Andijon viloyatining Xonobod sihatgohida tibbiyot xodimlari kuni tantanali tarzda nishonlandi.
Tibbiyot sohasida samarali mehnat qilayotgan 500 nafardan ziyod shifokorlarning dam olib hordiq chiqarishlari uchun alohida e`tibor qaratildi. Shanba kunining ikkinchi yarmida Xontog`da bunyod etilayotgan dala-hovlilar, Oloviddin oromgohi va Xonobod sanatoriyasiga joylashgan shifokorlar kechga qadar miriqib xordiq chiqardilar. Shifokorlar uchun ikki kun davomida hazil-mutoyibaga boy ko`ngilochar tadbirlar, konsert dasturlari, sport musobaqalari tashkil etildi.
Bayram tadbirida tibbiyot xodimlari, davlat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik, OAVlari vakillari, madaniyat va san`at namoyandalari ishtirok etdilar.
Tadbirning tantanali qismida Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov prezident Shavkat Mirziyoevning sog`liqni saqlash sohasi xodimlariga yo`llagan bayram tabrigini o`qib eshittirdi.
Viloyat rahbari sharafli va mas`uliyatli kasb egalariga o`z ezgu tilaklarini bildirdi.
Sana munosabati bilan Prezident farmoniga ko`ra bir guruh tibbiyot xodimlariga davlat mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, soha ilg`orlariga viloyat hokimining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg`alari topshirildi. Bundan tashqari Paxtaobod tumanidagi Ozod qishloq vrachlik punktiga tez tibbiy yordam avtomashinasi sovg`a qilindi.
Tadbir davomida Andijonning erka shoir o`g`li, Vatan kuychisi Sharofiddin Boltaboevga yurtni madh etuvchi she`rlari uchun viloyat hokimining qimmatbaho sovg`asi, engil avtomashina topshirildi, deya xabar beradi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Tantanali tadbirda san`at ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi namoyish etildi.