2019 yil jurnalistlar uchun qanday kechdi?

Jamiyat 16.12.2019, 18:12
Teglar: jurnalist, dunyo
2019 yil jurnalistlar uchun qanday kechdi?

Jurnalistika dunyodagi eng xavfli kasblardan biri sifatida qolmoqda. Ayniqsa, avtoritar davlatlarda jurnalistlar faoliyatining xavflilik darajasi keskin ortgan. Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasining (KPJ) navbatdagi yillik hisobotida dunyo bo`ylab qamoqda o`tirgan jurnalistlar soni 250 nafar ekanligi qayd qilinadi.

Mahkumlar ichida o`zbekistonlik jurnalistlar yo`q. Ammo ruhiy kasallar shifoxonasida saqlanayotgan bloger Nafosat Olloshukurova hibsdagilar qatorida qayd qilingan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi mazkur hisobotida asosan jurnalistlarni qamash bo`yicha etakchilik qilayotgan davlatlardagi vaziyatga to`xtaladi.

Sharmandali etakchilar sifatida taqdim qilingan davlatlar safida nisbiy o`zgarishlar kuzatilgan. Bir necha yildirki bu ro`yxatda “etakchilik” qilayotgan Turkiyaning o`rnini bu yil Xitoy egallagan.

Xitoy va Turkiyadan keyingi o`rinlarda Saudiya Arabistoni, Misr, Eritreya, Vetnam va Eron turadi. Ayni paytda qamoqda qolayotgan 250 nafar jurnalistlarning asosiy qismi shu davlatlar hissasiga to`g`ri keladi.

Turkiyada o`tgan yil 68 nafar jurnalist qamoqdaligi qayd qilingan bo`lsa, bu yil bu ko`rsatkich 47 kishini tashkil etgan.

Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi buning sababini Rajab Toyyib Erdog`an hukumatida jurnalistlarga, matbuotga nisbatan ijobiy qarashlar kuzatilayotganida emas, balki so`nggi yillar davomida Turkiyada 100 ga yaqin axborot nashrlari faoliyati to`xtatilgani, ularga nisbatan terrorizm, ekstremizmga doir turli ayblovlar ilgari surilganida ko`radi. Buning natijasida o`nlab jurnalistlar ayblovlar bilan to`qnash kelgan, mamlakatni tark etishga majbur bo`lgan.

Qamoqdagi jurnalistlar soni bo`yicha etakchi o`ringa ko`tarilgan Xitoydagi vaziyat tahliliga ko`ra, mamlakatda turli ayblovlar bilan qamoqqa tashlanayotgan jurnalistlar soni muntazam o`sib bormoqda. O`tgan yil qamoqdagi jurnalistlar soni 47 kishini tashkil qilgan bo`lsa, 2019 yilda bu ko`rsatkich 48 kishiga etgan. So`nggi holat shu yil oktyabr oyida Gonkongdagi g`alayonlar haqida yozgan blogerning hibs qilinishi bilan kuzatilgan. Bloger Xuan Syuetsin ijtimoiy norozilik keltirib chiqarishga qaratilgan chiqishlarda ayblangan.

Uyg`urlar va boshqa musulmon xalqlarni mamlakatdagi jazo lagerlariga joylashtirish tajribasi keng ommalashgani ham Xitoyda qamoqqa tashlanayotgan jurnalistlar soni ko`payib borishiga xizmat qilgan. Qamoqdagi jurnalistlar orasida uyg`ur faollari, Xitoydagi “Qoshg`ar” nashriyotining bir necha xodimlari ham bor.

27 nafar jurnalist qamoqda ushlab turilgan Saudiya Arabistonidagi vaziyat OAV xodimlari ustidan yopiq jarayonlar o`tkazilgani, ularga nisbatan qiynoqlar qo`llangani ehtimoli bilan ancha xavotirli baholanadi. Ayniqsa, jurnalist Jamol Qoshiqchining o`ldirilishi bevosita Saudiya Arabistoni hukumati ishtirokida amalga oshgani maʼlum bo`lishi ortidan bu mamlakatda mustaqil jurnalist bo`lish o`ta xavfli ko`riladi.

Misrdagi matbuot erkinligi bilan bog`liq vaziyat ham achinarli. 26 jurnalist qamoqda saqlanayotgan bu mamlakatdagi vaziyat ham hukumatga nisbatan noroziliklar boshlanishi ortidan ta`qib kuchayganini ko`rsatadi.

10 dan ortiq jurnalist qamoqqa tashlangan Erondagi vaziyat ham shunga yaqin. Hukumatga nisbatan noroziliklar, mamlakatning tashqi dunyo bilan aloqalarni uzish harakatlari jurnalistlarga tazyiqlar oshirilishi bilan kuzatilgan.

Tashkilot Rossiyadagi vaziyatni ham xavotirli baholaydi. Ayniqsa, Qrim bilan bog`liq masalada. Rossiya tasarrufiga qarshi bo`lgan qrim-tatarlar bilan bog`liq vaziyatni yoritgan bir nechta jurnalistlar qamoqda saqlanmoqda.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog`istonda 2019-yilda bir nechta jurnalistlarga qarshi turli ayblovlar ilgari surilgani kuzatilgan. Mamlakatda o`tgan norozilik aksiyalari davomida jurnalistlar ham tazyiqqa olingan.

Qo`shni Tojikiston erkin matbuotga, xususan, “RFE/RL” radiosining tojik xizmatiga qo`ygan to`siqlari, jurnalistlarga akkreditasiya berishni rad etgani, mustaqil jurnalistlarga nisbatan tazyiqlarni to`xtatmagani bilan tilga olinadi.

Turkmanistonda matbuotga doir vaziyat o`ta ayanchli. Mamlakat ayovsiz senzura joriy qilingan davlatlar o`ntaligidan joy olgan. Ammo bu mamlakatda 2019 yil davomida biror jurnalist qamoqqa tashlangani kuzatilmagan.

Qirg`izistondagi vaziyatga to`xtalgan Jurnalistlarni himoya qilish qo`mitasi 2010 yilda hibsga olingan jurnalist A`zimjon Asqarov taqdiriga diqqat qaratadi.

Asqarov zudlik bilan ozod qilinishi lozimligini, Qirg`iziston sudining jurnalistga belgilangan bir umrlik qamoq jazosini o`z kuchida qoldirish qarori adolatsiz ekanligini ta`kidlaydi.

Press Emblem Campaign nodavlat tashkilotining yillik hisobotiga ko`ra, 2019 yil boshidan buyon dunyoning 26 mamlakatida 75 ommaviy axborot vositalarining xodimi o`ldirilgan, 2018 yilda 113 kishi vafot etgan. Bu 2006 yildan beri e`lon qilingan jadvalning eng kam soni.

Mutaxassislarning fikriga ko`ra, bunday dinamika rag`batlantiradi, ammo jurnalistlar xavfsizligini ta`minlash uchun hali ko`p harakatlar talab etiladi. Hisobot mualliflari ko`pchilik hibsga olingan yoki jarohatlanganini eslashadi.

2019 yilda halok bo`lgan ommaviy axborot vositalari xodimlari soni bo`yicha etakchilar quyidagilar:

Meksika – 13 kishi;

Afg`oniston va Pokiston – har biri 8 kishidan;

Suriya – 6 kishi;

Gonduras – 5 kishi;

Filippin – 4 kishi.

Shuningdek, Ukraina, Buyuk Britaniya, Hindiston, Braziliya, Gaiti, Indoneziyada va boshqa mamlakatlarda jurnalistlar o`ldirildi. 10 yil ichida esa 1 174 OAV xodimi vafot etdi.

 

Manba: "Ishonch" gazetasi

Sharhlar

"Maqtayman 200 ming so`m berasiz, bo`lmasa tanqid qilaman..." Surxondaryoda "jurnalist" qo`lga olindi

05.07.2022, 13:56

Surxondaryoda “Soxta jurnalist” aniqlandi. Bu haqda "Yangi davr" dasturida xabar berildi. Ma`lum qilinishicha, "jurnalist" o`zini Respublikadagi etakchi telekanallar muxbiri sifatida tanishtirib shantaj yo`li bilan pul olib...
Evropa yana koronavirus pandemiyasining markaziga aylandi – JSST

17.11.2021, 22:46

Evropa yana koronavirus pandemiyasining episentriga aylandi. Bu haqda Jahon sog`liqni saqlash tashkilotiga tayanib, BBC xabar berdi. Qayd etilishicha, so`nggi vaqtlarda Evropada koronavirusga chalinish va o`lim holatlari...
Bir hafta ichida dunyoda koronavirusdan vafot etganlar soni 8 foizga oshdi

03.11.2021, 18:00

Jahonni sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lum qilishicha, o`tgan hafta davomida dunyoda 3 milliondan ortiq odam koronavirusdan kasallangan. Bu haqda TASS xabar berdi.Qayd etilishicha, koronavirus tufayli 50...
Koronavirusga qarshi emlangan etakchi mamlakatlar ma`lum qilindi

01.11.2021, 19:21

Koronavirusga qarshi emlanganlar soni bo`yicha etakchi mamlakatlar ro`yxati ma`lum bo`ldi. Bu haqda TASS xabar bermoqda. Qayd etilishicha, BAA va Maltada aholining 90 foizdan ortig`i allaqachon emlangan....
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1