Navoiy shahri hokimi yangi qaror chiqardi. Bu qaror shahardagi oilaviy yotoqxonalarda yashovchilarning haqli noroziligiga sabab bo`lmoqda. Bu haqda «Daryo» yozmoqda.

Ma`lum qilinishicha, endi navoiyliklar uyiga mehmon olib kelsa, mehmon uchun ham alohida pul to`laydi.
Shahar hokimligi huzuridagi oilaviy yotoqxonalarda yashovchilar bir kishilik joy (koyka) uchun 72 ming so`m to`laydi. Yotoqxonada doimiy yashovchi oilalar esa oyiga 144 ming so`mdan 450 ming so`mgacha to`lov qiladi.
— Endi uyga mehmon kelsa va mehmon uyimizda 4 soatdan ortiq qolsa, mehmon uchun ham alohida to`lov qilarkanmiz, — deydi yotoqxonada yashovchilardan biri.
Hokim qarorida ko`rsatilishicha, mehmon uchun mezbon bir kunga 3 000 so`m to`laydi.
— Ba`zilar ota-onasiga qarashga to`g`ri keladi, ba`zilar esa farzandiga. Bunday paytda juda noqulay, ortiqcha xarajat bo`lyapti. Axir farzandmiz ota-onamizga vaqtincha bo`lsa-da qarashga to`g`ri keladi, — deydi 3-yotoqxona 420-xonadonda yashovchi S. Ochilov.
Yotoqxonada yashovchilarni mehmon uchun pul to`lashga majburlash — og`ir sharoitda yashayotganlarni qiynab qo`yayotgani ta`kidlanmoqda.
— Olis tumandan qarindoshlarim tibbiy klinikaga ko`rikka kelgan edi. Ular kech kirib qolgach, biznikida qoldi. Mehmonlarimiz uchun pul to`lab keldim, o`zim yolg`iz ayolman, sharoitim og`ir, — deydi 709-xonadonda yashovchi B. Normatova.
Yotoqxonada yashovchilarning shikoyat qilishicha, yotoqxona uchun alohida to`lov amalga oshirilsa ham yashovchilar koridor, oshxona va hojatxonani yuvishga ishlatiladigan tozalash vositalari uchun pul to`lashga majbur qilinmoqda.

— Shuncha pul to`laganga yarasha yotoqxona sharoiti arzimaydi-da, — deydi aholi vakillari.
Aytilishicha, shaharning Ibn Sino ko`chasidagi 1, 2, 3-oilaviy yotoqxonalardagi lift bino qurilgan vaqtdan beri ishlamaydi. Binoning qurilganiga 50 yil bo`lgan. Liftning nosozligi tufayli 3-yotoqxonada bir kishi halok bo`lgan.
— Mazkur yotoqxonaga yangi lift o`rnatilganiga 3 yildan oshgan bo`lsa-da hali-beri ishga tushirilmagan, — deyishmoqda aholi.






