4 noyabrdan 5 noyabrga o`tar kechasi ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizdagi “Abu-Saxiy” bozori atrofida uysiz qolgan keksa yoshdagi onaxon ko`chada yotib kun kechirayotgani haqida videoxabar tarqaldi. Mazkur videodagi ayol taqdiri O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan o`rganildi. Qo`mita matbuot xizmati Xasan Toshxodjaev voqea tafsilotlarini bayon qildi:
“Toshkent shahar Xotin-qizlar qo`mitasi kotibiyat mudiri Malika Rasulovadan mazkur videoxabardagi voqeaning haqiqatga nechog`li mos ekanligini o`rganishini iltimos qildim.
Bugunning o`zidayoq Toshkent shahar Xotin-qizlar qo`mitasi taqdiri g`oyat chigal bu onaxon haqida aniqlangan barcha ma`lumotni qo`mita Matbuot xizmatiga taqdim etdi.
Ma`lum bo`lishicha, o`zini avvaliga Farg`ona viloyatidan, ismi-sharifini Shamsieva Klara Tajibaevna deb tanishtirgan, Farg`onada qarindoshlari, kattagina uchastkasi bor ekanligini aytgan bu ayol aslida Toshkent viloyatining Parkent tumanilik Tojiboeva Maxmuda Toshkanboevna ekan.
O`rganishlar shuni ko`rsatdiki, Tojiboeva Maxmuda Toshkanboevna 2019 yil 8 avgust kuni ham Chilonzor tumani ma`muriy sudining qaroriga binoan Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining Reabilitasiya markaziga joylashtirilgan, bu muddat tugagach esa, yana bozorlarda tilamchilik qilib, tunlari shu erlarda yotib yurgan ekan...
M.Tojiboeva darhol O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining Zo`rlik ishlatishdan jabr ko`rgan shaxslarni reabilitasiya qilish va moslashtirish hamda o`z joniga qasd qilishning oldini olish Respublika markazi qoshidagi Toshkent shahar reabilitasiya qilish va moslashtirish markaziga joylashtirildi. Bu erda ayol cho`miltirilib, unga yangi kiyim-bosh berildi, ovqatlantirildi, psixolog va tibbiyot xodimlari uning salomatligi borasida ish olib borishdi.
Bir necha soat davom etgan qidiruv ishlaridan so`ng ayolning yaqinlari topilib, ularga M.Tojiboevaning turgan joyi haqida ma`lum qilindi. Kechki soat 20lar atrofida anchadan buyon bozorlarda yotib yurgan bu ayol qarindosh-urug`lari bag`rida Parkent tumaniga kuzatib qo`yildi.
Kuyunchak yurtdoshlarimiz tufayli yana bir insonning hayoti yaxshilik tomonga o`zgardi, desak, aslo mubolag`a qilmaymiz. Shunday ekan, yon-atrofimizda yuz berayotgan voqealar hamda insonlar taqdiriga aslo befarq va loqayd bo`lmaylik!”






