlat dasturining ijrosi bo`yicha Jahon banki ishtirokidagi “O`zbekistonning obod qishloqlari“ loyihasini ishlab chiqish va taqdim etishda maxsus guruh faollik ko`rsatmoqda. Loyiha Farg`ona, Namangan, Andijon, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining 21 tumanidagi 400 dan ortiq qishloqda tatbiq etiladi. Talab mezonlariga ko`ra, unda tanlangan qishloqlar iqtisodiy jihatdan ortda qolgan, “Obod qishloq“, “Obod mahalla“ va “Obod markaz“ kabi dasturlarga kiritilmagani, qishloqning markazdan uzoq masofada joylashgani va toza ichimlik suvi bilan ta`minlanmagani inobatga olindi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 183,6 million AQSh dollari miqdorida bo`lib, u Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki moliyaviy ko`magida amalga oshiriladi. E`tiborli jihati, tashkil etilganiga ikki yil bo`lgan Osiyo infratuzilmaviy investisiyalar banki mamlakatimizga ilk bor sarmoya kiritmoqda. 2020-2024 yillarga mo`ljallangan loyihada nafaqat tanlangan qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash, balki uning ijrosi doirasida gender tengligi masalasi, mehnat huquqi, ya`ni hokimiyatlar va MFY a`zolariga mehnat amaliyotlari bo`yicha muntazam treninglar o`tkazish, aniqlangan har qanday holatlar bo`yicha monitoring va hisobot yuritish hamda mehnat huquqlari bo`yicha jamoatchilikni xabardor qilish, shu bilan birga, qayta aloqa tizimini joriy etish jihatlarini e`tiborga olish ko`zda tutilgan.

Vazirlikning mazkur “Obod qishloq“ dasturi ijrosi bo`yicha bergan ma`lumotiga ko`ra, 2018 yilda jami 417 qishloqda bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. 2019 yilda 478 qishloqda qurilish, ta`mirlash va obodonlashtirish ishlari bajarilmoqda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1