AsosiyJamiyat

Toshkent chorrahalaridagi “Vafel chizmalar”ga izoh berildi

'Toshkent chorrahalaridagi “Vafel chizmalar”ga izoh berildi'ning rasmi

Poytaxtda kun sayin avtomobillar soni ortib borishi sababli tirbandliklar ham ko`p uchramoqda. Ushbu muammo ko`pincha chorrahalarda sabrsiz haydovchilar svetoforning yashil chirog`i o`chib-yonayotganida o`tib ketmoqchi bo`lishlari sababli yuzaga keladi. 

Ushbu muammoni hal qilish uchun Toshkent shahar IIBB YHXB YPX xodimlari poytaxt Hokimiyati bilan hamkorlikda xalqaro tajribaga asoslangan holda, sinov tariqasida shahar yo`llarida tirbandlik bilan kurashishning yangi uslubini joriy qilishdi. 

Xususan, mazkur chizmani qo`llash qarori qabul qilinishiga Singapurdagi muvaffaqiyatli tajriba sabab bo`ldi: ushbu yangilik sababli Singapur hukumati yo`llardagi holat yaxshilanishiga erishgan.

O`tgan haftaning oxirida poytaxdagi bir necha chorrahalarda yotqizilgan yangi yo`l chizmasi tashqi ko`rinishi sababli xalq tilida “vafel chizmasi” deb nomlanadi. Chizma yordamida harakat yo`nalishida tirbandlik yuzaga chiqqan holatda chiqish mumkin bo`lmagan hudud belgilab olinadi va haydovchi to`xtashga majbur bo`ladi. “Vafel chizmasi” YHQ bilan belgilangan ba`zi holatlarda o`ng yoki chap tomonga burilishni ta`qiqlamaydi, deya izohlaydi Toshkent shahar IIBB.

Chizma parallel kesishadigan sariq rangli diagonal chiziqlardan hosil bo`lgan kataklar ko`rinishiga ega. “Vafel chizmasi” mustaqil tarzda hamda chorrahaga yaqinlashish haqida ogohlantiruvchi yo`l belgisi bilan birga qo`llanilishi mumkin. 

Hozirgi vaqtda sariq rangli kataklar Nukus ko`chasining Bobur, Abdulla Qahhor, Glinka, Beshyog`och, Mirobod, Avliyo-Ota, Afrosiyob ko`chalari bilan kesishmasida – jami ettita chorrahalarda chizilgan. 

Sinov tariqasida chizilayotgan chizma tirbandliklar ko`p uchrab turadigan boshqariladigan chorrahalarda qo`llaniladi. Yaqin kunlarda poytaxtning yana 18 ta chorrahalarida, ya`ni quyidagi ko`chalar kesishmalarida “vafel chizmalari”ni tashkil etish rejalashtirilmoqda: Nukus – Taras Shevchenko, Nukus – Amir Temur, Nukus – Istiqbol, Mustaqillik – Oqqo`rg`on, Mustaqillik – Sayram (7-yo`l), Mirzo-Ulug`bek – Do`rmon yo`li, Do`rmon yo`li – Mingbuloq, Do`rmon yo`li – G`azalkent, Do`rmon yo`li – Temur Malik, Mustaqillik – Shastri, Mustaqillik – Shahrisabz, Shahrisabz – Amir Temur, Alisher Navoi – Zarafshon, Sharof Rashidov – Alisher Navoi, Sharaf Rashidov – Matbuotchilar, Sharaf Rashidov – Afrosiyob, Fidoilar – Afrosiyob, Shahrisabz – Afrosiyob.

Rejalashtirilgan ishlar yakunlangach, Toshkentdagi qamralgan chorrahalarning umumiy soni 25 tani tashkil etadi.

Eslatib o`tamiz, (O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo`l harakati qoidalarini tasdiqlash to`g`risida”gi Qarori) “Chorrahada harakatlanish” bobidagi 97-bandga muvofiq,

“Haydovchi tirbandlik tufayli majburiy to`xtab, ko`ndalang yo`nalishdagi transport vositalarining harakatlanishiga to`sqinlik tug`diradigan bo`lsa, chorraha yoki qatnov qismlari kesishmasiga kirishi taqiqlanadi”.

Bundan tashqari, fursatdan foydalanib, Yo`l harakati qoidalarining 103-bandini eslatib o`tamiz:

“Svetoforning ruxsat etuvchi ishorasi yonganda haydovchi chorraha orqali harakatlanishni tugallayotgan transport vositalari va qatnov qismidan tegishli yo`nalishda o`tishni tugallayotgan piyoda(lar)ga yo`l berishi shart”.

Ammo hozirgi vaqtda bayonnomalarni rasmiylashtirish ko`zda tutilmayapti: haydovchilarga chizmaning talablarini o`rganib chiqish uchun vaqt va unga ko`nikish uchun imkoniyat beriladi. 

Hurmatli haydovchilar! Ushbu yangilik sizga qulaylik yaratish uchun yo`lga qo`yilmoqda. Yangi talablarni hurmat qilib, ularga rioya qilishingizni so`raymiz.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar