Rossiyada Xitoyliklarga nisbatan bosqinchilik qilgan to`rt nafar O`zbekiston va Tojikiston fuqarolariga sud hukmi o`qildi. Bu haqda Chelyabinsk viloyati prokuraturasi ma`lum qilgan.
Ular Rossiya federasiyasi Jinoyat kodeksining 162-moddasida (Bir guruh shaxslar tomonidan qurol sifatida ishlatiladigan narsalardan foydalanib, uy-joyga noqonuniy bostirib kirish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan.
Bundan tashqari, ularning jinoiy sheriklaridan biri Rossiya federasiyasi Jinoyat kodeksining 166-moddasi (Hayot yoki sog`liq uchun xavfli zo`ravonlik tahdidi bilan sodir etilgan o`g`rilik) bo`yicha hukm qilingan.
Qayd etilishicha, jinoiy sheriklar 2018 yilning oktyabr oyida Kaslinskiy tumanida joylashgan issiqxona majmuasi hududidagi Xitoy fuqarolari yashaydigan turar joyga bostirib kirgan hamda zo`rlik ishlatib umumiy qiymati 178 500 rublga teng (2800 dollar) mol-mulkni o`g`irlagan.
Bir necha kun o`tgach, ular boshqa issiqxona majmuasiga kelgan hamda noqonuniy ravishda uyga kirib, kuch ishlatib Xitoyning ikki fuqarosiga hujum qilib, umumiy qiymati 490 500 rubl (7700 dollar ) miqdoridagi mol-mulk va pulni o`g`irlab ketgan.
Hodisa joyidan yashirinish maqsadida jinoyat ishtirokchilaridan biri issiqxona majmuasi hududida turgan VAZ-21213 (Niva) avtomobilini haydab qochgan.
Sud aybdorlarga nisbatan 8 va 9 yilgasha ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi. Ular jazoni qat`iy rejimdagi axloq tuzatish koloniyalarida o`tashi belgilandi.
Bundan tashqari, sud jabrlanuvchilarning jinoyat natijasida etkazilgan moddiy zararni mahkumlardan undirish haqidagi da`volarini qanoatlantirdi.