Qo`l bilan berib, oyoq bilan yugurmang, yoxud qarz berib ololmay yurimaslik uchun...

SUG'DIYONA 03.02.2015, 15:10
Qo`l bilan berib, oyoq bilan yugurmang, yoxud qarz berib ololmay yurimaslik uchun...

O`zini mulohazali sanagan har qaysi kishi yaxshi tanish bo`lmagan odamiga katta miqdorda qarz bermasligi turgan gap. Odatda bunday qarzlarni qarindoshlar yoki do`stlar so`rashadi. Shunday vaziyatlar bo`ladiki, aynan ishongan insonlaring pand berib, pulni qaytirish o`rniga qop-qop va`dalar bilan qo`yningni to`ldirishadi.

Dono xalqimiz “Qarzni qo`ling bilan berib, oyog`ing bilan olasan” deb bejiz aytmagan. Yillar davomida to`plagan tajriba bu gapning naqadar to`g`ri ekanini isbotlab turibdi. Buni qarangki, qarz haqida olgan odam emas, balki bergan odam ko`p eslar ekan.

Ishongan odamingiz ishonchingizni suiste`mol qildimi? Avvalo pulni qayta so`raganda yuzaga keladigan aybdorlik hissini bartaraf eting. Bu pul sizniki, uni peshona teringiz bilan ishlab topgansiz, demak so`rashga haqqingiz bor!

Qarzdordan qarz undirish sirlari:

  1. Kichik surishtiruv o`tkazish zarar qilmaydi. Sizdan qarzdor insonning hozirgi yashash tarzi, oilaviy holati hamda ishidagi vaziyatni o`rganish kerak. “Pulni qaytara oladimi, yo`qmi?” deb o`ylash sizga ortiqchalik qilar, biroq bu bilan qarzni qaytib kelish imkoniyatini o`rgangan bo`lasiz. Yuzma-yuz suhbat qurganingizda pul haqida gap orasida aytib o`ting. Ammo jahl qilib, qarshingizdagi kishini qo`rqitib yubormang. Keyin uni umuman topolmay qolishingiz mumkin.
  2. Vaziyatga qarab ish ko`ring. Agar surishtiruvlaringiz natijasiga ko`ra qarzdorda qarzni qaytarish uchun etarli mablag` borligi aniqlansa, aktyorlik mahoratingizni ishga soling. Moliyaviy jihatdan ahvolingiz tang ekanligini, juda qiynalib ketganingizni gapiring. Odatda rahmimiz kelganidan qo`limizdagi so`nggi chaqani ham berib yuboramiz. Vijdoni bor odam bu gaplardan keyin qarzini qaytarishi turgan gap. Ishning urush-janjalsiz bitgani yaxshi emasmi?
  3. Har kim ham o`z obro`-e`tiborini puldan ustun qo`yadi. Qarzdor sizni aldab yurgani haqida qarindosh, tanish-bilish hamda do`stlar davrasida ikki-uch marotaba aytib o`ting. Bu shunchaki ruhiy bosim bo`lib, aksariyat hollarda u yaxshigina natija beradi. To`g`ri, uni axloqsiz deb atashingiz mumkin, lekin va`dasida turmagan odobsiz o`z ishi haqida o`ylayotganmikan?
  4. Yuqoridagi tavsiyalarning birortasi foyda bermadimi? Juda qaysar va surbet kishiga qarz bergan ko`rinasiz?! Endi “B” rejasi asosida ish ko`rishga to`g`ri keladi. Birinchidan, qarzni qaytarib olishga qat`iy bel bog`laganingiz haqida ayting. Ikkinchidan, endi qarzdordan guvohlar ishtirokida qarzni qaytarish muddati ko`rsatilgan tilxat yozdirib oling yoki unga tegishli biror qimmatbaho mulkni garov sifatida berib butirishini talab qiling. Uchinchidan, (bu kamdan-kam ammo ilojsiz holatlarda amalga oshiriladi) qarzdorning sizga bergan mulkini sotishga qo`ying. To`rtinchidan, huquqni himoya qiluvchi organlarga tilxat bilan birga qarzdor ustidan ariza yozib bersa bo`ladi. Tilxat yozilgan sanasidan boshlab uch yilgacha sudga asos sifatida ko`rsatilishi mumkin.

Qarindoshlar va yaqinlarga pul berib turishdan avval yaxshilab o`ylab ko`ring, u umuman sizga qaytib kelmasligi ham mumkin. Berdingizmi?! Unda asablarni po`latdan yasang-da, sabr qiling... Qarzni qaytarib olishda do`q-po`pisadan ko`ra, aql-mulohaza  yaxshiroq ish berishini unutmang. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1