1

Toshkent propiskasi masalasida hamon aniq javob yo`q...

Jamiyat 19.12.2019, 10:54
Teglar: vazir, muloqot, debat
Toshkent propiskasi masalasida hamon aniq javob yo`q...

18 dekabr kuni “Zarafshon” konsert (“NAESMI Media Hall”) saroyida "Qonun ustuvorligi  va inson manfaatlarini ta`minlash – mamlakat rivoji va xalq farovonligi kafolati" mavzusida tadbir bo`ldi.

Unda Adliya vaziri Ruslan Davletov, Ichki ishlar vaziri Po`lat Bobojonov, Bosh prokuror Nig`matilla Yo`ldoshev va Oliy sud raisi Kozim Komilovlar spiker sifatida ishtirok etib, tadbirga kelgan ko`plab jurnalistlar savoliga javob berishdi.  

Ushbu ochiq muloqotda “Darakchi” muxbiri ham bir nechta savollar berdi:

— Viloyatliklarni qiynab kelayotgan “Toshkent propiskasi” muammosi qachon olib tashlanadi? Shuningdek, Poytaxtda faoliyat yuritib kelayotgan o`qituvchi va jurnalistlarga “Toshkent propiskasi” berilishini ijobiy hal qilsa bo`lmaydimi? Axir, xalqqa ta`lim-tarbiya beradigan va ular uchun zarur targ`ibot-tashviqotlarni amalga oshirib kelayotgan eng muhim ikki soha vakillari-ku.

— Bu masala juda dolzarb bo`lib turibdi. Ayni damda Toshkent propiskasi berilishi mumkin bo`lgan vazirlik va tashkilotlar ro`yhati Vazirlar Mahkamasi tasdig`i asosida tuzilgan va shu asos bilan ushbularga propiska berilmoqda. Albatta, "Toshkent propiskasi" bizning kun tartibimizda. Buni vaqti-vaqti bilan ko`rib chiqib, uni bekor qilish masalasi ham ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, jurnalist va o`qituvchilarga propiska berish haqidagi murojaatingizni ham ko`rib chiqib, buni Vazirlar Mahkamasiga etkazamiz, - dedi Ichki ishlar vaziri o`rinbosari Doniyor Toshxo`jaev. Shuningdek, bu savolga Adliya vaziri Ruslan Davletov ham o`zining munosabatini bildirdi:  

— Toshkent propiskasini berishda kasblar (o`qituvchi va jurnalist kasbi) bo`yicha yondashuv qiladigan bo`lsak, ertaga biz adashamiz va bu yondashuv noto`g`ri bo`ladi. Chunki hamma kasbning o`z o`rni bor. Avvallari ishga olish bo`yicha vaqtinchalik yoki doimiy propiskasi bor yo`qligi so`ralardi va bu bo`yicha jarimalar ham katta edi, agar ushbu talab qondirilmasa, ishga olinmasdi. Hozir esa bu cheklov olib tashlandi. Keyin, vaqtinchalik ro`yxatga qo`yish ham qanchalik qiyin edi, bu ham ancha osonlashdi, soddalashtirildi.

— Poytaxtdan uy sotib olaman degan viloyatliklar uchun Toshkent propiskasi bor fuqarolardan farqli ravishda bir necha barobar ko`p davlat boji to`lash talabi qonunchilikda bor. Bundagi sabab va muammo nimada, shuningdek, Konstitusiyamizda "barcha fuqarolar teng huquqli" deb yozilgan moddasiga bu tartib zid ekaniga qanday qaraysiz?

— Bu bojdan bizga katta pul tushmaydi. 2018 yilda bir qancha boj to`lovlarini qayta ko`rib, ularni kamaytirganmiz. Savolingiz bo`yicha aytilgan bojni ham kamaytiramiz, bunda hech qanday muammo yo`q, - deya javob berdi Ruslan Davletov.

— Sudyalarning  bir tomonlama ish ko`rishi oqibatida kelib chiqayotgan muammo va bu orqali inson huquqlari poymol etilayotgani nimadan dalolat, bu kabi holatlar yana qancha davom etishi mumkin? Misol uchun,  nohaq ishdan bo`shatilgan Matluba Mamadalievaning dalil, asos, guvohlari bo`la turib, bu bo`yicha uch marotaba bo`lgan sudda yutqazgani, mazkur sudlar adolatsiz o`tkazilayotganini ko`plab tashkilotlarga murojaat qilib chiqqachgina beshinchi sudda uning masalasi ijobiy hal etilgani va ikki yildan keyin ishga tiklangani, Fuqarolik ishlar bo`yicha O`rtachirchiq tumanlararo  sudidan xuddi shunga o`xshash holatda sudyaning bir tomonlama ish ko`rishidan norozi bo`lib bir necha yil sarson bo`lgan Orzigul Mahmudovaning boshidan o`tkazganlari shular jumlasidan.

Mazkur savolga ushbu tadbir vaqtida Oliy sud raisi Kozim Komilovdan javob bo`lmadi.

Darvoqe, yuqoridagi mavzu bo`yicha o`tkazilgan tadbir to`g`ridan-to`g`ri “Mening yurtim” va  “Sevimli” xususiy telekanalida namoyish etildi

Ushbu to`g`ridan-to`g`ri efirni kuzatgan Samarqand viloyati, Narpay tumanidan “Darakchi” gazetasining mushtariysi ancha vaqtdan beri sud-huquq masalasida asos va dalillari bo`la turib, hech qanday ijobiy echim topa olmayotganini telefon orqali murojaat qilib aytdi. Jumladan, u ushbu masala bo`yicha jurnalistik surushtiruvi qilishimizni, boisi kundan-kun adolat qaror topishida OAVning xizmatlari juda katta rol o`ynayotganini ko`rib, mazkur muammosiga yuqoridagi mas`ullarning ham e`tibor qaratishidan umidvorligini bildirdi.

Abduqodir Mo`minov, "Darakchi" muxbiri

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1