Xabaringiz bor, o`tgan hafta Kanadada bortida 7 nafar o`zbekistonlik bo`lgan engil samolyot halokatga uchradi. Ushbu holat yuzasidan TIV qo`shimcha ma`lumotlarni taqdim etdi.
O`zbekistonning Vashington shahridagi Elchixonasi ma`lumotlariga ko`ra, 2019-yil 27-noyabr kuni Kanadaning Ontario provinsiyasida asli o`zbekistonliklarni tashiyotgan samolyot halokati sodir bo`lgan joy tegishli tuzilmalar tomonidan to`liq o`rganib chiqilgan, samolyotning barcha parchalari puxta tahlil qilish uchun Toronto shahridagi maxsus tekshiruv markaziga etkazilgan. Ayni paytda Kanada ma`murlari bilan birgalikda halok bo`lganlarning jasadlarini aniqlashtirish va ularni qarindoshlariga topshirish bo`yicha ishlar olib borilmoqda.
Elchixona Kanada TIV va huquqni himoya qilish idoralari vakillari, aviahalokatda vafot etganlarning qarindoshlari va yaqinlari, Toronto shahri va Texas shtatidagi (AQSh) o`zbek diasporasi bilan yaqin aloqada bo`lib turibdi.
Bugun O`zbekiston Elchisi Javlon Vaxabov Toronto shahrida Kanada transport xavfsizligi kengashi vakillari va mahalliy tergov idoralari bilan uchrashuvlar o`tkazadi.
Elchixonaga butun dunyodan ta`ziya so`zlari etib kelmoqda. Kanadaning O`zbekistondagi Muvaqqat ishlar vakili Annik Gule barcha kanadaliklar nomidan aviafalokatda halok bo`lganlarning oila a`zolari va yaqinlariga samimiy hamdardlik bildirdi hamda har tomonlama yordam va zarur ko`mak ko`rsatishga tayyorligini tasdiqladi. AQSh va Kanadada istiqomat qiluvchi o`zbek diasporasi vakillari tomonidan O`zbekiston Elchixonasi sa`y-harakatlari har tomonlama qo`llab-quvvatlanmoqda.
Halok bo`lganlarning qarindoshlari uchun Elchixonada tezkor telefon raqami ochilgan: +1 (202) 887-5300 (ichki raqam 1), +1 (202) 251-8298 (mobil), shuningdek consul.washington@mfa.uz elektron pochta manzili.