Avval xabar berganimizdek, “Ozodlik” Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`anievning ovozi deb aytilayotgan audio ostida “Farg`ona hokimi blogerning “janozasini o`qish” ni buyurdi” sarlavhali materialni e`lon qilgan edi.
Ikki kundirki muhokamalar maydonidan tushmayotgan mazkur mavzu bo`yicha viloyat Matbuot xizmatining rasmiy bayonoti berildi.
“Ozodlik” Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`anievga nisbatan navbatdagi tuhmatini e`lon qilgan. 2 dekabrda aytilgan deb iddao qilinayotgan audio yozuvdagi ovozi o`xshatilgan so`zlar biron bir selektor yig`ilishida Sh.G`aniev tomonidan aytilmagan. Sh.G`aniev jurnalist yoki blogerlarga nisbatan bosim yoki tazyiq o`tkazmagan, Quva tumani hokimiga bu haqda hech qachon tanbeh bermagan.
Audio yozuv o`xshatma ovozning qo`pol montajidan boshqa narsa emas.
Hurmatli internet foydalanuvchilari, hamkasb jurnalistlar, blogerlar! “Ozodlik”ning o`yiniga uchmang, uning tuhmatlariga ishonmang. Agar “Ozodlik”da bunday haqiqiy ovoz bo`lganida edi, u o`zi iddao qilishicha 2 dekabrdan buyon uni ushlab turmas edi.
“Ozodlik”ning kuni endi pranker (ovoz o`xshatuvchi)larga qolgan ko`rinadi”, — deyiladi rasmiy bayonotda.