AsosiyJamiyat

Gavhar Alimova eng muhim masalada jurnalistlardan ko`mak so`radi

'Gavhar Alimova eng muhim masalada jurnalistlardan ko`mak so`radi'ning rasmi

 

Samarqand viloyati matbuot uyida o`tkazilgan navbatdagi matbuot anjumanida viloyat hokimi o`rinbosari, xotin-qizlar qo`mitasi raisi G.Alimova O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda viloyat hamda barcha tuman va shaharlarda og`ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni reabilitasiya qilish va moslashtirish markazlari faoliyat ko`rsatmoqda. Viloyat markazi davlat ro`yxatidan o`tkazilgan holda, shahar va tuman markazlari esa jamoatchilik asosida ish olib bormoqda.

– Joriy yilning o`tgan davrida viloyatda tashkil etilgan markazlarga 668 fuqarodan murojaat tushgan, – deydi G.Alimova. – Ularning 139 nafariga tibbiy, 153 tasiga psixologik, 113 tasiga huquqiy yordam ko`rsatilgan. 66 nafar xotin-qizlarning bandligi ta`minlangan, 46 nafar xotin-qizlarga kredit olishlariga amaliy yordam ko`rsatilgan va 100 dan ortiq fuqarolarga ijtimoiy yordam berilgan. Viloyat bo`yicha 287 ta oilalar yarashtirilgan.

Yil boshidan buyon viloyatda oilaviy ajrimlar 2889 tani tashkil etib, o`tgan yilga nisbatan 267 taga kamaygan. Biroq, Paxtachi, Jomboy, Bulung`ur tumanlarida bu ko`rsatkich oshgan. Shu bilan birga, ajrim yoqasiga kelib qolgan 1646 oiladan 1171 tasi yarashtirildi. Noqonuniy nikoh asosida yashayotgan 3274 ta oiladan 3149 tasining nikohi rasmiylashtirilgan.

– Ajralishlarga asosan oiladagi muhitning yomonligi, yaqin qarindoshlar o`rtasidagi nikoh, er yoki xotinning xiyonati, qaynona-kelin o`rtasidagi kelishmovchiliklar, shar`iy nikohlar, migrasiya masalasi, internetdan maqsadsiz foydalanish, yoshlarning oilaga tayyor emasligi sabab bo`lmoqda, – dedi G.Alimova. – Umuman, juda ko`p masalalarni kengroq yoritish va bong urish lozim deb o`ylayman va bu masalada sizlardan yordam so`rayman. Sababi, viloyatda ko`p salbiy ko`rsatkichlar pasaygan bo`lishiga qaramay, xotin-qizlarning o`z huquqini bilmay, noxush vaziyatlarga duch kelayotgani juda og`riqlidir. Matbuot anjumani davomida ommaviy axborot vositalari xodimlari o`zlarini qiziqtirgan savollarga viloyat hokimi o`rinbosaridan javoblar oldi.

 

Boshqa yangiliklar